O‘zbekistonda o‘tgan yilning sentyabrida karantin sharoitida mamlakatda chet el fuqarolarining bo‘lib turishiga nisbatan o‘rnatilgan vaqtinchalik tartib 10 sentyabrdan bekor qilinadi. O‘zbekiston hukumati 30 avgust kuni bu haqdagi қарорни qabul qildi.

Eslatib o‘tamiz, pandemiya munosabati bilan karantin joriy etilgan hududda vaqtincha bo‘lish muddati tugagan xorijiy fuqarolarga, shuningdek, ularni qabul qilgan uy-joy egalari va mansabdor shaxslarga nisbatan karantin muddati tugagunga qadar hududda bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy choralar qo‘llanilmaydi.

Karantin muddati tugaganidan so‘ng O‘zbekistonga ma’lum muddatga vizasiz, elektron va turistik viza bilan kelgan xorijiy fuqarolar 30 sutka ichida «chiqish» (EXIT) vizasini rasmiylashtirmasdan respublika hududidan chiqib ketishlari lozim.

O‘zbekiston bilan vizasiz rejim joriy etilgan xorijiy davlatlar fuqarolari hamda viza asosida yashayotgan xorijiy fuqarolar karantin muddati tugagach, belgilangan tartibda uch ish kuni ichida hududiy ichki ishlar organlariga tegishli hududda vaqtinchalik bo‘lish muddatini uzaytirish masalasida ularni taklif qilgan (qabul qiladigan) jismoniy va yuridik shaxslar orqali murojaat qilishlari mumkin.

Bo‘lish muddati karantin muddati tugagan kundan boshlab uzaytiriladi.

«2021 yilning 10 sentyabriga qadar respublikamizda bo‘lib turgan chet el fuqarolari, ularni taklif qilgan jismoniy va yuridik shaxslardan O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalariga amal qilishlarini, vaqtincha ro‘yxat muddatlarini uzaytirishlarini, bo‘lish muddati tugagan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan o‘z vaqtida respublika hududidan chiqib ketishlarini so‘raymiz», — deya ma’lum qildi Toshkent IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Qosimov.

U bo‘lish qoidalari qabul qilish tartiblarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanganini eslatib o‘tdi.