Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev mudofaa vaziri Nurlan Yermekbayevning iste’fosini qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Berik Uali Facebook-sahifasida ma’lum qildi.

Nurlan Yermekbayev Qozog‘istonning Jambil viloyatidagi harbiy qism muhandislik o‘q-dorilari omborida sodir bo‘lgan yong‘in va portlashlardan keyin iste’foga chiqish haqida ariza topshirgan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 15 kishiga yetdi, deb yozmoqda Tengrinews.kz.

Avvalroq Nurlan Yermekbayev o‘zining ehtimoliy iste’fosi bo‘yicha izoh bergan edi:

«Vazir aybdor deb aytish, bu — nodonlik. O‘qimishli odamlar bilishadiki, Qurolli kuchlar, bu — shunday bir kichik davlatki, u yerda ta’lim tizimi ham, sog‘liqni saqlash tizimi ham bor. Askar tayyorlash, bu — juda murakkab mexanizm. Bir kishi hamma narsani nazorat qilib turishi imkonsiz. (…) Bizning muayyan qoidalarimiz bor — birinchi rahbar hammasi uchun javobgarlikni zimmasiga oladi. Hattoki bunda uning aybi bo‘lmasa ham, men javobgarlikni zimmamga olaman», — deya javob berdi vazir jurnalistlarning savollariga.