Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqini qutlar ekan, 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlariga to‘xtalib o‘tdi.

U so‘nggi besh yil ichida saylov qonunchiligida jiddiy o‘zgarishlar yuz berganini ta’kidladi: «Nufuzli xalqaro ekspertlar ta’kidlaganidek, yangi O‘zbekistonda saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish hamda saylovlarni o‘tkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarildi».

Bu galgi prezident saylovlari ilk bor 2019 yilning 25 iyunida qabul qilingan Saylov kodeksi asosida bo‘lib o‘tadi, deya esga oldi Shavkat Mirziyoyev.

«Bu saylov barchamiz uchun O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyoti qanday yo‘ldan boradi, farzandlarimiz, oilamiz, mamlakatimiz kelajagini qanday barpo etamiz, degan hal qiluvchi savollarga javob beradigan g‘oyat muhim siyosiy tadbirdir. Shuning uchun ushbu siyosiy jarayonga ko‘pmillatli xalqimiz ham, jahon hamjamiyati ham katta qiziqish va e’tibor bilan qaramoqda», — deya qayd etdi u.

Saylovda dunyoning 50 ga yaqin mamlakati hamda o‘nlab xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etishi kutilmoqda.

«Shu ma’noda, bo‘lg‘usi saylovlar yuksak demokratik mezonlar asosida o‘tadi hamda yangi O‘zbekiston xalqining o‘sib borayotgan siyosiy tafakkurini, ijtimoiy faolligi va madaniy saviyasini yaqqol namoyon etadi, deb ishonaman», — deya ma’lum qildi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, saylovlarda mamlakatda ro‘yxaga olingan beshta partiyadan besh nomzod: Ekologik partiyadan — Narzullo Oblomurodov, «Adolat» partiyasidan — Bahrom Abduhalimov, «Milliy tiklanish» partiyasidan — Alisher Qodirov, Xalq demokratik partiyasidan — Maqsuda Varisova, O‘zLiDeP partiyasidan — Shavkat Mirziyoyev ishtirok etadi.

25 avgust kuni Markaziy saylov komissiyasi prezident saylovlarini o‘tkazishda koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha maxsus yo‘riqnomani tasdiqladi.