2026 yilgacha O‘zbekistonda oltita kimyo-texnologik klaster barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni «Navoiyazot» korxonasiga tashrifi chog‘ida aytib o‘tdi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

O‘tgan juma kuni polivinilxlorid ishlab chiqarish zavodining ikkinchi bosqichi qurilishi boshlangan. Qiymati 400 mln dollarlik loyiha natijasida polivinilxlorid ishlab chiqarish quvvatini yiliga 100 mingdan 220 ming tonnagacha, kaustik soda miqdorini esa 75 mingdan 165 ming tonnagacha oshirish kutilmoqda.

«Navoiyazot» va Elektrokimyo zavodi bazasida birinchi integratsiyalashgan kimyo-texnologik klasterni yaratish rejalashtirilmoqda. Mazkur klaster rejalashtirilayotgan oltitaning birinchisi bo‘ladi.

Ikkinchi klaster Buxoro viloyatida joylashgan bo‘lib, u yerda tabiiy gazdan polietilentereftalat (PET), polivinilatsetat (PVS), polipropilen va boshqa polimerlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Uchinchi klaster Qashqadaryo viloyatidagi Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi va Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi bazasida quriladi. U yuvish vositalari va maishiy kimyo, bimodal polietilen va boshqa tovarlarning asosiy komponentlarini ishlab chiqaradi.

«Farg‘onaazot» bazasidagi to‘rtinchi klasterда laklar, mebel uchun melamin va to‘qimachilik sanoati uchun sintetik tolalar ishlab chiqariladi.

Beshinchi klaster Qoraqalpog‘istonda, Ustyurtda joylashgan bo‘ladi. U sodali suv, polivinilxlorid, polietilen va polipropilen ishlab chiqarishni tashkil qiladi.

Toshkent viloyatidagi oltinchi klaster monoammoniy fosfat, oltingugurtli karbamid, boshqa fosforli va azotli o‘g‘itlar, oqsil va yuvish vositalarini ishlab chiqaradi.

Mazkur loyihalarni amalga oshirish natijasida 2026 yilga kelib kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi joriy yilga nisbatan 3 barobar oshadi va 2030 yilda YAIMning 7 foizini tashkil qiladi.

«Ilgari biz asosan paxta va gaz sotardik. Endi biz chet elga sotmaymiz, o‘zimiz qayta ishlaymiz va qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqaramiz. Agar kerak bo‘lsa, biz hatto qo‘shni davlatlardan gaz sotib olamiz. Nima uchun? Korxonalar soni ortib bormoqda, ko‘proq mahsulot ishlab chiqarilmoqda», — deya ta’kidladi prezident.

2030 yilgacha umumiy quvvati 8000 MVt bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgan, bu yiliga 5 mlrd kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Bu gaz qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishda ishlatiladi.

Davlat rahbari bu boradagi yirik loyihalar uchun malakali mutaxassislar tayyorlash zarurligini ta’kidladi.

Buning uchun Toshkentning Ulug‘bek shaharchasida kimyo sohasida ilmiy va o‘quv klasteri tashkil etiladi. Bu klasterga to‘rtta universitet va kimyo bo‘yicha ilmiy markaz kiradi.

Gaz eksportini to‘xtatish rejasi haqida ilk bor bosh vazir Abdulla Aripov 2020 yil yanvarida ma’lum qilgan edi. Hukumat rahbarining ta’kidlashicha, 2025 yilga kelib tabiiy gaz eksportini to‘xtatish va uni mamlakat ichida to‘liq qayta ishlash, shuningdek, qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish choralari ko‘riladi.

Shavkat Mirziyoyev avgust oyi boshida faqat shu yilning o‘zida O‘zbekiston 917 million kub metr gaz import qilganini bildirgandi. «Bu katta raqam. Ikkinchidan, biz chet el valyutasi hisobiga import qilamiz. Kelajakda nima bo‘ladi?» — degan edi u. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi uch yilda neft-gaz sektoriga ajratilgan 1,4 milliard dollar o‘zini oqlamagan.