O‘zbekiston prezizenti Shavkat Mirziyoyev 25 avgust kuni «Investitsiya loyihalarini tashqi infratuzilma bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi қарорни imzoladi.

Hujjatga muvofiq, 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab investorning qiymati 200 milliard so‘mdan oshadigan, uning o‘z mablag‘lari ulushi 25 foizdan kam bo‘lmagan, investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalarini zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Shunday tartib o‘rnatiladi, unga muvofiq qiymati 200 milliard so‘mdan oshadigan investitsiya loyihalari doirasida:

  • byudjet ssudasi mablag‘lari elektr energiyasi tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari uchun «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJlarga, tabiiy gaz tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari uchun «O‘ztransgaz» AJ va «Hududgazta’minot» AJlarga ajratiladi;
  • avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya bosh boshqarmalari huzuridagi avtomobil yo‘llarini rivojlantirish jamg‘armalari hisobidan amalga oshiriladi.

20 avgust kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvda prezident 3000 ga yaqin tadbirkorlar o‘z murojaatlarida infratuzilmalar bilan bog‘liq muammolarni ko‘tarib chiqqanini qayd etgan edi. Xususan, Sirdaryodagi «Guliston gold yarn» korxonasi uzoq vaqtdan buyon elektr tarmoqlarga ulana olmayapti. Kichik yordam bo‘lsa, kompaniya 600 ta doimiy yangi ish o‘rni ochishga tayyor.

Prezident 2022 yil 1 yanvardan boshlab, qiymati 200 mlrd so‘mga teng loyihalar bo‘yicha elektr, tabiiy gaz, suv tarmoqlari va yo‘l infratuzilmasini yetkazib berish to‘liq davlatning zimmasida bo‘lishini ma’lum qildi. Bunga qadar mazkur imtiyoz faqatgina qiymati 50 mln dollardan ziyod bo‘lgan chet ellik investorlar loyihalari uchun taqdim etilgan.

Bundan tashqari, kelgusi 2 yilda respublika bo‘yicha qo‘shimcha 200 ta sanoat zonalari tashkil etiladi. Ularning har biriga kamida 15 ta korxonani joylashtirish mo‘ljallanib, elektr, tabiiy gaz, suv tarmoqlari va yo‘l infratuzilmasi yetkazib berish to‘liq davlatning zimmasida bo‘ladi. Ushbu maqsadlar uchun, 2022 yilda byudjetdan 2 trln so‘m mablag‘ ajratiladi.