«Shimoliy alyans» rahbari marhum Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li, ayni damda Panjsher viloyatida to‘plangan toliblarga qarshilik kuchlarining yetakchisi Ahmad Mas’ud Rossiyaning RBK nashriga intervyu berdi. Ahmad Mas’ud ittifoqdoshlari qanchaligi va Afg‘oniston kelajagini qanday ko‘rayotgani haqida so‘zlab bergan. «Gazeta.uz» intervyuning tarjimasini e’tiboringizga taqdim qiladi.

Biz muloqotga tayyormiz

— Ciz hozir qayerda ekanligingizni ayta olasizmi? Panjsherdamisiz?

— Ha, men Panjsherdagi uyimdaman.

— Hozir siz bilan qancha odam bor, jangchilar soni qancha?

— Minglab odamlar kurashishni istaydi va ular (jangga) tayyor, aynan qanchaligini aytish qiyin, ammo butun vodiy jangga tayyor.

— Vaziyat qanday? Toliblar bilan janglar yoki qandaydir qurolli to‘qnashuvlar ketyaptimi?

— Hozircha yo‘q. Biz o‘z kuchlarimizni tiyib turibmiz. Ikki tomon ham muzokaralar boshlashga urinmoqda, biroq shu bilan birga, harbiy variantga ham tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Hozirda vaziyat shunday. Biz tinchlik jarayoni boshlanishiga umid qilamiz, agar muzokaralar amalga oshsa, biz ularga imkon berishimiz kerak. Biz muloqotga tayyormiz. Biz tinchlikka imkon berishga ham tayyormiz. Umid qilamizki, boshqa mamlakatlar — bizning qo‘shnilarimiz, mintaqadagi derjavalar — vaziyatga aralashadi va muzokaralarni boshlashi uchun «Tolibon»ga bosim o‘tkazadi. Chunki men tinchlik muzokaralari — yagona to‘g‘ri yo‘l ekanligiga chindan ham ishonaman. Ammo ayni vaqt Panjsher vodiysida bir qancha harbiy manyovrlar va tayyorgarlik ishlari olib borilgani bois biz o‘zimizni himoya qilishga, ularga qarshilik ko‘rsatishga ham tayyormiz.

— Boshqa tomon Panjsherga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘ryaptimi yoki qandaydir hodisalar yuz berib ulgurdimi?

— Hozircha ular faqat tayyorlanmoqda va ular nimagadir tayyorlanayotgani haqida ma’lumotlar mavjud, ammo hech qanday harakat sodir bo‘lmayapti.

— Siz tinchlik muzokaralariga tayyorligingiz va buni xohlayotganingizni aytdingiz. «Tolibon» muzokaralarga tayyormi?

— Gap shundaki, ular gapirayotgan va qilayotgan ishi — bu ikkita turli xil narsadir. Ular muzokaralarga tayyor ekanligini aytishmoqda va ochig‘ini aytganda bu bizni ham ruhlantiryapti. Umid qilamizki, ular o‘z so‘zlariga sodiq qolishadi. Biz ham muzokaralarga tayyormiz, chunki Afg‘onistonga so‘nggi 20 yilda va umuman so‘nggi ellik yillikdagi urushlar yetarli bo‘ldi. Shunday ekan bizga tinchlik kerak va biz gaplashib olishimiz zarur. Ammo yerda sodir bo‘layotgan narsalar — harbiy harakatlar davom etayotgani tinchlik bo‘lishiga shubhamizni oshirmoqda.

— Kelgusi vaziyat keskinlashuvi va toliblar bilan to‘qnashuv ehtimoli qanchalik yuqori?

— Men ellikka ellik — degan bo‘lar edim. Ehtimol, tinchlik muzokaralari o‘z natijasini berar, lekin harbiy qarama-qarshilik ham ro‘y berishi mumkin.

Meni hech kim hech qayerga taklif qilmadi

— G‘arb OAV manbalarining xabar berishicha, toliblar sizga o‘z g‘oyasiga ko‘ra mamlakatni boshqaruvchi kengashga kirishni taklif qilishgan. Shu to‘g‘rimi?

— Hozircha hech narsa tasdiqlanmadi, bular faqat mish-mish, meni hech kim hech qayerga taklif qilmadi. Ammo mening qarshiligim, mening kurashim va mening murojaatim shundaki, menga o‘zim uchun joy topishning o‘zi yetarli emas, Afg‘oniston uchun yechim topish kerak. Chunki oxir-oqibat «Tolibon» o‘z hukumatini shakllantirgan taqdirda ham, biz kurashdan voz kechsak ham — Afg‘oniston uchun bu yechim bo‘la olmaydi.

Biz o‘tmishizdan kelib chiqib boshqalarni inkor qilgan holda hukumat shakllantirib bo‘lmasligini tushuntirishni istaymiz — bu ish bermaydi. Afg‘onistonga barcha manfaatdor tomonlar ishtirokidagi hukumat zarur va bu oldinga harakatlanishning yagona yo‘li. Biz butun Afg‘onistonni ifodalash, yechim qanday bo‘lishi va qanday qilib oldinga intilish mumkinligi haqida gapirmoqchimiz.

Eng muhimi — inklyuzivlik. Agar barcha tomonlar ishtirokidagi hukumat tuzilsa, shundagina biz kelajakka umid bilan boqishimiz mumkin. Agar bunday bo‘lmasa, bu davlat qurish uchun yana bir muvaffaqiyatsiz urinishga aylanadi. Afg‘oniston yana muammolar girdobiga tushib qoladi, muammolar ortidan yangi muammolar yuzaga kelaveradi. Biz Afg‘onistonni qutqarmoqchimiz, biz afg‘onlarga eski xatolarni yana va yana takrorlamasligi uchun yordam bermoqchimiz. Afg‘onistonda davlat qurish mumkin, biz ularga agar har kim o‘zini hokimiyat strukturasida ko‘ra olsa, buning imkoni borligini tushuntirmoqchimiz.

— «Tolibon» yetakchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalaringiz bormi?

— Ha, men ular bilan bir necha bor gaplashdim. Men ularga qanday yechimni ko‘rayotganimni aytdim.

— Kim bilan?

— Men harbiy va siyosiy rahbariyat vakillari bilan gaplashdim.

— Siz «Tolibon» yetakchilari, xususan harbiy rahbariyat bilan suhbatlashganingizni aytyapsiz. Abdul G‘ani Barodar bilan ham muloqot qildingizmi?

— Hozircha yo‘q. Ammo, biz tez orada muloqot qilishimiz mumkin.

— Kengashga taklif qilishsa kirasizmi?

— Bu mening qarorim emas, men o‘z odamlarim bilan gaplashishim kerak bo‘ladi. Men bu ishlarni o‘zim uchun qilmayapman.

Moskva yordam berishi mumkin

— Rossiya rasmiy vakillaridan kimdir bilan aloqaga chiqdingizmi?

— Hali yo‘q. Ammo men umid qilamanki, bunga imkon bo‘ladi. Sababi Rossiyaning Afg‘onistondagi xavfsizlik holati va siyosiy vaziyatdan xavotirlari bor. Umid qilamanki, ular siyosiy jihatdan aralashadi va zo‘ravonlik avj olishining oldini olishga ko‘maklashadi. Bundan ular ham manfaatdor, sababi bu yerda ekstremistik mafkura yoyilsa, u butun Markaziy Osiyo va Rossiya janubida ham alangalanib ketadi, oqibatda ekstremizm kuchaya boshlaydi.

«Tolibon» Kobulni olganida dunyo bo‘ylab ko‘plab guruhlar ularni tabriklagani guvohiga aylandik va endi ular o‘zining a’zolariga buni namuna sifatida ko‘rsatyapti, ular ham shunday natijalarga erishishii mumkinligini aytishmoqda. Shunday ekan, bularning barchasi zo‘ravonliklar keskin oshishi va Markaziy Osiyoga kirishni yoki Rossiya janubidagi vaziyatni beqarorlashini xohlovchi yangidan yangi terrorchilar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Vaziyatga aralashish va bu yerda inklyuziv hukumat tuzishga ko‘maklashish — ularning manfaatlari doirasidagi ish ekanligiga ishonchim komil.

— Rossiya faolroq bo‘lishi kerak deganda aynan nimani nazarda tutayapsiz?

— Men o‘ylaymanki, Moskva biz va «Tolibon» o‘rtasida favqulodda tinchlik muzokaralari o‘tkazish va ularni bunga ko‘ndirishda yordam berishi mumkin. Bu ularning qo‘lidan keladigan yordam.

Biz izolyatsiyada yashashni istamaymiz

— Nima sababdan Afg‘oniston uchun «Tolibon»ning boshqaruvi to‘g‘ri kelmaydi?

— Biz Afg‘oniston mintaqaviy derjavalar va dunyoning boshqa davlatlari tan olmaydigan davlat bo‘lishini istamaymiz. Biz Afg‘oniston fuqarolari jabr ko‘radigan izolyatsiyadagi davlat bo‘lib qolishni xohlamaymiz. Biz ham Afg‘onistonda ham uning tashqarisida bir-birimiz bilan do‘stona yashash imkonini bermaydigan hukumatni istamaymiz. Biz qarshilik ko‘rsatishimiz va salbiy ssenariylar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz uchun kuch beradigan qator savollar va xavotirlar mavjud.

Afsuski, «Tolibon»ning harakatlari ular inklyuzivlik, tolerantlik, inson va ayollar huquqlari tarafdori emasligini, ular demokratik qadriyatlarni baham ko‘rmasliklarini ko‘rsatmoqda. Bular xalqaro hamjamiyat hukumatni tan olishi uchun muhim hisoblangan jihatlardir. Va bu biz uchun ham muammo, buni qabul qila olmaymiz. Biz izolyatsiyada yashashni xohlamaymiz, biz mintaqa va dunyo bilan yaxshi munosabatlar o‘rnata olmaydigan hukumatni qabul qila olmaymiz. Bundan tashqari, biz o‘z xalqining huquqlarini inkor etuvchi hukumatni qabul qilishimiz ham mumkin emas.

— Inson huquqlariga rioya etilishi nuqtayi nazaridan «Tolibon» 1990-yillar bilan solishtirganda o‘zgarganmi?

— Ular o‘zgarganliklari haqida aytishga urinishyapti. Ammo, afsuski, aslida bunday emasligini isbotlovchi dalillar bor. Qandahordan G‘azni va Kobulgacha vaziyat bir xil (so‘nggi hafta davomida Afg‘oniston bo‘ylab musiqa eshitishga qo‘yilgan taqiqlar, tinch namoyishchilarning o‘qqa tutilishi va G‘ani hukumati davridagi harbiy boshliqlarning qatl qilinayotgani haqida xabarlar kelmoqda — RBK). Ular o‘zgarmaganini ko‘rsatuvchi ko‘plab dalillar bor. Ammo bizda hamon umid bor. Biz ular faqat tilda emas, amalda ham o‘zgarganliklarini ko‘rsatishlarini xohlaymiz. Misol uchun, biz bilan muzokaralar o‘tkazishni. Ular barcha manfaatdor tomonlar ishtirokidagi hukumat xohlayotganligini, Afg‘oniston kelajagining to‘liq emas, balki bir qismi bo‘lishini istayotganlarini aytishini xohlaymiz.

— Ozchilik o‘zbeklar va Abdul-Rashid Do‘stum oilasi qarshilik kuchlariga qo‘shilgani rostmi?

— Bizning qarshiligimiz oldiga qo‘yilgan vazifa faqat Panjsherni himoya qilishdan iborat emas. Biz butun Afg‘oniston va Panjsherni ifoda etamiz. Biz butun mamlakat nomidan himoyalanayapmiz. Afsuski, hozir tinchlik, hududiy yaxlitlik, suverenitet, mustaqillik taqdiri boshqa tomonlar qo‘lida bo‘lib qoldi. Men so‘nggi kunlarda Do‘stum va boshqa yetakchilar bilan gaplashdim. Ular juda ruhlantirib, umid bag‘ishlab, har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorliklarini — ular har qaysi vaziyatda ham men bilan ekanliklarini aytishdi. Agar tinchlik muzokaralari boshlansa — ushbu yetakchilar va «Tolibon» o‘rtasida ham tinchlik bo‘lishi lozim, agar qarshi kurashish va urush bo‘lsa — ular ham jangga kirishadi.

— Siz Tojikiston yoki boshqa har qanday chet el davlatidan harbiy yordam olayapsizmi?

— Yo‘q. Biz qandaydir yordam yoki qurol olganimiz haqida ko‘plab mish-mishlar bor. Biroq, afsuski, bugungi kunda biror davlat afg‘on qarshilik kuchlariga yordam ko‘rsatmayapti. Bizda nimaiki bo‘lsa — bu faqat shu vaqtgacha Afg‘oniston xalqida bo‘lganlaridan iborat.

— Siz o‘zingiz so‘nggi bir necha kun davomida muloqot qilgan muxolifat yetakchilari nomlarini ayta olasizmi?

— Albatta, men marshal Abdulrashid Do‘stum, Atto Muhammad Nur, Ismoil Xon, Abdulla Rasul Sayyaf, Hazrat Ali va boshqalar bilan — ayni vaqtda Kobulda uy qamog‘iga o‘xshash holatda bo‘lgan Hamid Karzay, Abdulla Abdulla bilan gaplashdim. Men ko‘pchilik bilan muloqot qildim.

— Sizning fikringizcha, nima uchun G‘ani rejimi bu qadar tez quladi?

— Sabablar ko‘p, bu kutilgan edi. Men hukumatning o‘zim tanish bo‘lgan har bir vakili bilan gaplashdim, barcha xorijlik vakillar bilan ham gaplashdim — elchilardan tortib amerikalik generallargacha va elchi Xalilzod [AQSh prezidentining tinchlik muzokaralaridagi maxsus vakili] bilan ham Afg‘onistonning qurilishi, mamlakatda qanday siyosiy muammolar borligi xususida suhbatlashdim.

Men [amerikaliklar] olib ketilgach, Afg‘oniston bir necha oy uyoqda tursin, bir necha hafta ham turib bera olmasligini aytgan edim. Ularning taxminlariga ko‘ra, hukumat ikki yilgacha saqlanib turishi kerak edi. Hatto men ham haq bo‘lib chiqmadim. Bu tez sodir bo‘lganining sabablari — korrupsiya, xudbinlik siyosati hamda ular va xalq o‘rtasidagi ulkan, vayronkor jarlik. Yana bitta sabab shundaki, afg‘on armiyasi Amerikaning shartnoma asosidagi askarlari va uning ko‘magiga uzoq vaqt davomida bog‘lanib qolganki, ularsiz u faoliyat ko‘rsata olmay qolgan. Ularning (amerikalik harbiylar — RBK) tez chiqib ketishi qo‘llab-quvvatlash, ta’minot va qo‘mondonlikda vakuum hosil qilgan — va armiyada sarosima boshlangan, jangovar ruh tushib ketgan va bularning barchasi shunday tartibsizliklarga olib keldi.

— «Tolibon» boshqaruvidagi davlatda yashashni xohlamayotgan va mamlakatdan chiqib keta olmayotganlarni qanday himoya qilish mumkin?

— Masala shundaki, Panjsher vodiysi — xavfsiz hudud. Xalqaro hamjamiyat, mintaqaviy derjavalar, shu jumladan Rossiya «Tolibon»ga bosim o‘tkazib, Afg‘onistonni tark etolmaganlar uchun uni bufer zonaga aylantirishi mumkin. Bu tinchlik muzokaralari biror natijaga olib kelmagunicha ular qolishi mumkin bo‘lgan erkin hududga aylanishi mumkin edi. Ular bu yerda tinchlik va hamjihatlikda yashashlari mumkin. Bu bizda mavjud imkoniyatlardan biri. Shuningdek, menimcha «Tolibon» odamlar nega va nimadan qochayotganini anglashi kerak. Bu «Tolibon»ni uyg‘otuvchi signal bo‘lishiga ishonaman. Ular (toliblar — RBK) o‘zgarishi kerak, odamlar qochishni istamaydigan hukumat tuzishlari kerakligini tushunib yetishlari lozim. Odamlarning qochishi ular juda qo‘rqayotganini va hozirgi vaziyat yoqmayotganini ko‘rsatadi.

Kichik Ahmad Mas’ud 1989 yilda tug‘ilgan. Otasi, Shimoliy alyans rahbari Ahmad Shoh Mas’udni jurnalistlar qiyofasida qarorgohga kelgan ikki jangari o‘ldirganida u atigi 12 yoshda edi. Bu hodisa «Al-Qoida»ning 2001 yil 11 sentabrda AQShda amalga oshirgan teraktlaridan ikki kun oldin sodir bo‘lgan. AQShdagi terakt 3 mingdan ortiq inson hayotiga zomin bo‘lib, Amerika tarixidagi eng yirik teraktga aylangan. AQSh va uning ittifoqchilari Afg‘onistonga bostirib kirishiga bu mamlakatni 1996 yildan beri boshqarib kelgan «Tolibon» «Al-Qoida» rahbarlariga boshpana berganini sabab qilib ko‘rsatgan. Oradan 20 yil o‘tib AQSh va NATO Afg‘onistondan o‘z harbiylarini olib chiqishni yakunlamoqda, oqibatda mamlakatning deyarli butun hududi toliblar qo‘liga o‘tdi.

Kichik Ahmad Mas’ud Erondagi maktabni tamomlagan. Oliy ta’limni Buyuk Britaniyada olgan. Avvaliga bir yil Sandherstdagi Qirollik harbiy akademiyasida o‘qigan, keyin King`s College`da harbiy ishlarni o‘rgangan, undan keyin esa London shahri universitetida (City, University of London) xalqaro munosabatlarni o‘rgangan.

Afg‘onistonga 2016 yilda qaytgan, 2019 yilda esa rasman otasining merosxo‘riga aylangan. Tantanali marosim Panjsher vodiysida o‘tkazilgan edi.