«Tolibon» harakati Afg‘onistonni boshqarish uchun 12 kishidan iborat kengash tashkil etishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi RIA Novosti Foreign Policy nashriga tayanib.

Toliblarning siyosiy idorasi rahbari mulla Abdul G‘ani Birodar, mulla Muhammad Yaqub, harakat asoschisining o‘g‘li mulla Muhammad Umar, shuningdek, «Haqqoniy tarmog‘i» a’zosi Xalil al-Rahmon Haqqoniy kengash tarkibidan o‘rin oladi.

Birodar va Yaqubga yaqin manba ular kengashga Ahmad Masud — 20 yil muqaddam toliblarga qarshilik qilgan «Shimoliy alyans» yetakchisi Ahmad Shox Masudning o‘g‘lini ham kiritmoqchiligini ma’lum qildi. O‘z navbatida, nashr Panjsherda toliblarga qarshilik qilayotgan kuchlarga rahbarlik qilayotgan Masudning kiritilishi kengashga kiritilish ehtimolini past deb hisoblamoqda.

Jurnal manbalari ma’lumotlariga ko‘ra, avvalgi ma’muriyatning ayrim a’zolariga ham o‘z tanlovlariga ko‘ra vazirliklarni boshqarish taklif qilingan.

«Gazeta.uz» avvalroq Afg‘onistonda nazoratni qo‘lga kiritgan «Tolibon» harakatini boshqarayotgan yetakchilarning kimligi va ular haqida nimalar ma’lumligi haqida yozgan edi.