23 avgust kuni O‘zbekiston prezidentining «Surxondaryo viloyatida qulay investitsiya muhitini yaratish, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rag‘batlantirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-5228 sonli qarori e’lon qilindi.

Qarorga muvofiq, hududda kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rag‘batlantirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hamda ularning eksportini qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish bo‘yicha «mahallabay» ishlash tizimining samaradorligini oshirish maqsadlarida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 100 mln AQSh dollar ekvivalentidagi va 50 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘, shuningdek, xalqaro moliya institutlaridan qo‘shimcha jalb qilinayotgan qarz mablag‘lari hisobidan 50 mln dollar ekvivalentidagi mablag‘ yo‘naltiriladi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ajratilgan mablag‘lar quyidagicha taqsimlanishi belgilangan:

100 mln AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘
Hududda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida
Shu jumladan:

30 mln AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘
«Bir mahalla — bir mahsulot» tamoyili asosida amalga oshiriladigan loyihalarni kreditlash uchun
«Milliy bank» AJga va ushbu bank tomonidan boshqa tijorat banklariga moliyaviy resurs ajratish orqali
3 yillik imtiyozli davr, yillik 10% («Milliy bank» AJ tadbirkorlik subyektlariga Markaziy bankning asosiy stavkasiga teng) stavkada 7 yilga
10 mln AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘
Viloyatda limonchilik loyihalarini moliyalashtirish uchun
60 mln AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘
Ijtimoiy iqtisodiy rivojlanish darajasi past va ishsizlik darajasi nisbatan yuqori bo‘lgan mahallalarda «yetakchi» tadbirkorlik subyektlarining loyihalarini moliyalashtirish uchun
«Milliy bank» AJga va ushbu bank tomonidan boshqa tijorat banklariga moliyaviy resurs ajratish orqali
3 yillik imtiyozli davr, yillik 7% stavkada 7 yilga
Har bir mahalla uchun 2 mlrd so‘mgacha
50 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar
Import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari moliyalashtirish, zarur infratuzilmani yaratish va eksportyorlarni aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash uchun
«Milliy bank» AJga va ushbu bank tomonidan boshqa tijorat banklariga moliyaviy resurs ajratish orqali
3 yillik imtiyozli davr, yillik 2,5% stavkada 10 yilga

Qarorda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan xalqaro institutlardan qo‘shimcha ravishda jalb qilinayotgan 50 mln AQSh dollari ekvivalentidagi qarz mablag‘lari hisobiga viloyatda 2021−2022 yillarda tashkil etiladigan zamonaviy issiqxona loyihalarining moliyalashtirilishi qayd etilgan.

Shuningdek, mazkur qarorga muvofiq hududda ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyat yuritadigan tadbirkorlik subyektlari bir qator soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilinishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, 20 avgust kuni davlat rahbari mamlakat tadbirkorlari bilan ochiq muloqot vaqtida qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish uchun tadbirkorlarga qator imtiyozlar taqdim etilishini ma’lum qilgan edi.