Xalqaro giyohvandlikka va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurash kuni munosabati bilan Davlat xavfsizlik xizmati 24 avgust kuni respublika huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan noqonuniy muomaladan musodara qilingan giyohvandlik vositalarini yo‘q qilish bo‘yicha tadbir o‘tkazdi. Tadbirda 1 tonna 350 kgga yaqin giyohvandlik vositalari yoqib yuborildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda giyohvandlik bilan bog‘liq vaziyatning rivojlanishiga Afg‘onistonda giyohvand moddalarni ishlab chiqarayotgani ta’sir ko‘rsatmoqda. Xalqaro ekspertlar ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda Afg‘onistonda ko‘knor yetishtiriladigan maydonlar 224 ming gektarni, ishlab chiqarilgan opiy miqdori — 6,3 ming tonnani tashkil etgan. Shu bilan birga, Afg‘onistonning ayrim provinsiyalarida ko‘knor hosildorligining oshishi kuzatilgan.

Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq 6032 (5026) ta, ya’ni avvalgi yilga nisbatan 20 foiz ko‘proq jinoyat fosh etilgan.

Ulardan 1814 (1701) tasi narkotik moddarni o‘tkazish-sotish, 304 (395) tasi kontrabanda, 1521 (1064) tasi taqiqlangan o‘simliklarni yetishtirish, 49 (43) tasi bangixonalar tashkil etish bilan bog‘liq bo‘lsa, boshqa turdagi narkojinoyatlar 2344 (1823) tani tashkil etgan.

Respublikada noqonuniy muomaladan 1 tonna 542,6 kg (1 tonna 200,5 kg) yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28,5 foizga ko‘p narkotik moddalar musodara qilindi. Ularning 28,4 (40,9) kg — geroin, 124,1 (224,6) kg — opiy, 323,9 (111,6) kg — gashish, 692,8 (736, 4) kg — marixuana, 279,4 (0) gr — kokain, 1229,7 (194,1) gr — sintetik narkotik moddalar, 446,98 (0) gr — boshqa narkotik moddalar (eutilon — amfetamin guruhiga oid etilon narkotik moddasining analogi, metamfematin, mefedron, LSD (lizergin kislotasi) va boshqa turdagi narkotik moddalar) va 19, 96 (23,8) kg — tarkibida narkotik moddalar bo‘lgan dori vositalaridir.

O‘zbekiston hududida 2020 yilda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq 53 (105) ta holatda 55 (108) nafar chet el fuqarolari ushlangan. Ular Afg‘oniston — 23 (33), Tojikiston — 9 (26), Qozog‘iston — 9 (18), Qirg‘iziston — 6 (10), Rossiya — 6 (10), Moldova — 2 (1) fuqarolari bo‘lib, jami 303,2 (129,6) kg giyohvandlik vositalari musodara qilingan.

«Qora dori — 2020» tadbiri davomida jami 973 (706) ta holatda 5737 (3226) kv.m. maydonda tarkibida narkotik moddalar bo‘lgan o‘simliklar, shu jumladan, 3251 (2132) kv.m — ko‘knor, 2486 (1094) kv.m — nasha ekinlari yetishtirilayotgani aniqlangan.

O‘zbekiston giyohvand moddalarni nazorat qilish sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish ishlari davom ettirmoqda.

2020 yil sentyabr oyida Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi va IIVning Bosh ekspert-kriminalistika markazi laboratoriyalari ISO/IEC 17025:2019 xalqaro standart sertifikatlarini oldi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil mart oyida BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik boshqarmasi Markaziy Osiyo mintaqaviy idorasi Yaponiya hukumati ko‘magida giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish uchun O‘zbekistondagi chegaraviy hamkorlik idoralai va idoralararo mobil guruhlarni qo‘llab -quvvatlashga 674 ming dollarlik uskunalarni topshirgan edi.

May oyida O‘zbekiston-Tojikiston chegarasida giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish uchun ikkita chegaraviy hamkorlik idorasi ochildi.

Foto