Vashington universitetining Sent-Luisdagi Tibbiyot maktabi (AQSh) olimlari koronavirusning ma’lum bo‘lgan barcha mutatsiyalarini zararsizlantira oladigan antitanachani aniqladilar. Tadqiqot natijalari OTM rasmiy portalida e’lon qilindi, deya xabar berdi RIA Novosti.

Tadqiqotchilar 43 ta namunani o‘rganib, Petri chashkasidagi SARS-CoV-2 dastlabki namunasini yuqtirishning oldini olishga qanchalik qodir ekanliklarini tahlil qilishdi. So‘ngra eng kuchli zararsizlantiruvchi 10 ta zarrachalar guruhi kemiruvchilarda sinovdan o‘tkazilib, eng samaralilari tanlab olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, SARS2−38 antitanachasi koronavirusning keng tarqalgan «alfa», «beta», «gamma», «delta», «kappa», «yota» shtamlari va noyob mutatsiyalariga qarshi kurasha oladi.

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, SARS2−38 virusning spayk oqsilining o‘zgarishsiz qolayotgan qismiga kirib bora oladi. Antitanachaning noyob xususiyatlari past konsentratsiyada yuqori darajada zararsizlantira olishi hamda infeksiyaning barcha qo‘zg‘atuvchilariga ta’sir ko‘rsatishidan iborat.

Mazkur antitanachani «virus juda qiyinchilik bilan qarshilik ko‘rsatadigan» aralash terapiyani amalga oshirish uchun boshqa antitanachalar bilan birgalikda qo‘llash rejalashtirilmoqda.

Antitanachalarning saqlanish muddatlari

SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi antitanacha kasallikdan so‘ng yetti oy davomida barcha qoladi yoki hattoki ortishi mumkin. Nature Comunications jurnalida chop etilgan tadqiqot mualliflari shunday xulosaga keldilar.

Barselona global salomatlik institutida (ISGlobal) o‘tkazilgan tadqiqotda COVID-19 kasalligini alomatlarsiz yoki yengil shaklda o‘tkazgan 578 kishi ishtirok etdi. Kasallikdan yetti oy o‘tganidan so‘ng ulardan qon namunasi olinib, SARS-CoV-2ning 6 ta antigeniga qarshi IgA, IgM va IgG antitanachalari darajasi va turlari, shuningdek, odamlarda shamollashni keltirib chiqaradigan to‘rtta koronavirusga qarshi antitanachalar mavjudligi tekshirildi.

Mualliflar ishtirokchilar yoshi va jinsidan qat’i nazar, antitanachalar soni barqaror qolishini isbotlay oldilar. Sinov jarayonida shamollashni keltirib chiqaradigan boshqa koronaviruslarga (HcoV) qarshi antitanachalar COVID-19dan ham munosib himoya qila olishi isbotlandi. Shu bilan birga, SARS-CoV-2 bilan og‘irroq kasallangan insonlarda HcoV antitanachalari miqdori pastligi, COVID-19 bilan alomatlarsiz kasallanganlarda esa yuqori ekani ma’lum bo‘ldi.