Polsha Belarus bilan chegara hududida 2,5 metrli devor barpo etadi

Bu haqda respublika mudofaa vaziri Mariush Blaak Twitter’da ma’lum qildi. «Belarus bilan chegarada balandligi 2,5 metr bo‘lgan yangi mustahkam devor paydo bo‘ladi», deb yozdi vazir. Uning so‘zlariga ko‘ra, «yanada ko‘proq askar chegarachilarga yordam beradi». Hozirda mingga yaqin harbiy xizmatchi jalb qilingan.

Blaakning yozishicha, hozirda Polsha armiyasi Belarus bilan chegarani yopmoqda. «Askarlar chegara chizig‘ida 100 km dan ortiq uzunlikda to‘siqlar o‘rnatgan. Yana 50 km o‘rnatiladi», deya ma’lum qilmoqda vazir.

Foto: twitter.com/mblaszczak/

Polsha IIV ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyining boshidan buyon Belarus hududidan mamlakatga noqonuniy kirish holatlari soni 2,1 mingtani tashkil etgan. Chegarachilar 1350 ta holatning oldini olgan. 780 nafar chet el fuqarosi ushlanib, yopiq markazlarga joylashtirilgan.

Bundan avval Litva ham Belarus bilan chegara hududida muhojirlarni ushlab turish maqsadida devor barpo etayotganini ma’lum qilgan edi.


Rim papasi Fransisk sog‘lig‘i sababli taxtdan voz kechishi mumkin — OAV

Bu haqda TASS «Libero»ga tayanib xabar bermoqda. Vatikan davralarida yaqinlashib kelayotgan konklav (papani saylaydigan kardinallar kengashi) haqidagi taxminlar tobora ko‘payib bormoqda, deb aytilmoqda xabarda. Nashr dekabr oyida Fransisk 85 yoshga to‘lishiga e’tibor qaratdi — xuddi shu yoshda avvalgi Rim papasi Benedikt XVI taxtdan voz kechgan edi.

Iyul oyida Fransisk umumiy narkoz ostida ichak operatsiyasini boshidan o‘tkazdi. Ta’kidlanishicha, so‘nggi paytlarda u faqat oyog‘idagi og‘riqdan shikoyat qilmoqda. Rojdestvo va Yangi yil davrida papa quymuch nervining yallig‘lanishi tufayli bir qator tadbirlarni bekor qilgan. 2020 yil fevral oyining oxirida, pandemiya boshlangan paytda, u qattiq shamollab qolgan edi.

2014 yil 19 avgustda Fransisk jurnalistlarga bergan intervyusida, u o‘tmishdoshi kabi (Benedikt XVI — tahr.), uzrli sabablarga ko‘ra, masalan, sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli, taxtdan voz kechishi mumkinligini tan olgan edi.

Fransisk (asli ismi Xorxe Mario Bergolo) 2013 yil 13 mart kuni Rim papasi etib saylangan edi.


Shvetsiya bosh vaziri Stefan Lyoven noyabr oyida iste’foga chiqadi

Shvetsiya bosh vaziri Stefan Lyoven shu yilning kuzida bo‘lib o‘tadigan partiya qurultoyida bosh vazir va Sotsial-demokratik ishchi partiyasi raisi lavozimlarini tark etadi. «Men partiya ijroiya qo‘mitasi va saylov komissiyasi raisiga noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan partiya qurultoyida partiya raisi lavozimidan ketishni, shuningdek, bosh vazir lavozimini tark etishni xohlayotganimni aytdim», — dedi u. Lyoven, avvalroq, kelasi yili saylovoldi kampaniyasida partiyani boshqarishini e’lon qilgan edi. «Qaror vaqt o‘tishi bilan pishib yetdi. Men o‘n yil partiya raisi, yetti yil bosh vazir bo‘ldim. Bu fantastik yillar edi. Lekin hamma narsa o‘z nihoyasiga yetadi», deya izoh berdi Lyoven. — TASS.

Iyun oyi oxirida Stefan Lyoven parlament tomonidan uning boshchiligidagi hukumatga ishonchsizlik votumini bildirilganidan so‘ng iste’foga chiqishini e’lon qilgan edi. Ta’kidlash joizki, Stefan Lyoven mamlakat tarixida ishonchsizlik votumini olgan birinchi bosh vazir bo‘ldi. Iyul oyi boshida Riksdag (parlament) tomonidan Stefan Lyoven yana bosh vazir etib saylandi.


Afg‘oniston mojarosi bo‘yicha so‘nggi xabarlar:

Mamlakatdagi vaziyat:

  • Hamid Karzay nomidagi Kobul xalqaro aeroportda barcha reyslar to‘xtatildi. Bunday choralar aeroport hududida odamlarning ko‘pligi va tartibsizliklarning oldini olish uchun ko‘rilgan. «Mamlakatning turli hududlariga, shuningdek, chet ellarga uchishni istagan yo‘lovchilarga reyslarning tiklanishi haqida oldindan xabar beriladi», deyiladi bayonotda.
  • «Tolibon» harakatining Qatardagi siyosiy idorasining rasmiy vakili Muhammad Sohail Shohinning ma’lum qilishicha, AQSh va boshqa G‘arb davlatlari 31 avgustga qadar qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqmasa, «buning oqibatlariga» duch keladilar. «Bu qizil chiziq. Prezident Bayden 31 avgustga qadar barcha harbiy kuchlarini olib chiqib ketishini e’lon qilgan edi. Agar ular qolish muddatini uzaytirsalar, demak ular ishg‘ol muddatini ham uzaytirishmoqda», — dedi u. Shohinning qo‘shimcha qilishicha, «Tolibon» AQSh yoki Buyuk Britaniyaga o‘z fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilish uchun qo‘shimcha vaqt ajratishga tayyor emas. «Agar ular bosib olishni davom ettirish niyatida bo‘lsalar, bu tegishli reaksiyaga sabab bo‘ladi», — dedi «Tolibon» vakili.
  • «Tolibon» Afg‘oniston hukumatining barcha amaldorlariga, jumladan, sobiq prezident Ashraf G‘aniga amnistiya e’lon qildi. Harakat ular Afg‘onistonga qaytib, yashashlari mumkin, deb ishontirmoqda.
  • «Tolibon» Afg‘oniston shimoli-g‘arbida Faryob viloyatida asirga olingan 80 nafar xavfsizlik xodimini qo‘yib yubordi.
  • «Tolibon» nazorat qilmaydigan yagona Panjsher provinsiyasi harakat vakillari tomonidan qamal qilindi. Provinsiyaning qarshilik vakillari toliblar bilan to‘qnash kelishga tayyor ekanliklarini ma’lum qilib, jiddiy muzokaralarga chaqirishdi.

Afg‘oniston va dunyo hamjamiyati:

  • AQSh yakshanba kuni Afg‘onistondan 10,4 mingga yaqin odamni olib chiqdi. Qayd etilishicha, 14 avgustdan buyon mamlakat 37 mingga yaqin odamni Afg‘onistondan evakuatsiya qildi.
  • Buyuk Britaniya hukumati Afg‘onistondan qariyb 6 ming kishini evakuatsiya qildi. Shulardan 3,1 mingini ko‘chirish dasturiga kirgan afg‘onlar va ularning oila a’zolari tashkil qiladi.
  • Kuvayt hukumati Afg‘onistondan AQShga o‘z hududi orqali 5 ming kishini evakuatsiya qilishga ruxsat berdi.
  • Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Kobul aeroportidagi cheklovlar tufayli Afg‘onistonga 500 tonnaga yaqin tibbiy buyum yetkazib bera olmayotganini ma’lum qildi.
  • Germaniyada afg‘on qochqinlariga boshpana berish talabi bilan namoyishlar bo‘lib o‘tdi. 1,7 mingga yaqin kishi federal kanslerning Berlindagi idorasi oldida to‘plandilar.

Shuningdek:

  • Misr dushanba kuni G‘azo sektori bilan chegarasini yopadi. «Rafah» nazorat-o‘tkazish punkti orqali o‘tish har ikki yo‘nalishda ham to‘xtatiladi", deb aytilmoqda xabarda. Aytilishicha, Qohira bu qarorni shanba kuni tartibsizliklar sodir bo‘lgan Isroil bilan chegarada tinchlikni ta’minlay olmagan XAMAS harakatining harakatsizligiga norozilik sifatida qabul qilgan. Sektorning yuzlab aholisi anklav shimolidagi xavfsizlik devoridan oshib o‘tishga uringan va portlovchi moslamalarni isroillik askarlarga otgan. Natijada 20 dan ortiq falastinlik, shuningdek, Isroil chegara politsiyasi xodimi og‘ir tan jarohati oldi.
  • Pokiston va Hindiston, ikki yillik tanaffusdan so‘ng, bir-birlarining diplomatlariga ish vizalarini berish jarayonini tikladilar. Avgust oyida Pokiston 33 nafar hind diplomatiga, Hindiston — Nyu-Dehlidagi Pokiston elchixonasining yetti nafar xodimiga viza berdi.
  • Yaponiya bosh vaziri Yosixide Suga sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Liberal-demokratik partiyasi (LDP) raisi saylovida o‘z nomzodini ilgari surishni rejalashtirmoqda.
  • Isroilda sentyabrdan boshlab maktablar ochiladi, 12 yoshdan katta bo‘lgan bolalar, ota-onasining ruxsati bilan, dars paytida koronavirusga qarshi emlanishi mumkin bo‘ladi.
  • AQShning Tennessi shtatidagi suv toshqinlari oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘ldi, yana 20 kishi bedarak yo‘qolgan.