Prezidentning 2020 yil oktabrdagi farmoni bilan aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish maqsadida «Sog‘lom turmush tarzi» (www.1hls.uz) platformasi yaratildi.

Mazkur platforma asosida, bir sutka davomida 10 ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston fuqarosining elektron hamyoniga 3 ming so‘m, bir oyda bir marta tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p yurgan kishiga 300 ming so‘m, hududlar (viloyat) bo‘yicha eng ko‘p yurgan kishiga 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p yurgan kishiga 1 mln so‘m qo‘shimcha ravishda platformadagi elektron hamyoniga o‘tkaziladi.

«Gazeta.uz» ushbu platformada ro‘yxatdan o‘tish va pulni bank kartasiga o‘tkazish (hozircha faqat Android telefonlari uchun mavjud) bo‘yicha qo‘llanma tayyorladi.

1hls ilovasini yuklash va undan foydalanish

Ushbu ilova qadamlar va boshqa ko‘rsatkichlarni hisoblashi uchun mobil qurilmada Google Fit (Android) yoki Health (Apple) ilovalari o‘rnatilgan bo‘lishi kerak. Bo‘lmasa, ularni mobil ilovalar do‘konidan bepul yuklab olib, telefonga o‘rnatish lozim. Google Fit ilovasidan foydalanish uchun Google akkauntdan foydalanish kerak bo‘ladi. Health ilovasi esa Apple telefonlarida oldindan o‘rnatilgan bo‘ladi.

1hls ilovasini mobil ilovalar do‘konidan (Android yoki Apple) yuklab oling.


Ilovani telefoningizgi o‘rnatgandan so‘ng, o‘zingiz uchun qulay tilni tanlang.


Ilovadan foydalanishni boshlashdan oldin, ommaviy oferta bilan tanishib chiqib, unga rozilik bildirishingiz kerak.


Ommaviy oferta — bu fuqarolar bilan davlat organlari o‘rtasidagi shartnoma bo‘lib, pullarning qay tarzda kelib tushishi, antropometrik ma’lumotlar, axborot xafsizligi haqida yozilgan kelishuvdir.

Shuni esda tutish lozimki, ushbu ilovadan foydalanganda, telefondagi mavjud akselerometr (qurilmaning bir joydan ikkinchi joyga ko‘chishidagi tezlanishning eng minimal o‘zgarishlarini hisoblovchi vosita, odamning bosgan qadami u orqali aniqlanadi — tahr.) va boshqa tegishli qurilmalar ham ishlashiga ruxsat beriladi. Akselerometr har bir qurilmada mavjud bo‘lishi kerak. Agarda qurilmada ushbu funksiya ishlamasa yoki telefonda mavjud bo‘lmasa, mobil ilova to‘liq ishlamasligi mumkin.

Oferta bilan tanishgach, «roziman» degan tugma bosiladi va keyingi qadamga o‘tiladi.

Shundan so‘ng yagona identifikatsiya tizimi — id.egov.uz orqali ro‘yxatdan yoki avtorizatsiyadan o‘tish so‘raladi. Tizimda birinchi marotaba ro‘yxatdan o‘tayotgan shaxslar quyidagi havola orqali ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha savollarga javob olishlari mumkin.


Ro‘yxatdan o‘tilgandan so‘ng, yagona identifikatsiya tizimidagi login va parol teriladi hamda tizim ochiladi.


Shuningdek, ushbu platformada elektron imzo orqali ham avtorizatsiya qilish mumkin. «Gazeta.uz» oldinroq elektron raqali imzo olish bo‘yicha qo‘llanmani e’lon qilgan edi.


Keyingi qadamda antropometrik ma’lumotlar kiritiladi. Bunda foydalanuvchining bo‘yi, vazni hamda yashash manzili haqidagi ma’lumotlarni kiritish kerak bo‘ladi.

Nima uchun manzilni ko‘rsatish kerak? Har oy yakunida tuman (shahar), viloyat va respublika bo‘yicha eng ko‘p qadam yurganlar ro‘yxati shakllantirilib, har bir miqyosda birinchilikni qo‘lga kiritganlarga qo‘shimcha pul mukofotlari beriladi. Bu yerda ro‘yxatdan (propiskadan) o‘tgan hudud, tumanni ko‘rsatish shart emas.

Keyingi bosqichda 1hls mobil ilovasida Google Fit yoki Health ilovalaridan ma’lumotlarni olish uchun ruxsat berish tugmasi bosiladi.

1 hls.uz ilovasi vakillarining ma’lum qilishicha, Google Fit ilovasi ishga tushirilganda foydalanuvchi o‘zining asosiy ishlatadigan pochtasini kiritishi, 2 va undan ortiq Google akkauntdan kirmasligi kerak. Aks holda nosozlik yuzaga kelishi mumkinligi aytiladi.

Apple telefonidan skrinshot. Android telefonlar uchun Google Fit ilovasidan ham ruxsat berilishi kerak bo‘ladi.

Shundan so‘ng, mobil ilovadan foydalanishni boshlash mumkin.


Ilovanining «Jurnal» bo‘limida kunlik, haftalik va oylik bosib o‘tilgan qadamlar soni bo‘yicha ma’lumotlar bo‘ladi.


Ilovaning «Bugun» bo‘limida har kunlik qadamlar, bosib o‘tilgan masofa, sarflangan kaloriyalar, yurish vaqti, ko‘tarilgan qavatlar va kuniga o‘rtacha qancha qadam bosib o‘tilishi haqida ma’lumot bo‘ladi.


«Sozlamalar» bo‘limida esa profilni tahrirlash, yordam olish, ilova bilan bo‘lishish, foydalanish shartlari bilan tanishish, ilova haqidagi ma’lumotlarni o‘qish, ilova tilini o‘zgartirish yoki akkauntdan chiqish mumkin.


Bir kunda 10 ming qadam yurgan foydalanuvchilarning elektron hamyonlariga 3000 so‘m tushiriladi. Ushbu pul mablag‘ini elektron hamyonda yig‘ib borish yoki bank kartangizga o‘tkazib olishingiz mumkin.

Bu uchun «Sozlamalar» bo‘limida «Pul o‘tkazish»ni tanlab, pul o‘tkaziladigan karta raqami ma’lumotlari va o‘tkazma summasi kiritiladi.

Hozirda elektron hamyondan bank kartalariga pul o‘tkazmalarini faqatgina ilovaning Android telefonlari uchun versiyasi orqali amalga oshirish mumkin. Apple telefonlari uchun bunday funksiya hozircha ilovaning so‘nggi versiyasida kiritilmagan.

Sozlamalar bo‘limining «Monitoring» tugmasi orqali tushum va kartaga chiqarilgan pullarni nazorat qilib borsa bo‘ladi.


Agarda foydalanuvchi bir necha Google akkauntidan foydalansa yoki Yagona indentifikatsiya tizimida (id.egov.uz) hamda mobil ilovada qandaydir nojo‘ya harakat orqali va qasddan axborot xavfsizligiga daxldor ishlar qilib, qo‘shimcha mablag‘ga ega bo‘lish harakatlarini amalga oshirsa, operatorlar tomonidan hech qanday ogohlantirishsiz ushbu shaxsning mobil ilovadan foydalanish huquqi chegaralanadi va umuman foydalanish noaniq muddatga cheklanadi.

Agarda, sizda qadamlar hisoblanmayotgan bo‘lsa, platformaning so‘nggi versiyasini o‘rnatish maqsadida ayni vaqtda telefon qurilmangizga o‘rnatilgan 1hls mobil ilovasini o‘chirib, qayta o‘rnatishingiz maqsadga muvofiq, deyiladi ishlab chiquvchilarning yo‘riqnomasida.

Barcha texnik masalalar bo‘yicha (998) 71−200−00−88 telefon raqamiga murojaat qilish mumkin.