19 avgust kuni Qarshida bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Oliy sud raisi Kozimjon Komilov hamda ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ishtirokida 31 yoshli sport murabbiyi Elbek Rahimovning o‘ldirib ketilishi bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi.

Nig‘matilla Yo‘ldoshevning ma’lum qilishicha, Elbek Rahimovning ukasi jinoyat sodir etgan fuqaro Z. B. bilan tortishib qolgan. Shu sababli 17 iyul kuni Elbek Rahimov Z. B. bilan janjallashgan.

Fuqaro Z. B. 17 avgust kuni bir nechta sheriklari bilan birga pichoq va temir bo‘laklari bilan qurollanib, Qarshi shahrida yashovchi B.ning xonadonidan chiqqan Elbek Rahimovni fuqarolarning ko‘z o‘ngida urib-tepib, unga pichoq va temir bo‘laklari bilan hayot uchun xavfli tan jarohatlari yetkazadi.

Ular Elbek Rahimovni I. R. boshqaruvidagi mashinaga majburlab o‘tqazib, Chiroqchi tumani «Toshli» qishlog‘i hududiga olib boradi va jabrlanuvchiga qo‘l-oyoqlari va temir bo‘lagi bilan ko‘plab tan jarohatlari yetkazib, o‘lar holatda Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasiga tashlab ketishadi.

Elbek Rahimovning ukasi Akmal Rahimov voqea haqida xabar topgach, akasining telefoniga o‘rnatilgan GPS qurilmasi orqali uning qayerda ekanini aniqlagan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, o‘sha kuni Elbek Rahimov 14:00 da vafot etgan. Sud tibbiyot ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Elbek Rahimovning o‘limiga bosh miyaning lat yeyishi, bosh miya sinishi, ko‘krak qafasi a’zolarining shikastlanishi va boshqa a’zolarning jiddiy shikastlanishi sabab bo‘lgan.

Foto: Videodan lavha

Holat yuzasidan Z.B. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «l, p» bandlari (qasddan odam o‘ldirish bezorilik oqibatida; bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Sh. T., J. A., O. R., Ya. Ya., Sh. Z. va E.A. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilindi hamda himoyachi bilan ta’minlanib, JPKning 221-moddasi (Ushlab turish asoslari) tartibida ushlandi.

Hodisa sodir bo‘lgan joy ko‘zdan kechirilganda, uch dona temir armatura bo‘lagi hamda pnevmatik to‘pponcha o‘qi daliliy ashyo sifatida olingan. Bundan tashqari, voqea kuni jinoyatchilar foydalangan 70 O 880 PA davlat raqamli Gentra rusumli avtomashinani ko‘zdan kechirish jarayonida ham uch dona temir armatura, qonga o‘xshash dog‘lar bilan ifloslangan futbolka va pnevmatik to‘pponcha olingan.

Po‘lat Bobojonovning ma’lum qilishicha, jinoyat sodir etganlarning ikki nafari voyaga yetmagan va jinoyat ishtirokchilarining deyali barchasi notinch oilalar farzandlari bo‘lgan. Ularning eng kattasi 29 yoshda, eng kichigi — 16−17 yoshli maktab o‘quvchilari bo‘lgan.

Uning ko‘shimcha qilishicha, bu voqea jiddiy nazoratga olinadi.

«Bu janjalning boshlanishi avvvalo ikki sportchining ilk kurashi, sport musobaqasidan kelib chiqqan. Ulardan biri yutib, biri yutqazgani sabab nizo yuzaga kelgan. Ular hech kimga murojaat qilmagan. O‘zlaricha „razbor“ qilib olmoqchi bo‘lgan. Albatta, bu jarayonlar mas’ul tashkilotlar tomonidan e’tiborga olinishi kerak edi. Bu masala ham nazorat qilinadi. Kerak bo‘lsa, xizmat tekshiruvi ham o‘tkaziladi», — dedi IIV rahbari.

Foto: Videodan lavha

Kozim Komilov mazkur ish bo‘yicha sud ishi barcha uchun ochiq tarzda o‘tkazilishini ma’lum qildi.

«Tergov ishlariga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q. Kim aybdor bo‘ladi, men bilmayman. Lekin ularning ishi ochiq sudda ko‘riladi va unda jurnalistu blogerlar bemalol qatnashishi mumkin bo‘ladi», — dedi u.