Ko‘pchilik koronavirusga qarshi vaksinalarning samaradorligiga shubha bilan qaraydi va ishlab chiqaruvchini tanlash borasida ko‘p mulohaza qilishadi. «Gazeta.uz» emlashga oid asosiy savollarni mutaxassislarga berishda davom etmoqda.

Molekulyar genetik, biotexnolog, biologiya fanlari doktori va O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori o‘rinbosari Alisher Abdullayev ZF-UZ-VAC2001 xitoy-o‘zbek vaksinasining III bosqich klinik sinovlari qanday o‘tkazilayotgani, nima uchun O‘zbekiston bu preparatni boshqa mamlakatlarga nisbatan ancha oldin ommaviy ishlatishga ruxsat berganligi va koronavirusga qarshi vaksinalar qanchalik yaxshi o‘rganilgani haqida gapirib berdi.

— ZF-UZ-VAC2001 vaksinasidan dunyoning faqat ikki mamlakatida favqulodda holatlarda foydalanish uchun ruxsat berilgan. Shu bilan birga, vaksinani ishlab chiqargan mamlakat uni O‘zbekistondan keyin tasdiqlagan. Nima uchun biz hech bir mamlakat tasdiqlamagan preparatni ishlatishga ruxsat berdik?

— Buning sabablari ko‘p bo‘lishi mumkin. Ulardan biri, masalan, XXRning o‘z qonunlari, vaksinadan foydalanish uchun ruxsat olish uchun ko‘proq vaqt talab qiluvchi o‘z byurokratik mexanizmlari bo‘lishi mumkin. Mamlakatimizda, ehtimol, bu jarayon biroz tezroq kechar.

Hukumatimiz odamlarni tezroq emlashdan juda manfaatdor, shuning uchun biz bu jarayonni iloji boricha qisqa fursatlarda tugatishga harakat qildik. Shunga qaramay, bu bosqich bizdan ancha uzoq vaqt talab qildi, biz kuniga 24 soat ishlashimizga to‘g‘ri keldi.

Xitoyda tirik organizmlarda vaksinalarning toksikligi va xavfsizligini o‘rganishni qamrab olgan klinikgacha bo‘lgan sinovlar o‘tkazildi. Buning uchun turli hayvonlardan foydalanildi. Butun dunyoda vaksinalar ishlab chiqilishi va tadqiq qilinishi bo‘yicha maxsus protokol mavjud. Ushbu protokol JSST va vaksinalar ishlab chiqilishini nazorat qiluvchi boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan.

Biz vaksina mazkur reglamentga muvofiq ishlab chiqilganligi to‘g‘risida dalillar oldik. Bizga, shuningdek, Xitoy aholisi orasida o‘tkazilgan klinik sinovlarning ikki bosqichidan olingan namunalar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi. Ushbu tadqiqotlar davomida preparatning xavfsizligi ham tasdiqlandi.

Etika qo‘mitasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi mutaxassislari vaksina tasdiqlanishidan oldin barcha sinovlarni o‘tkazdilar. Shu jumladan, ular Xitoy tomonidan e’tirof etilgan barcha xususiyatlarni tasdiqladilar. Xuddi shu tajribalar bizda ham o‘tkazildi. Bizning mutaxassislarimiz ham uni hayvonlarda sinab ko‘rishdi. Mazkur vaksinaning mutlaq xavfsizligi tasdiqlandi.

Faqat shundan keyingina III bosqich klinik sinovlari uchun ruxsat olindi. Ishontirib aytishim mumkin, bizning mutaxassislarimiz hamma narsani sinchkovlik bilan o‘rganib chiqishdi va agar zarracha shubha bo‘lganida edi, ijobiy xulosa berishmas edi.

III bosqichni o‘tkazishga ruxsat olishdan oldin ham, Innovatsiya vazirligining ko‘plab xodimlari, jumladan vazir va vazir o‘rinbosari vaksinani o‘zlarida sinab ko‘rishdi. Ular ham olimlar, fan doktorlari va haqiqiy olimlar kabi vaksinani birinchi bo‘lib o‘zlarida sinab ko‘rishdi. Uchinchi bosqich vaksina sinovdan o‘tkazilganidan bir oy o‘tgachgina boshlandi.

Mamlakatimiz rahbariyati o‘zbek-xitoy vaksinasi bilan emlanganiga ko‘pchilik shubha qiladi. Ishontirib aytishim mumkin-ki, men 2020 yil oxiri va 2021 yil boshida o‘z ixtiyori bilan vaksina olgan Prezident devoni, Vazirlar Mahkamasi va vazirliklarning ko‘p xodimlarini bilaman.

III bosqich klinik sinovlarining asosiy maqsadi — koronavirusga nisbatan vaksinaning samaradorligini baholash. Bizning Ilg‘or texnologiyalar markazining jamoasi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda yakuniy bosqich ustidan ikkitomonlama mavhum tadqiqot o‘tkazmoqda. Tadqiqot yakunlanganidan so‘ng natijalar ma’lum qilinadi. Olimlar emlanganlar guruhidan qancha odam koronavirus bilan kasallanganligini va bu kasallikdan qanday omon qolganligini ko‘rib chiqadilar. Bu ma’lumotlar platsebo qabul qilganlar natijalari bilan solishtiriladi.

Ideal holatda, emlangan guruhdagi koronavirus yuqtirganlar foizi platsebo olgan guruhdagilarga nisbatan juda kichik bo‘lishi kerak. Ammo bizda bu ma’lumotlar hozircha yo‘q, tadqiqot davom etmoqda.

Hozirda qatnashuvchilarning hech biri, jumladan, O‘zbekistonda ishlaydigan Xitoydan kelgan shifokorlar va hamkasblarimiz ham ko‘ngillilarning qaysi biri platsebo va qaysisi vaksina olganini bilishmaydi. Barcha ampulalar Xitoyda kodlangan.

Bizda III bosqich doirasida haqiqiy vaksina va platsebo olganidan keyin koronavirus yuqtirgan bemorlar haqida ma’lumotlar yo‘q, biz buni faqat tadqiqot oxirida bilamiz. Ammo shuni aytishim mumkinki, xitoy-o‘zbek vaksinasining ikki yoki uch dozasini olgan, men bilgan odamlarning 90% dan ko‘prog‘i kasal bo‘lmagan.

— Demak, fuqarolardan kim vaksina, kim esa platsebo olgani haqidagi ma’lumotlar faqat Xitoyda saqlanyaptimi?

— Ha. Bu JSST nazorati ostida. Sinovlar tugagach, turli tashkilotlarning vakillari natijalarni ma’lum qilishadi. Ma’lumotlar 2022 yil aprelda ma’lum qilinadi.

— The Lancet jurnalida chop etilgan klinik sinovlarning ikkinchi bosqichi natijalariga bag‘ishlangan tadqiqotda, 18−59 yoshdagi odamlar ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini sinashda qatnashgani aytilgan. Shu sababli, keksa odamlarni ushbu vaksina bilan emlashning samaradorligi haqida gapirib bo‘lmaydi. O‘zbekistondagi III bosqich klinik sinovlarida qatnashayotgan odamlar necha yoshda?

— Xuddi shu yoshdagilar.

— U holda, qanday qilib vaksinalarning qariyalar uchun samaradorligi haqida gapirish mumkin?

— Katta yoshdagilarni emlash bo‘yicha reglament mavjud. Iyul oyida Xitoy 3−17 yoshli bolalarda bu vaksinani sinashni boshladi.

— Bu siz XXRda olib borilayotgan tadqiqotlar haqidagi ma’lumotlardan xabardor ekanligingizni anglatadimi?

— Xitoy bu ma’lumotni yashirmaydi. Ular internetda e’lon qilinadi.

— Siz Xitoyda qancha odam ZF-UZ-VAC2001 bilan emlanganini bilasizmi?

— Yo‘q, menda bu haqda ma’lumot yo‘q.

— Vaksinauz Telegram-kanali — O‘zbekistonda III bosqich klinik sinovlari haqidagi rasmiy ma’lumot manbasi — 90 million Xitoy fuqarosi allaqachon bu vaksina bilan emlanganini xabar bergan edi.

— Menda ma’lumot yo‘q. Lekin men ular tadqiqot olib borayotganini bilaman. Va ular virusning turli yangi variantlariga qarshi vaksinaning samaradorligi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazgan.

Izoh: 15 iyul kuni vaksina ishlab chiqaruvchisi preprintni e’lon qildi (mualliflar tomonidan taqriz beriladigan ilmiy jurnalda tadqiqot ishining nashr etilishidan oldin yoki keyin ochiq manbada e’lon qilingan na’muna — tahr.). Unda 100 milliondan ortiq dozalar (emlanganlar soni emas) Xitoy va O‘zbekistonda qo‘llanilgani keltirilgan. Vaksinauz Telegram-kanalining xabar berishicha, 9 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda bu vaksinaning 3,2 milliondan ortiq dozasi ishlatilgan va Xitoyda 90 milliondan ortiq odam uni olgan.

May oyida bu vaksinaning «alfa» va «beta» variantlarga qarshi samaradorligi to‘g‘risida maqola chiqarildi. Yaqinda esa ular vaksinning «delta» variantiga qarshi samaradorligi haqida preprint e’lon qilishdi. U 1,2 ga tushadi. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich. Preprintda, shuningdek, «beta» variantiga qarshi ushbu vaksinaning samaradorligi ikki baravar past ekanligi ko‘rsatilgan. Bu dastlabki ma’lumotlar, ammo vaksina ishlaydi. Ba’zi vaksina ishlab chiqaruvchilarda yangi variantlarga qarshi samaradorlik olti baravar kamroq.

— JSST tomonidan tasdiqlangan vaksinalarning III bosqich klinik sinovlari yakunlandi. Nima uchun ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi tadqiqotlari bu qadar uzoq davom etmoqda?

— Bu JSST tomonidan tasdiqlangan va favqulodda foydalanish uchun ruxsat berilgan vaksinalar ro‘yxati. Bu mazkur vaksinalar favqulodda holatlarda, pandemiyada ishlatilishi mumkinligini ko‘rsatadi. Ammo har bir mamlakat favqulodda holatlarda foydalanish uchun boshqa vaksinalarni tasdiqlash huquqiga ega.

JSST tomonidan tasdiqlangan preparatlar COVAX dasturi bo‘yicha o‘z vaksinasi bo‘lmagan mamlakatlarga yetkazilishi mumkin. Bu ro‘yxat mamlakatlarni vaksinalar bilan ta’minlash kafolatidir.

Hamma mamlakatlar ham COVAX dasturi bo‘yicha vaksinalarni yetkazib berishga ulgurmaydi. Preparatlar ham cheklangan miqdorda yetkazilishi mumkin. Shu sababli, mamlakatlar JSST tomonidan to‘liq tasdiqlanmagan vaksinalarni qo‘llash bo‘yicha chora-tadbirlar va qarorlar qabul qilish huquqiga ega. Davlatlar birinchi navbatda o‘z xalqining hayotini saqlab qolishdan manfaatdor.

— Shunga qaramay, JSST tomonidan tasdiqlangan vaksinalarning III bosqich klinik sinovlari natijalariga asoslangan tadqiqotlar mavjud. Ular III bosqichni 2020 yilning yozida boshlashgan va dekabrda yakunlashgan. Vaksinamizning yakuniy bosqichi natijalari, so‘zlaringizga ko‘ra, faqat keyingi yilning aprelida ma’lum bo‘ladi.

— Vaksinalarni ishlab chiqish va tasdiqlash odatda bir necha yilni oladi. Ammo pandemiya doirasida bu jarayonlarni tezlashtirish qarori qabul qilindi. Odatda, birinchi navbatda klinikgacha bo‘lgan tadqiqotlar, so‘ngra klinik tadqiqotlar bosqichma-bosqich o‘tkaziladi.

Ammo ko‘pgina ishlab chiqaruvchilar klinik sinovlarning uch bosqichini birlashtirdilar: birinchi bosqich hali yakullanmasdan, ikkinchi bosqichni boshlashdi va hokazo. Xitoy-o‘zbek vaksinasida esa reglamentga amal qilinmoqda. Shuning uchun bizda uzoqroq. Bundan tashqari, bizning vaksina Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan favqulodda foydalanish uchun tasdiqlangan preparatlarga nisbatan kechroq ishlab chiqilgan.

— Ba’zi manbalar ZF-UZ-VAC2001 kabi rekombinant vaksinalar virusning faqat bir necha zarralarini o‘z ichiga oladi, deb yozadi. Shuning uchun bunday preparatlar virusning to‘liq murakkabligini aks ettirmaydi, bu esa ularning samaradorligiga ta’sir qilishi mumkin. Bu rostmi?

— Albatta, odatda, zaiflashtirilgan yoki o‘ldirilgan virus bilan emlanish maqsadga muvofiqdir. Klassik vaksinalar shunday qilingan. Ammo unda ishlab chiqarish butunlay boshqacha. Bu juda murakkab va ko‘p vaqt talab qiladi. Sinovlar juda uzoq muddatli.

O‘zbek-xitoy vaksinasida faqat inson hujayralari bilan aloqada bo‘ladigan virusning retseptor qismini o‘z ichiga olgan rekombinant oqsildan foydalaniladi. Aynan unga nisbatan antitanachalar ishlab chiqariladi. Bu virus hujayralarga kirishining oldini oladi. U hech nima bilan aloqa qila olmaydi.

Shubhasiz, boshqa qismlar ham ahamiyatga ega, lekin asosiy aloqa retseptor oqsili bilan bo‘ladi. Agar u bloklansa, virus inson tanasiga, uning hujayrasiga kira olmaydi.

— U holda, nima uchun emlash odamni infeksiyadan himoya qilmaydi, balki kasallikning og‘ir kechishidan himoya qiladi, deyiladi? Va 96−97% samaradorlik haqida gapirilganda, kasallikning og‘ir kechishi xavfi shunday foizga kamayishi nazarda tutiladi. Bu virus baribir tanaga kirishini anglatadi.

— Har qanday holatda ham virus organizmga kiradi. Tanangizga har kuni ko‘plab viruslar kiradi. Biroq, siz kasal bo‘lmaysiz. Chunki tanada xotira bor. Nima uchun bolalar nima bo‘lsa ham og‘ziga soladi? Chunki ular shu tarzda tashqi dunyo bilan aloqada bo‘lib, immunitetni rivojlantiruvchi tashqi agentlarni qabul qilishadi. Agar sizda immunitet bo‘lmasa, siz har kuni kasal bo‘lar edingiz va shu kungacha tirik qolishingiz dargumon bo‘lar edi. Organizmimizga virus va bakteriyalar kirganda, u kurashadi.

Koronavirus bilan ham xuddi shunday. Agar siz kasallanib bo‘lgan yoki emlangan bo‘lsangiz va siz kasallikning faol bosqichida bo‘lgan odam bilan aloqada bo‘lsangiz, u sizga virus yuboradi, lekin siz kasal bo‘lmaysiz. Koronavirus sizning organizmingizga tushadi, lekin tana uni tezda taniydi va yo‘q qiladi.

— Ammo vaksina spayk-oqsilni bloklab, virusning tanaga kirishiga to‘sqinlik qiladi.

— Agar siz kasal odam bilan gaplashsangiz, qanday qilib virusni yuqtirmasligingiz mumkin? Virus tanaga baribir kiradi, lekin uning ko‘payishi uchun sharoit bo‘lmaydi, chunki antitanachalar spayk-oqsilni to‘sib qo‘yadi. Unda ko‘payish uchun sharoit bo‘lmadimi, demak, siz kasal bo‘lmaysiz.

Spayk-oqsil hujayraga yopishib olish uchun kerak. Hujayraga kirganda, u o‘z genetik materialini yuboradi. Agar u hujayra bilan bog‘lanmasa, uning genetik materialni kiritadigan joyi bo‘lmaydi.

Ehtimol, virus qisman hujayraga kiradi, lekin immunitet tizimi bu hujayrani taniydi va uni virus bilan birga o‘ldiradi. Immun tizimi shunday tuzilgan. U to‘siq yaratadi. Tanada juda ko‘p himoya to‘siqlari mavjud, ular orasida teri, shilliq qavatdagi turli vositalar va boshqalar bor.

Evolyutsiya davrida inson tanasi o‘ziga himoya yaratdi. Bizning tariximizda ko‘plab viruslar bo‘lgan. Va bu, shuningdek, odamning genetik holatiga — siz ota-bobolaringizdan olgan genlarning kombinatsiyasiga ham bog‘liq.