«Tolibon» umumiy amnistiya e’lon qildi, shu jumladan hukumat amaldorlari uchun ham, deya xabar bermoqda RIA Novosti Agence France-Presse`ga tayanib.

«Siz kundalik hayotingizga to‘liq ishonch bilan qaytishingiz mumkin», — deya agentlik harakat vakillarining bayonotidan iqtibos keltiradi.

Bundan tashqari, TOLOnews telekanali ayol teleboshlovchi va muxbirlar ishtirokidagi ko‘rsatuvlarni namoyish etishda davom etmoqda. Boshlovchi Beheshta Argand telekanal efirida «Tolibon» media guruhi a’zosi Mavlavi Abdulxak Xemad bilan Kobuldagi vaziyat va shahardagi uylarni tintuv qilish haqida intervyu o‘tkazdi.

«Hasiba Atakpal, bizning jasur jurnalistimiz Kobuldan jonli reportajni olib bormoqda», — deb telekanal direktori o‘rinbosari Abdul Farid Ahmad Twitter`da yozib, tegishli fotosuratni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirdi.

Foto: twitter.com/FaridAhmad1919

Eslatib o‘tamiz, kecha 16 avgust kuni Tolibon" Afg‘onistonda «urush yakunlanganini» e’lon qilgan edi. Yangi hukumatning turi va shakli tez orada ma’lum qilinadi.

Huddi shu kuni Kobul aeroportida yuzlab odamlar Afg‘onistondan uchadigan so‘nggi samolyotlarga tirmashib chiqishayotgani aks etgan videolar tarqalgan edi. Ulardan ba’zilari samolyotlarning bortiga, ba’zilari esa tezlikni oshirayotgan samolyot tagiga qo‘llari bilan ilinmoqchi bo‘lganlar. Hozirda aeroportdagi holatlardan so‘ng bir necha kishi halok bo‘lgani ma’lum.