Yakshanba kuni «Tolibon» harakati a’zolari Qobulga kirishi bilan Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani va uning eng yaqin yordamchilari mamlakatni tark etdi, deb xabar bermoqda mahalliy Tolonews nashri.

Prezident mamlakatdagi inqirozni hal qilish vakolatlarini Abdulla Abdulla, sobiq prezident Karzay va boshqa siyosiy rahbarlardan iborat kengashga topshirgan.

Ushbu xabarni Milliy yarashuv oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla ham tasdiqladi va u Ashraf G‘anini sobiq prezident deb ta’rifladi. Abdulla Twitter`dagi sahifasida qoldirgan xabarda odamlarni xotirjam bo‘lishga chaqirib, bu og‘ir kunlar tez orada o‘tib ketishi va aholi tinch kunlarni ko‘rishiga umid bildirgan.

«Tolibon» tez fursatlarda Qobuldagi prezident saroyidan turib Afg‘oniston Islom Amirligi tashkil etilishi haqidagi xabarni e’lon qiladi, deb xabar bermoqda Associated Press va Press Association agentliklari. Al Jazeera esa prezident saroyidan jonli эфирga chiqmoqda.

Dushanba kuni asosiy siyosiy rahbarlar, jumladan Yunus Qanuniy, Ahmad Vali Massud, Muhammad Mohakik va boshqalardan iborat delegatsiya mamlakatdagi vaziyatni muhokama qilish uchun Dohaga jo‘nab ketishi ham ma’lum qilindi.

Mudofaa vaziri Bismilla Mohammadi Twitter`da shunday xabar qoldirdi: «Bizni qo‘llarimizni bog‘lashdi, mamlakatni esa sotishdi, lan’atlar bo‘lsin G‘ani va uning to‘dasiga».

Ashraf G‘ani mamlakatni tark etmoqda. Foto: Tasnim news.

Tojikistonning «Aziya-Plyus» nashri Ashraf G‘ani Tojikistonga uchib ketgan va u yerdan uchinchi davlatga yo‘l olganini xabar qildi. Kabul News telekanali esa Ashraf G‘ani Tojikiston orqali Ummon davlatiga yetib borgani aytmoqda.

Shu bilan birga, The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, G‘ani turmush o‘rtog‘i va ikki nafar yordamchisi bilan O‘zbekistonga yo‘l olgan. Nashr shuningdek, Ashraf G‘ani hukumatni topshirish borasida muzokaralar olib borish uchun Dohaga bormoqchi bo‘lganini ham qayd etgan. «Gazeta.uz» O‘zbekiston TIVdan tezkor izoh ololmadi.

Ashraf G‘ani Facebook`dagi sahifasida Tolibon Qobulga hujum qilishining oldini olish uchun u iste’foga chiqishga qaror qilganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, u qurollangan toliblar bilan yuzma yuz kelgan va umrining so‘nggi 20 yilini himoya qilishga bag‘ishlangan mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan. Aks holda 6 mlnlik aholisi bor Qobulda insoniy falokat yuz berishi mumkin edi.

«Toliblar mengacha yetib kelishdi, ular Qobulga hujum qilish uchun shu yerda. Qonli to‘fondan saqlanish uchun yaxshisi chiqib ketish kerak deb o‘yladim», deb yozadi G‘ani.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu jangda toliblarning qo‘li baland kelgan va endi ular vatandoshlarining sha’ni, boyligi va o‘z hurmatini himoya qilish uchun mas’ul. Ashraf G‘ani yakunda o‘z xalqiga intellektual jihatdan va rivojlanish rejasi borasida har doim xizmat qilishini qayd etgan.

Afg‘oniston sobiq prezident Hamid Karzay mamlakatda «xaosning oldini olish uchun» Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilganini ma’lum qildi. Unga Karzayning o‘zi, Milliy yarashuv oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla va Afg‘onisto Islom partiyasi yetakchisi, sobiq bosh vazir Gulbeddin Hekmatiyar kirgan.

Shunga qaramasdan, avvalroq, Reuters toliblarga tayanib xabar qilishicha, «Tolibon» o‘tish davri hukumatini tuzmoqchi emasligini va mamlakatda rasmiy hokimiyatni to‘g‘ridan to‘g‘ri topshirilishini istashini qayd etgan. Tolibonlar vakili Alxanafi Vardak Afg‘onistonning vaqtincha hukumati haqida muzorakalar olib borilmayotganini tasdiqladi.

Tolibon Qobulda xavfsizlikni ta’minlashga va’da berdi va aholidan «xavotir olmaslikni» so‘radi.

«Tez orada shaharda vaziyat barqarorlashadi va fuqarolar to‘la qoniqish bilan odatdagi hayotga qaytishadi», — deya Interfaks «Tolibon» bayonotidan iqtibos keltirmoqda. «Tolibon» vakili fuqarolarning hayoti va mol-mulki xavfsiz ekaniga ishontirib, shahar aholisidan «zarur holatlarda yordam so‘rab mujohidlarga murojaat qilish»ni taklif qildi. «Hech kim xavotir olmasligi kerak», — deydi tolibonlar vakili.

Tolibonlar Ashraf G‘anining xonasida. Foto: Sputnik.

CNN muxbiri Klarissa Vard Qobulda hukm surayotgan «qo‘rquv va vahima hissi haqida» gapirib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aksar odamlar «Tolibon»ning uylarini tark etmaslik haqidagi chaqiruviga quloq solgan, ammo prezident mamlakatdan qochib ketganidan so‘ng, odamlar eng yomon holatga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Jurnalistning qo‘shimcha qilishicha, «Tolibon» mamlakatning asosiy vazirliklari ustidan nazorat o‘rnatganini e’lon qilgan.

Qobul xalqaro aeroporti tijoriy reyslarni qabul qilishni to‘xtatdi, deb xabar bermoqda Associated Press AQSh harbiylari vakillariga tayanib. Biroq, ayni dam Qobuldan amerikalik harbiylarni evakuatsiya qilish ishlari davom etmoqda.

G‘arb mamlakatlari diplomatlari o‘z qarorgohlarini tark etib, Qobul aeroportiga yetib kelishgan. Missiyalar xodimlarining aeroportga yuborilgani AQSh, Germaniya va Fransiya tomonidan ma’lum qilindi. Ushbu mamlakatlar fuqarolari Afg‘onistondan evakuatsiya qilinmoqda.

AQSh elchixonasining Reuters`ga xabar berishicha, diplomatlar, rasmiy vakillar va boshqa afg‘onistonliklar kelgan poytaxt aeroporti o‘qqa tutilgan.

Reuters yozishicha, hozirda Qobuldan AQSh rasmiy vakillarining evakuatsiyasi uchun 6 ming harbiy harakat qilmoqda. Pentagon Qobulda amerikalik askarlarning sonini yana ming nafarga oshirishga ruxsat bergan. Avvalroq, amerikalik fuqarolarning evakuatsiyasini xavfsiz tashkil etish uchun 5 ming harbiy yuborilgan edi.

TASS agentligi Bryusseldagi manbasiga tayanib, Qobul xalqaro aeroporti xavfsizligini AQSh, Buyuk Britaniya va Turkiya harbiylari ta’minlayotganini ma’lum qildi.

«Qobul aeroporti xalqaro nazorat ostida qolmoqda, uning xavfsizligini AQSh, Buyuk Britaniya va Turkiya harbiylari ta’minlaydi. Aeroport hozirda faoliyati olib boryapti, xorijiy vakillarni evakuatsiya qilish ishlari ketyapti», — deya qayd etgan agentlik manbasi.

Yakshanba kuni ertalab, O‘zbekiston TIV «Gazeta.uz»ga O‘zbekistonning Kobuldagi elchixonasi va Mozori Sharifdagi konsulligi faoliyatini davom ettirayotgani hamda xodimlar hali evakuatsiya qilinmaganini ma’lum qilgan edi. Termiz-Hayraton ko‘prigi hududidagi vaziyat esa yumshagani, ko‘prikning Afg‘oniston qismida to‘plangan afg‘onlarning asosiy qismi ko‘prikni va unga tutash hududni mustaqil ravishda tark etgani aytildi.