Isroil va Marokash o‘z elchixonalarini ochishga kelishib olishdi

Isroil va Marokash bir necha oy ichida diplomatik munosabatlar darajasini ko‘tarish va o‘z elchixonalarini ochishga kelishib olishdi. Bu haqda TASS Isroil tashqi ishlar vaziri Yair Lapidga tayanib xabar bermoqda. 12 avgust kuni Lapid Isroilning Marokashdagi aloqa idorasining (diplomatik vakolatxona) ochilish marosimida qatnashdi.

Isroil TIV rahbari Marokashga tashrifini 11 avgust kuni boshlagan. Tashrif doirasida u Marokashdagi hamkasbi Nosir Burita bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar uchta hujjatni imzoladilar: siyosiy maslahatlashuv mexanizmini yaratish to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi; madaniyat, yoshlar va sport sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va Marokash Qirolligi hukumati va Isroil davlati hukumati o‘rtasida havo qatnovi to‘g‘risidagi bitim. Ta’kidlanishicha, bu Isroil TIV rahbarining 2003 yildan buyun Marokashdagi birinchi tashrifi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 15 sentyabr kuni Isroil BAA va Bahrayn bilan munosabatlarni normallashtirish to‘g‘risidagi bitimlarni imzolagan edi.


Litva barcha noqonuniy muhojirlarning boshpana so‘rovlarini rad etdi

O‘tgan oylarda Litvaga Osiyo va Afrika mamlakatlaridan kelgan noqonuniy muhojirlarning birorta ham murojaati qondirilmagan. Bu haqda respublika Ichki ishlar vazirligi migratsiya departamenti direktori Evelina Gudzinskayte ma’lum qildi. Hammasi bo‘lib, uning so‘zlariga ko‘ra, migratsion inqiroz paytida bo‘limga boshpana so‘rab 1,5 mingga yaqin ariza kelib tushgan. «Yakuniy qaror 200 ta ariza bo‘yicha qabul qilindi. Barcha so‘rovlar rad etildi, chunki ijobiy qaror qabul qilish uchun asos topilmadi», — dedi departament direktori. Hozirda Litvada 4 mingdan ortiq shunday odamlar bor.

Migratsiya bo‘limining qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin, deya ta’kidladi Gudzinskayte, shu bilan birga, «departament noqonuniy muhojirlarga muqobil variantni taklif qilmoqda» — o‘z vataniga qaytishga ixtiyoriy rozilik berganlar 300 yevrolik naqd to‘lov va samolyot chiptalari bilan rag‘batlantiriladi. Ta’kidlanishicha, bunday taklifni shu paytgacha faqat ikki kishi qabul qilgan — biri Kamerundan, ikkinchisi Iroqdan.


Afg‘oniston mojarosi bo‘yicha so‘nggi yangiliklar

  • «Tolibon» 13 avgust kuni Afg‘onistonning Logar viloyatining ma’muriy markazi Puli Alam shahrini o‘z nazoratiga oldi. Hozirda, toliblar Kobuldan 50 km uzoqlikda. Bundan tashqari, ular Afg‘oniston g‘arbidagi G‘or viloyati markazi Chagcharon shahrini, mamlakat janubidagi Zobul viloyati markazi Kalat va Uruzgan viloyati markazi Tarinkotni egallab oldilar. Avvalroq, toliblar Afg‘onistonning eng yirik provinsiyalaridan biri bo‘lgan Qandahor va Hirotni egallab olgani haqida yozgan edik.
  • «Tolibon» matbuot kotibi Zabihulloh Mujohidning so‘zlariga ko‘ra, harakat Afg‘oniston hukumatining jangovar harakatlarni to‘xtatish evaziga hokimiyatni taqsimlash bo‘yicha taklifiga rozi bo‘lmaydi. «Tolibon Kobulning hokimiyatni taqsimlash va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifini qabul qilmaydi. Bizning maqsadimiz — chet el aralashuvini to‘xtatish va mamlakatda islomiy hukumat tuzish», — dedi u. «Agar ular shunday qilsalar, biz sulhga tayyormiz. Agar Kobul bizning talablarimizga rozi bo‘lishga tayyor bo‘lmasa, kurashni davom ettirish biz uchun oson bo‘ladi», deya qo‘shimcha qildi u.
  • Afg‘oniston hukumati qo‘shinlari bilan to‘qnashuvlar davomida 202 nafar «Tolibon» jangarisi yo‘q qilingan, yana 89 nafari yaralangan.
  • Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uollesning ta’kidlashicha, G‘arb davlatlari «Al-Qoida» terrorchilik guruhining pozitsiyalari kuchaygan taqdirda, Afg‘onistonga harbiy kontingentini qaytarishi mumkin. Uningcha, agar toliblar «Al-Qoida» bilan hamkorlik qila boshlasalar, bu G‘arb va boshqa davlatlarga hujumlarga olib keladi. Bu holatda G‘arb Afg‘onistonga «qaytishi» mumkin, deydi u.
  • AQSh Mudofaa vazirligi yaqin ikki kun ichida 3 mingga yaqin askarni Kobulga o‘tkazmoqchi. Bu kuchlar mamlakatning Kobuldagi elchixonasi xodimlarining bir qismini evakuatsiya qilish operatsiyasi davomida xavfsizlikni ta’minlaydi. Kanada hukumati Kobuldagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilish paytida va vakolatxona yopilgunga qadar xavfsizlikni ta’minlash uchun maxsus kuchlar bo‘linmasini yuboradi. Bunday maqsadlarda ham Buyuk Britaniya Kobulga 600 nafar askarni yubormoqda.
  • Daniya va Norvegiya Kobuldagi elchixonalari xodimlarini evakuatsiya qiladi.
  • BMT Xavfsizlik Kengashi Afg‘oniston mojarosi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bayonotda qayd etilishicha, BMT «Afg‘onistonda harbiy kuchlar tomonidan o‘rnatilgan hukumat tuzilishini yoki Afg‘oniston Islom Amirligining qayta tiklanishini qo‘llab-quvvatlamaydi». Hujjat loyihasida, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashi inson huquqlarining buzilishi yoki buzilishida aybdor bo‘lganlarga, shuningdek, tinch aholiga hujum uyushtirganlarga nisbatan qo‘shimcha choralar ko‘rishi mumkinligi aytilgan.

Shuningdek:

  • Turkiyada toshqin qurbonlari soni 27 nafarga yetdi. 1,7 mingdan ortiq odam suv toshqinidan zarar ko‘rgan hududlardan evakuatsiya qilindi. 330 ga yaqin qishloq elektr ta’minotisiz qolgan.
  • AQSh hukumati o‘rmon yong‘inlari tufayli Montana shtatining bir necha ming aholisini evakuatsiya qilish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Fojia 8 avgust kuni boshlangan bo‘lib, 60 ming gektardan ortiq maydonni qamrab oldi. Oltita hududda mahalliy aholi evakuatsiya qilinmoqda, bundan tashqari, rasmiylar yana uchta jamoani ketishga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirishdi.