Ko‘pchilik koronavirusga qarshi vaksinalarning samaradorligiga shubha qilmoqda va qaysi ishlab chiqaruvchining vaksinasini olish haqida o‘ylanishmoqda. «Gazeta.uz» emlashga oid asosiy savollarni mutaxassislarga berishda davom etmoqda.

Molekulyar genetik, biotexnolog, biologiya fanlari doktori va O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori o‘rinbosari Alisher Abdullayev nima uchun emlanish ko‘rsatilgan har bir kishi uchun vaksina olish muhimligi haqida gapirdi.

— Majburiy emlashga qanday qaraysiz?

— Men ijobiy munosabatdaman. Ko‘p mamlakatlar majburiy emlashni joriy qilmoqda. Men davlat bunday qarorlarni shunchaki qabul qiladi deb o‘ylamayman. Hozirgi vaziyatda biz ahvol qay darajada ekanligini bilmaymiz, ammo yuqorida bilishadi.

Hammamiz kasal bo‘lmaymiz, «avariya»ga uchramaymiz, qo‘limizni sindirmaymiz va o‘lmaymiz deb o‘ylashga moyilmiz. Biroq, bunday emas, hammamiz bir xilmiz. Demak, biz ham kasallikni og‘ir o‘tkazishimiz yoki o‘lishimiz mumkin.

Odamlar emlanishni xohlamasligini tushunmayman. Ha, hozir emlash mumkin bo‘lmagan ma’lum odamlar guruhi mavjud. Bu onkologik va surunkali kasalliklarning kuchayish bosqichidagi odamlar. Ammo ularni kasal bo‘lmasliklari uchun izolyatsiya qilish kerak. Chunki ular kasal bo‘lib qolishsa, tirik qolish imkoniyati juda past.

Ko‘pchilikka esa emlanish zarur. Bolalarga yuqib, ularning hatto besh yoshga ham to‘lmasdan umriga zavol bo‘lgan ko‘pgina kasalliklar vaksina tufayli yo‘q qilingan. Sovet Ittifoqi vaksinalardan foydalanishning juda aniq tizimini joriy etgan. «Xohlamayman» degan kishi bo‘lmagan. Hammani emlashgan. Va hozirgacha bolalar vaksina olishadi.

Aholini qutqarish haqida gap ketganda, odamlar bu o‘yin emasligini tushunishlari kerak. Agar ular kasal bo‘lib qolishsa, ular o‘lishadi yoki boshqalarni o‘limga duchor qilishadi.

Albatta, ba’zi nojo‘ya ta’sirlari bo‘lishi mumkin. Ammo ularni o‘lim bilan solishtirib bo‘lmaydi. Koronavirusga chalinganlarning ko‘pchiligida kasallikdan so‘ng uzoq muddatli oqibatlar kuzatiladi.

Emlashdan bosh tortish kasalxonalarni koronavirus bemorlarini davolash uchun qayta ixtisoslashtirilishiga olib keladi. Boshqa kasalliklar pandemiya kelishi bilan hech qayerga yo‘qolmadi. Boshqa kasalliklarga chalingan bemorlar hamon tibbiy xizmat, shifoxona yotoqlari va «tez yordam»ga muhtoj.

Bundan tashqari, emlashdan bosh tortish virusning mutatsiyasiga olib keladi. Virusni qanchalik tez «bo‘g‘ib» tashlasak, undan butunlay qutulish imkoniyatimiz shuncha ko‘p bo‘ladi. Viruslar juda yuqori o‘zgaruvchanlikka ega. Odamlarda, o‘simliklarda va hayvonlarda genetik kod bakteriyalar yoki xamirturushlar kabi tez o‘zgarmaydi. Virusli genetik kod esa bakteriyalar genomiga qaraganda ancha tez o‘zgaradi.

Emlanishni xohlamaydigan odamlar va kasal bo‘lmaganlar virusning ko‘payishi va o‘zgarishi uchun platsdarm bo‘lib xizmat qiladi. Qo‘pol qilib aytganda, agar, virusga inson tanasi yoqmasa, u himoya reaksiyasini yengish uchun kodini o‘zgartirishga qaror qiladi. Virus immunitetning unga qarshi kurashishi haqidagi ma’lumotlarni doimiy ravishda yangilab turadi. U o‘z genomiga inson immunitetini chetlab o‘tishga imkon beruvchi o‘zgarishlarni kiritib boradi.

Antitanachalar bilan uchrashgan virus keyingi organizmga kirganda, u boshqa odamning immunitet tizimidan ko‘proq himoyalangan bo‘ladi. Shuning uchun, virus ko‘paymasligi uchun emlanish kerak.

Agar ikki kishidan biri emlangan bo‘lsa-yu, ikkinchisi emlanmagan bo‘lsa, emlanmagan odam virusni boshqalarga o‘tkazadi, lekin emlangan odam o‘tkazmaydi. Emlangan odam virusni to‘xtatish nuqtasidir. Uning atrofidagilar qutqarilgan bo‘ladi.

— Hamma, shu jumladan JSST, emlashdan keyin ham ehtiyot choralariga rioya qilish kerakligi borasida gapirmoqda. Hatto emlanganlar ham kasallikni yuqtirib olishi va tarqatishi mumkin.

— Balki qisqa muddatga. Ammo, agar siz emlangan bo‘lsangiz, virusni qanday boshqalarga yuqtirasiz? Sizda virus ko‘paya olmaydi. Virus boshqa odamga yuqishi uchun ko‘payishi kerak.

Emlangan bo‘la turib, kimgadir virusni yuqtirish ehtimoli juda past. Bu 2−3% hollarda yuz berishi mumkin. Vaksina mutlaq kafolat bermaydi. Vaksinatsiyadan keyin kasal bo‘lishi mumkin bo‘lgan odamlar ham bor. Ammo agar odam virusga qarshi immunitetga ega bo‘lsa, immunitet virusni o‘ldiradi.

Agar hammamiz emlangan bo‘lsak, virusni ko‘payish joyi bo‘lmaydi. Boshqa kasalliklar singari u ham asta-sekin yo‘qoladi. O‘lat, vabo, tabiiy chechak bor edi. Pandemiyalar 300 yillab davom etgan.

— Virusni boshqalarga yuqtira olmasak, emlashdan keyin nima uchun niqob kiyishimiz kerak?

— Siz baribir ham kasal bo‘lib qolish ehtimoli bo‘lgan odamlarning kichik bir qismi qatorida bo‘lishingiz mumkin. Ammo davlat haqiqatan ham pasayish kuzatilayotganini va kasallik kam qayd etilayotganini ko‘rsa, odamlar niqoblarini yechishlari mumkin bo‘ladi.