Bosh vazir Abdulla Aripov o‘zbek-xitoy vaksinasi bilan birinchilardan bo‘lib emlangan. Bu haqdagi axborotni bosh vazir matbuot xizmati xodimi Bekzod Hidoyatov Daryo`ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bosh vazir Abdulla Aripov o‘zbek-xitoy vaksinasi bilan 2021 yil boshida to‘liq emlanib bo‘lgan. Uch bosqichli emlanish jarayonining birortasidan so‘ng bosh vazirda nojo‘ya ta’sirlar sezilmagan.

“Gazeta.uz” muxbirining xabar berishicha, bosh vazir 2020 yilning dekabr oyida ko‘ngillilar orasida vaksinaning birinchi dozasini olgan.

Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev ham koronavirusga qarshi to‘liq emlanganligi haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva may-iyun oylarida koronavirusga qarshi Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi bilan emlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin “Sputnik V” vaksinasini olganligi, innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov esa xitoy-o‘zbek vaksinasining sinovida ishtirok etgani, xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov xitoy-o‘zbek vaksinasi olgani haqida xabar berilgan.

Shuningdek, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Mahalla, Oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov hamda Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev koronavirusga qarshi emlangani haqida xabar berilgan edi.