Nigeriyada qaroqchilar 80 nafar maktab o‘quvchisi evaziga 194 ming dollar talab qilishdi

8 iyul kuni Nigeriyaning Kaduna shtatida bir guruh maktab o‘quvchilarini o‘g‘irlab ketgan qaroqchilar qolgan 80 nafar o‘quvchini qo‘yib yuborish uchun 80 mln naira (taxminan 194 ming dollar, har biri uchun 1 mln nairadan) miqdorida pul talab qilishdi. 25 iyul kuni 28 nafar maktab o‘quvchisi ozod etilgan edi. Garov puli to‘langanligi noma’lum. Aytilishicha, dastlab, qaroqchilar butun guruhni ozod qilish uchun 60 mln naira (150 ming dollar) talab qilishgan.

30 may kuni Nigeriyaning Niger shtatida qurolli shaxslar 200 ga yaqin maktab o‘quvchilarini o‘g‘irlab ketishgan edi. Unda bir kishi halok bo‘lgan.

TASSning yozishicha, so‘nggi oylarda Nigeriyada universitetlar va maktablarga talabalarni to‘lov evaziga qo‘lga olish uchun uyushtirilgan hujumlar tez-tez uchrab turmoqda. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning boshidan buyon mamlakatning turli hududlarida mingdan ortiq talaba va maktab o‘quvchilari o‘g‘irlangan. Mahalliy hukumat mart oyidan beri Nigeriya shimolidagi 1,5 mingdan ortiq maktabni yopgan, bolalar esa tinchroq joylardagi boshqa ta’lim muassasalariga o‘tkazildi. Shu bilan birga, amaldagi universitetlar va maktablarda xavfsizlik choralari kuchaytirildi. — TASS.


Livan Isroilga qarata uchta raketa uchirdi

«Livandan Isroil hududiga uchta raketa uchirildi. Ulardan ikkitasi Isroil hududiga quladi, bittasi chegara ustidan o‘ta olmadi. Bunga javoban Isroil armiyasi artilleriya bo‘linmalari Livan hududini o‘qqa tutdi», deyiladi xabarda. Ta’kidlanishicha, Isroil tomondan raketa hujumlari natijasida qurbonlar bo‘lmagan. Keyinroq, Isroil mudofaa kuchlarining yana bir bor Livan chegarasidagi qo‘shimcha nishonlarga zarba bergani aytilmoqda.

Bundan avval, 20 iyul kuni Livandan Isroilga raketa hujumi uyushtirilgan edi. Raketalardan birini «Temir gumbaz» havo hujumidan mudofaa tizimi ushlab olgan, ikkinchisi esa aholi yashamaydigan joyda portlagan.


Belarus hukumati 2025 yilgacha Rossiya bilan integratsiyani chuqurlashtiradi

2021−2025 yillar uchun Belarus siyosatining asosiy yo‘nalishi Ittifoq davlati doirasida Rossiya bilan ikki tomonlama integratsiyani chuqurlashtirish bo‘ladi. «Asosiy vektor — milliy manfaatlarga mos ravishda Ittifoq davlati doirasida Rossiya Federatsiyasi bilan ikki tomonlama integratsiyani chuqurlashtirishdir», — deyiladi hujjatda. Dasturda Rossiya bilan integratsiyaning asosiy mezonlari biznes uchun teng sharoitlarni ta’minlash, energiya iste’moli, bozorlarga chiqish, davlat xaridlarida ishtirok etish va moliyaviy vositalardan foydalanish deb belgilangan.

Belarus, shuningdek, YeOIIda tovar, xizmat, kapital va ishchi kuchining to‘siqsiz va cheklovlarsiz erkin harakatlanishini ta’minlaydigan to‘laqonli iqtisodiy ittifoq tuzishni rejalashtirmoqda.


Chexiyada ikkita yo‘lovchi poyezdi to‘qnashdi. O‘nlab odamlar jarohatlangan


Foto: EPA

Chexiya g‘arbida Milavse qishlog‘i yaqinida ikkita yo‘lovchi poyezdi to‘qnashdi. CTK agentligining xabar berishicha, ikki kishi halok bo‘ldi. 40 ga yaqin yulovchi jarohatlangan, ulardan yetti nafarining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. Yana 31 kishi yengil tan jarohati olgan.

Zapadni expres (Myunxen va Praga o‘rtasida) va oddiy yo‘lovchi poyezdining to‘qnashuvi 4 avgust kuni ertalab soat 8 larda Domajlitse va Blijeyovo hududida sodir bo‘lgan. Transport vaziri Karel Gavlichekning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, tezyurar poyezd semaforning taqiqlovchi signalini o‘tkazib yuborgan.


Nyu-Yorkda emlanish to‘g‘risidagi sertifikatlar talab qilinadi

Nyu-Yorkda avgust oyidan boshlab faqat COVID-19'ga qarshi emlanganlarga umumiy ovqatlanish joylari, sport zallari va konsertlarga kirishga ruxsat beriladi. Bu haqda shahar meri Bill de Blazio ma’lum qildi. Talab 16 avgustda joriy etiladi, lekin bunday muassasalarda tekshiruvlar 13 sentyabrda boshlanadi va qoidabuzarlar jarimaga tortiladi.

ARning ta’kidlashicha, Nyu-York bunday cheklovlarni joriy qilishga qaror qilgan birinchi yirik shahar bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shahar aholisining (18 yoshdan katta bo‘lgan) qariyb 66 foizi emlangan. — AR.


Shuningdek:

  • Cyentyabrdan boshlab Germaniya keksa yoshdagilar va xavf osti guruhida bo‘lganlarga koronavirusga qarshi vaksinaning uchinchi dozasini taklif qila boshlaydi. Bundan oldin qaysi vaksina bilan emlanilganidan qat’i nazar, Pfizer/BioNTech yoki Moderna vaksinalari qo‘llaniladi.
  • Ukraina MDHning kosmik bo‘yicha bitimdagi ishtirokini to‘xtatishga qaror qildi. Kosmosni birgalikda o‘rganish va undan foydalanish to‘g‘risidagi bitim Minskda 1991 yil 30 dekabrda imzolangan bo‘lib, 2019 yil may oyida bekor qilingan.
  • Qirg‘iziston sobiq prezidenti Asqar Akayev Rossiyadan vataniga qaytish niyati borligini ma’lum qildi. «Bu mening vatanim, ota-bobolarimning vatani. Men, albatta, ko‘chib o‘tishni xohlardim», — dedi Akayev. Askar Akayev Qirg‘izistonni 1991 yildan 2005 yilgacha boshqargan, davlat to‘ntarishi natijasida lavozimidan chetlatilgan. Shundan so‘ng u Moskvaga jo‘nab ketdi va hamon o‘sha yerda yashab kelmoqda.
  • JSST sentyabr oyining oxirigacha revaksinatsiyaga moratoriy joriy etishni taklif qilmoqda. Bu yil oxirigacha butun dunyo bo‘ylab yetarli miqdordagi odamlarga dastlabki vaksinani yetkazib berish uchun qilinmoqda.
  • 3 avgust kuni Xitoyda 96 ta koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish yangi holati aniqlandi. 2 avgust kuni ushbu ko‘rsatkich 61 nafarni tashkil etgan. Yuqtirish holatlari Szyansu, Xunan, Xubey, Shandun, Yunnan, Xenan va Futszyan provinsiyalarida qayd etilgan. Mutaxassislar ko‘rsatkichning o‘sishi «Delta» shtammining tarqalishi bilan izohlamoqdalar.
  • AQSh 60 dan ortiq mamlakatlarga 110 mlndan ortiq COVID-19'ga qarshi vaksinalarini xayriya sifatida jo‘natdi.