Kobul «Tolibon» bilan sulh tuzishga tayyor — Afg‘oniston TIV

Afg‘oniston rasmiylari «Tolibon» bilan tinchlik o‘rnatishga va hokimiyatni taqsimlashga tayyor, lekin «Tolibon» ma’lum shartlarga rioya qilsa. Bu haqda Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar «Izvestiya» gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Afg‘oniston hukumati «Tolibon»ni hokimiyatni taqsimlash to‘g‘risidagi bitimga qo‘shishga va birgalikda ishlashga tayyormi?! Javob: ha. Biz «Tolibon» bilan ishlashga tayyormiz, ularni hukumatga qabul qilishga tayyormiz, ular bilan sulh tuzishga va ular bilan hokimiyatni taqsimlashga tayyormiz. Va buning uchun bizda ko‘p shartlar yo‘q, aslida bitta — mamlakat ichida Afg‘oniston kelajagi afg‘on xalqining irodasi bilan hal qilinishi kerak, tashqi chegaralarda esa Afg‘oniston xavf tug‘dirmasligi kerak. Boshqa hech bir mamlakatga va bizda bitta ham xorijiy terrorchi kuch bo‘lmasligi kerak», — dedi Atmar. Bizning hukumatimiz «Tolibon»ni terrorizmni qo‘llab-quvvatlashni bas qilish sharti bilan o‘zining bir qismi sifatida qabul qilishga tayyor», deya qo‘shimcha qildi u.

Afg‘oniston barcha davlatlar bilan hamkorlik qilishga tayyor va respublika raqobat emas, balki hamkorlik maydonchasiga aylanishini istaydi, dedi Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri.

Shuningdek: Afg‘oniston armiyasi Hilmand viloyati ma’muriy markazi bo‘lgan Lashkargoh shahri aholisiga murojaat qilib, uni tark etishni so‘radi — hududda «Tolibon» harakati tarafdorlariga qarshi keng ko‘lamli operatsiya bo‘lib o‘tadi.


Filippin vaksinalar evaziga o‘z hududida AQSh qo‘shinlarini joylashtirish to‘g‘risidagi bitimni tiklaydi

Bu haqda mamlakat prezidenti Rodrigo Duterte ma’lum qildi. «AQShga koronavirusga qarshi vaksinalar yetkazib bergani uchun minnatdorchilik bildiraylik, men ularga imtiyoz sifatida nimadir berdim. Men xorijiy kuchlar kelishuvining tiklanishini bunga minnatdorchilik sifatida deb bilaman», — dedi Duterte. Uning so‘zlariga ko‘ra, u shaxsan aeroportga borib, Moderna kompaniyasining yangi dori partiyasini kutib oladi.

11 fevralda Filippin 1998 yildan buyon amalda bo‘lib turgan AQSh bilan ikki tomonlama harbiy bitim bekor qilinganini e’lon qilgan edi. Ushbu hujjat amerikalik harbiylarga Filippinda qolishga ruxsat bergan, shuningdek, qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish jarayonini tartibga solgan. Iyul oyi oxirida ikki mamlakat mudofaa vazirlari ushbu shartnoma tiklanayotganini e’lon qilishgan.


Chet eldan Iroqqa 17 mingdan ortiq artefakt qaytarildi

Iroqdan noqonuniy olib chiqilgan 17 mingdan ziyod artefakt va qadimiy buyumlar respublikaga AQSh va boshqa bir qator mamlakatlardan yetkazib berildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatga AQShdan 17321ta, Yaponiyadan 9ta, Niderlandiyadan 7ta va Italiyadan bitta qadimiy buyum olib kelingan.

«Islomiy davlat» terrorchilik guruhining jangchilari 2014 yilning yozida Iroq hududining qariyb uchdan bir qismini bosib olgan edi. Hukumat 2017 yil dekabr oyida esa terrorchilar ustidan g‘alaba qozonganini e’lon qildi. Bu davr mobaynida Iroq hududida harakat qilgan terrorchilar minglab qimmatbaho asarlar va qadimiy buyumlarni Iroqdan tashqariga olib chiqib ketishdi, ko‘plab muzeylar va tarixiy joylarni vayron qilishdi, muhim arxeologik zonalarni talon-toroj qilib, noqonuniy qazish ishlarini olib borishgan. — TASS.


Litva Belarus bilan chegara hududida tikon-simli to‘rt metrli devor barpo etadi

Bu haqda mamlakat IIV huzuridagi Davlat chegara xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Vidas Machaytis ma’lum qildi. «Chegaraning 508 km qismini to‘rt metrli payvandlangan metall simli devor bilan yopish rejalashtirilgan, uning ustiga konsertina o‘rnatiladi», — dedi u. Litva-Belarus chegarasining umumiy uzunligi qariyb 680 km. Chegara departamentining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, rejalashtirilgan muhandislik inshooti 152,5 mln yevroga tushadi. «Moliyalashtirishga qarab, qurilish ishlari bir yildan ikki yilgacha davom etishi mumkin», — deydi Machaytis.

Shuningdek: Litva rasmiylari Osiyo va Afrika mamlakatlaridan kirib kelayotgan noqonuniy muhojirlarga uylariga qaytishlari uchun to‘lov taklif qilishni rejalashtirmoqda. Mumkin bo‘lgan to‘lovlarning aniq miqdori hozircha belgilanmagan.

Avvalroq Litva-Belarus chegara hududining noqonuniy muhojirlar bilan to‘lib ketgani haqida yozgan edik.

Konsertina — bu harbiylar tomonidan ishlatiladigan o‘tkir tikanli sim. Maxsus asboblarsiz bunday to‘siqni yengib o‘tish mumkin emas, deb hisoblanadi.


KXDRda oziq-ovqat tanqisligi tufayli armiya zaxirasidan guruch tarqatilishi boshlandi — Janubiy Koreya razvedkasi

Oziq-ovqat yetishmayotgani sababli KXDR harbiylar uchun mo‘ljallangan guruch zaxirasidan foydalanishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Associated Press Janubiy Koreya Milliy razvedka boshqarmasiga (NIS) tayanib xabar bermoqda. NIS’ning ta’kidlashicha, KXDR hukumati oziq-ovqat yetishmayotgan fuqarolarga, shuningdek, ishchilar va qishloq xo‘jaligi bo‘limlariga guruch tarqatishni boshlagan. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, issiqlik va qurg‘oqchilik sholi va boshqa donli ekinlarning yo‘q bo‘lishiga, chorva mollarining nobud bo‘lishiga olib keldi. Hozirda, Shimoliy Koreya rahbariyati qurg‘oqchilikni «milliy omon qolish masalasi» deb belgilagan va jamoatchilikning bu muammo haqdagi xabardorligini oshirishga harakat qilmoqda.

Aytilishicha, KXDRdagi 26 mln fuqaro uchun 5,5 mln tonnaga yaqin oziq-ovqat kerak, biroq ayni paytda 1 mnn tonna oziq-ovqat yetishmayapti. Shuningdek, mamlakatda guruch narxi — u yerdagi eng muhim don — bu yil boshidan buyon ikki barobar oshgan, iyulda narx barqarorlashdi, lekin keyin yana ko‘tarila boshladi.


Shuningdek:

  • Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Londonda Belarus muxolifati rahbari Svetlana Tixanovskaya bilan uchrashdi. «Biz, shubhasiz, siz tarafdamiz. Siz qilayotgan ishni biz faol qo‘llab-quvvatlayapmiz», — dedi Jonson Tixanovskayaga murojaat qilib. Bosh vazir, shuningdek, «Belarusda fuqarolik jamiyati va demokratiyani» qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidladi. 28 iyul kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Oq uyda Tixanovskaya bilan uchrashgan edi.

Foto: EPA-EFE/HOLLIE ADAMS/POOL

  • Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Askar Akayev DMXQdagi so‘roqdan keyin «Kumtor» oltin koni to‘g‘risidagi ish bo‘yicha tergov bilan hamkorlik qilish uchun mamlakatga kelganini ma’lum qildi. Shuningdek, Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri Temir Sariyev (2015−2016 yy.) «Qumtor» ishi bo‘yicha hibsga olindi.
  • Liviya Oliy davlat kengashining amaldagi raisi Xolid al-Mishri to‘rtinchi muddatga qayta saylandi.
  • Hindistondagi G‘arbiy Bengaliya shtatida yomg‘ir va suv omborlarining to‘lib ketishi oqibatida yuzaga kelgan toshqinlarda kamida 14 kishi halok bo‘ldi, 250 mingga yaqin kishi vaqtincha turar joylarga joylashtirildi.
  • AQSh 36 ta kema va dengiz korpuslari ishtirokida, 17 ta vaqt zonasida, so‘nggi 40 yil ichida o‘tkazilgan eng yirik dengiz mashg‘ulotlarini boshlamoqda. Harbiy mashg‘ulotlar ikki hafta davom etadi.