Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova «Gazeta.uz» so‘roviga muvofiq, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda aholini majburiy emlashni qonuniylashtirish ortidan inson huquqlari qay darajada buzilayotganiga oid savollarga javob berdi.

17 iyul kuni Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida 14 toifadagi fuqarolar ommaviy emlanishi shart etib belgilandi. Unga ko‘ra, рўйхатdagiлар 1 sentabrgacha 1-doza, 1 oktabrgacha 2-doza va 1 noyabrgacha 3-doza vaksinalarini olishi kerak.

Bunga asos qilib esa, «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, O‘zbekiston Bosh davlat sanitariya vrachi atrofdagilar uchun xavf tug‘diruvchi yuqumli va parazitar kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi xavfi bo‘lgan taqdirda tegishli sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tadbirlar o‘tkazish to‘g‘risida qarorlar chiqarish vakolatiga egaligi ko‘zda tutilgan"i aytildi.

Undan oldinroq, Qonunchilik palatasi spikeri 16 iyul kuni Nurdinjon Ismoilov qonunan emlash tadbirlarini majburiy tarzda amalga oshirish mumkin emasligini, buning uchun qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish lozimligini ta’kidlagan eli.

«Gazeta.uz»ning bir-biridan mustaqil bir nechta manbasining xabar berishicha, hozirda davlat organlari, jumladan, IIV, Bosh prokuratura, vazirlik va davlat tashkilotlarida xodimlarni majburiy emlash ishlari jadal olib borilmoqda. Barchani birdek emlash boshlanganida ularda tanlov erkinligi bo‘lmagani, o‘sha vaqtda (1 hafta ichida) mavjud vaksina (xitoy-o‘zbek) bilan emlanishayotgani qo‘shimcha qilingan.

E’tiborlisi, 27 iyulga kelib (oradan 11 kun o‘tib), quyi palata deputatlari O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi majburiy emlashni qonuniylashtirishni ko‘zda tutgan qonun loyihasini ma’qullab, Senatga yuborishdi.

Ushbu hujjat loyihasida «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonunning 28-moddasida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi mumkinligi to‘g‘risida aniq norma kiritilmoqda.

Qolaversa, Mehnat kodeksining 113-модdaсida xodim yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli ekanligi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu moddada shuningdek, xodim ishdan chetlatilgan davr uchun unga ish haqi hisoblanmasligi qayd etilgan.

Bundan kelib chiqadiki, hozircha yuqoridagi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmagan ekan, ayni vaqt har qanday holatda ham majburiy emlash qonunga zid… Agar zid bo‘lmasa, nega unda deputatlar yarim yillab ko‘rib chiqilishini kutayotgan hujjatlarni ortga surib, mazkur loyiha ustida bosh qotirmoqda?

Quyi palata izohida shunday deyilgan: «Bu bilan hammani majburiy emlash joriy etilmayapti. Gap ma’lum bir toifadagi ishchi-xodimlarning vaksina olishi haqida ketyapti. Bu toifa vakillari (14 toifa) matbuotda e’lon qilingan».

Yuqoridagilar kelib chiqib, «Gazeta.uz» ombudsman Feruza Eshmatovaga bir nechta savollar bilan murojaat qildi.

— Inson huquqlari himoyachisi sifatida sizningcha, majburiy emlashni joriy etish ortidan fuqarolarning haq-huquqlari buzilmayaptimi?

— Ushbu savolga «bu inson huquqlarining poymol etilishi yoki aksincha» deb javob berishdan avval, dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan COVID-19 bilan ular qanday kurashayotganliklari hamda qonunchiligimizga majburiy vaksina olish bo‘yicha tegishli normalarning kiritilishi zaruriyati va fuqarolar salomatligiga qanchalik darajada xavf solayotganini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.

«Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida»gi Xalqaro paktning 12-moddasiga ko‘ra, Paktda ishtirok etuvchi davlatlar har bir kishining jismoniy va ruhiy salomatlik jihatdan oliy darajaga yetishi huquqini e’tirof etishi belgilangan.

Ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlar ko‘rishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • O‘lik go‘daklar tug‘ilishini va bolalar o‘limini qisqartirish hamda bolalarning sog‘lom rivojlanishini ta’minlash;
  • Tashqi muhitning hamma jihatlarini va sanoatda mehnat gigiyenasini yaxshilash;
  • Yuqumli, endemik, kasbiy va boshqa kasalliklar oldini olish, davolash hamda ularga qarshi kurashish;
  • Kasal bo‘lgan hollarda hammaga tibbiy yordam ko‘rsatish va tibbiy parvarishni ta’minlaydigan sharoit yaratish.

Shu o‘rinda, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHBES) yaqinda, ya’ni joriy yilning 8 aprel kuni yosh bolalarning majburiy emlanishini demokratik tamoyillarga muvofiqligi haqida qaror qabul qildi.

Chexiyada istiqomat qiluvchi bir guruh ota-onalar tomonidan IHBESga maktabgacha ta’limgacha yoshidagi farzandlarini majburiy emlanishi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining 8-moddasiga (shaxsiy va oilaviy hayotning hurmat qilinishi huquqi) zid ekanligini ta’kidlashgan.

Sud bolalarni majburiy emlash, garchand Yevropa Konvensiyasiga zid bo‘lsada, demokratik jamiyatda zarur deb hisoblanishi mumkinligi, shu bilan birga Chexiyada bolalar huquq va manfaatlari e’tiborga olinishini ta’kidlagan. «Maqsad — har bir bolani xavfli kasalliklardan emlash yoki jamoaviy (kollektiv) immunitet orqali himoya qilishdir» deyiladi qarorda.

Ushbu qaror COVID-19 pandemiyasi davrida emas, balki boshqa kasalliklarga qarshi emlanishi bo‘yicha 2013−2015 yillar ko‘tarilgan bo‘lsa-da, lekin pandemiya davri uchun ham o‘z aktualligini saqlab qolmoqda.

— Xorij davlatlari ham shu yo‘ldan borayaptimi yoki ularda yondashuv boshqachami?

— So‘zimizning tasdig‘i sifatida xorijiy mamlakatlardagi holat va yangi tartiblarga to‘xtalsak. Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Mett Henkok joriy yilning iyun oyidagi chiqishida, ayrim toifadagi fuqarolar uchun COVID-19`ga qarshi emlanish majburiy ekanligi va bu bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritilishini ta’kidagan.

Fransiya, Kanada, Gretsiya, Avstraliya, Indoneziya, Italiya, Turkmaniston, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlar ham COVID-19`ga qarshi jamiyatning ayrim kategoriyadagi fuqarolarni majburiy emlanishi yo‘lidan borishmoqda.

Biz yuqorida sanab o‘tgan davlatlarning barchasi odamlar bilan doimiy muloqotga kirishuvchi kategoriyalarni aniqlab, agar ular COVID-19 bilan og‘risa boshqa shaxslarga ham yuqtirishi mumkinligi nuqtai nazaridan majburiy emlash amaliyotini tanlashgan.

Sodda qilib aytganda, agar men kasal bo‘lsam atrofimdagilarga ham yuqtirishim mumkin. Aksincha, vaksina olganim uchun virus menga yuqmasa boshqalarni ham zararlamayman.

Ko‘plab davlatlar tajribasida qo‘llanilayotgan majburiy vaksina tartiblari «Bir insonning huquq va erkinliklari boshqa bir insonning erkinligiga daxl qilmasligi zarur» degan g‘oyaga asoslangan.

Qolaversa, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda xalqaro ekspertlar koronavirusga qarshi kurashish va uning yangi to‘lqinlarini oldini olish ommaviy vaksinatsiya orqali muvaffaqiyatli tashkil etilishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

— Avval qaror qabul qilinib, undan keyin (oradan 11 kun o‘tib) deputatlar emlashni majburiy qilishga oid qonun loyihasini ko‘rib chiqishdi. Inson huquqlari buzilishi nuqtai nazaridan, ushbu holatga huquqiy baho bera olasizmi?

— «Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida»gi qonunining 3-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasining prezidenti, o‘z davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud hamda bosh prokuror qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.

Shuningdek, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 20-moddasida fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart deb belgilangan.

«Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasiga asosan, sog‘liqni saqlash sohasida inson huquqlariga rioya qilinishi, aholining barcha qatlamlari tibbiy yordamdan bahramand bo‘la olishi, profilaktika chora-tadbirlarining ustunligi, sog‘lig‘ini yo‘qotgan taqdirda fuqarolarning ijtimoiy himoya qilinishi fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlashning asosiy prinsiplaridan hisoblanadi.

Majburiy emlash amaliyoti orqali mamlakatimizda ham xorijiy davlatlar tajribalariga mos ravishda, kasallikka qarshi jamoaviy immunitetni shakllantirish orqali kurashilmoqda. Agar siz biror bir kishiga kasallik yuqtirsangiz, uning ko‘chaga chiqish, o‘qish, ishlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga kirishish imkoniyatlari vaqtincha cheklanadi. Ushbu vaziyatda virus surunkali kasalliklar tufayli kuchsiz yoki immuniteti past insonlarga yoki katta yoshdagi insonlarga yuqsa, buning oqibati o‘lim bilan ham tugashi mumkin.

Nazarimda, aholimiz ushbu normaning amaliyotga noto‘g‘ri talqin qilinishidan, immuniteti past yoki biror bir kasallik bilan og‘rigan bo‘lishiga qaramay, yoppasiga barchani emlashlari mumkinligi yoki vaksina olish mumkin bo‘lmagan hollarda xodimlarni ishdan bo‘shatib yuborish holatlari kuzatilishidan cho‘chishmoqda.

Shuning uchun ham targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirib, majburiy vaksinani olish mumkin bo‘lmagan hollarda qanday chora-tadbirlar ko‘rilishi kerakligi kabi masalalarga ham e’tibor qaratish zarur.

— Majburiy emlash vaqtida faqat bir turdagi vaksina mavjudligi vaziyatida aholining tanlov huquqi buzilmayaptimi?

— Vaksina tanlovi masalasiga kelsak, fuqarolarga vaksinalar haqida to‘liq ma’lumot berib, tanlash imkonini yaratish maqsadga muvofiq.