Markaziy saylov komissiyasi 29 iyul kuni beshta siyosiy partiyaning vakolatli vakillarini ro‘yxatdan o‘tkazdi, deb xabar qildi MSK matbuot xizmati.

Saylov kodeksining 34 moddasiga muvofiq, O‘zbekiston prezidentligi, Qonunchilik palatasi deputatligi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.

Beshta partiyaning vakolatli vakillari quyidagilardan iborat:

  • Yakubov Baxtiyor Sultannazirovich — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi;
  • Mamatxonov Bahodirjon Mo‘llajon o‘g‘li — «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi;
  • Rahmonov Abdukamol Shodiyevich — «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi;
  • Sanginov Saidrasul Saidakparovich — O‘zbekiston Ekologik partiyasi;
  • Vafoyev Ulug‘bek Nazarovich — Xalq demokratik partiyasi;

MSK partiya vakillariga ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarni (mandatlarni) topshirdi. Vakillarning vakolat muddati saylov yakunlari bo‘yicha natijalar matbuotda e’lon qilingan kundan e’tiboran tugagan deb hisoblanadi.

MSK O‘zbekiston prezidenti saylovi kuni etib 24 oktyabrni belgiladi. Saylov kampaniyasiga esa 23 iyuldan boshlab start berildi.