Turkiyadagi o‘rmon yong‘inlari

Foto: Ozan Efeoglu/Getty Images

Foto: Mustafa Ciftci/Getty Images

Foto: Cevin Dettlaff/Getty Images

Turkiyaning janubidagi o‘rmon yong‘inlari sababli 180 dan ortiq kishi jarohatlandi. «Issiqlik tufayli yong‘inlar kutilgan edi, ammo afsuski, ular deyarli bir kunning o‘zida sodir bo‘ldi. Ularni to‘liq nazorat ostiga olish uchun vaqt kerak bo‘ladi», — dedi qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Bekir Pakdemirli.

28 iyul, chorshanba kuni Antaliya viloyati gubernatori ma’muriyati Manavgat hududida kuchli o‘rmon yong‘ini boshlanganini e’lon qildi. Yong‘inni o‘chirishda ikkita samolyot, 19 ta vertolyot va 192 ta o‘t o‘chiruvchi vosita qatnashdi. Kuchli shamol va issiq havo tufayli yong‘in tezda keng maydonga tarqaldi. Payshanba kuni Manavgatdagi yong‘in nazoratga olindi. Uch kishi halok bo‘ldi, 122 kishi jarohat oldi.

Mahalliy OAVning xabar berishicha, hokimiyat aholi va sayyohlarni kuchli o‘rmon yong‘inlari avj olgan Marmaris kurorti hududidagi mehmonxonalardan evakuatsiya qilishni boshladi. Shuningdek, Antaliya viloyatining Akseki tumanida, Mersin viloyatining Silifke tumanida, Adana viloyatining Karaisali tumanida, Osmaniye viloyatining Pos tumanida va Kayseri viloyatining Yaxyala tumanida o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish ishlari davom etmoqda. Shunday qilib, so‘nggi ikki kun ichida Turkiyaning 13 viloyatida 41 ta o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘ldi, ulardan 31 tasi nazoratga olindi. — Gazeta.uz


Braziliyada sovuq tushib, qor yog‘di

Braziliyaning bir qator hududlarida mamlakat uchun rekord darajada past harorat o‘rnatilib, qor yog‘di. Ta’kidlanishicha, dam olish kunlarida ham sovuq ob-havo kutilmoqda. 28 iyul kuni eng past harorat (-7,8) San-Xakim shahrida qayd etildi. 30 iyul kuni Porto Alegre, Florianopolis, Kuritiba, San-Paulu va Kampo-Grande shaharlarida havo harorati 5 darajadan pastga tushadi.

Shu bilan birga, sovuqlar hosilga ta’sir ko‘rsatgani aytilmoqda. Fermerlarning ta’kidlashicha, kofe, shakarqamish, paxta, makkajo‘xori va turli sabzavot ekinlari plantatsiyalari zarar ko‘rgan. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ayrim turlari narxi allaqachon oshib ketgan. Shuningdek, kofe va meva narxlarining sezilarli darajada ko‘tarilishi kutilmoqda.


Yaponiyaning Fukui prefekturasida ko‘chkilar tufayli 120 dan ortiq kishi yakkalangan holda qoldi

NHK’ning xabar berishicha, tog‘li Otani va Takasu qishloqlaridagi ko‘chkilar yo‘llarni buzgan. Hammasi bo‘lib 61 xonadon va 121 kishi yakkalangan holda qolib ketdi. Fukui shahrida kuchli yog‘ingarchilik yo‘llarni suv bosishiga olib keldi. Ba’zi joylarda suv darajasi 10 santimetrga yetmoqda. Mahalliy hokimiyat idoralari 29 iyul kuni ertalab 16 ta tumandagi 64 mingga yaqin kishini evakuatsiya qilish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Yaponiya meteorologiya agentligi Fukui prefekturasida 24 soat ichida 150 mm gacha yog‘ingarchilikni, shuningdek, qo‘shni Toyama va Ishikava prefekturalarida 100 mm gacha yog‘ingarchilikni prognoz qilmoqda. — NHK.


Malayziya muxolifati mamlakat bosh vazirini iste’foga chiqishga chaqirmoqda

Malayziya muxolifati Xalq adolat partiyasi rahbari Anvar Ibrohim favqulodda holatni bekor qilgan mamlakat bosh vaziri Muhiddin Yassinni iste’foga chiqishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Muhiddin Yassin hukumati konstitutsiyani buzib, konstitutsiyaviy monarxiya institutini haqorat qilgan va parlamentni yo‘ldan ozdirgan». Ta’kidlanishicha, bosh vazir favqulodda holat rejimini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilganida Malayziya oliy rahbarining roziligini olmagan.

29 iyul kuni Malayziyaning oliy rahbari Abdulloh Riyayatuddin al-Mustafo Billah favqulodda holatning bekor qilinishiga rozi emasligini aytdi va Muhiddin Yassinni tanqid qildi. Mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, faqat oliy rahbar farmonlarni bekor qilish va bekor qilinganligini e’lon qilish huquqiga ega. — TASS.


200 mingga yaqin mansabdor shaxsga davlat tili sertifikatisiz ishlashga ruxsat berilmayapti — Rada deputati

Ukrainada 200 mingga yaqin mansabdor shaxslar davlat tilini bilish sertifikati yo‘qligi sababli ish boshlay olmayapti. Bu haqda Oliy Rada deputati Maksim Bujanskiy ma’lum qildi. «Til to‘g‘risidagi „ajoyib“ qonun tufayli butun davlat mashinasi qayta tiklanmaydigan yirtqich hayvon kabi qotib qoldi. 10-moddaning ikkinchi bandi davlat lavozimlariga tayinlanganlarning hammasidan, mutlaqo barchadan, istisnosiz, tilni bilish sertifikatiga ega bo‘lishlarini talab qiladi. Va 16 iyuldan buyon amaldorlarning ulkan armiyasi, aytilishicha, ular soni ikki yuz mingga yaqin, ish boshlay olmay, tayinlanmasdan, hech narsa qila olmay qolgan», — deb yozgan deputat Telegram-kanalida.

16 iyul kuni Ukrainada kino sanoatini ukrainlashtirish, ukrain tilida tadbirlarni majburiy o‘tkazish va davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha imtihonlarni joriy etishga oid «Ukraina tilining davlat tili sifatida ishlashini ta’minlash to‘g‘risida"gi qonunning yangi normalari qabul qilindi. Endilikda davlat xizmatiga kirish uchun yana bir hujjat — davlat tilini bilish darajasi to‘g‘risida sertifikat topshirish kerak.


Myanma COVID-19'ning super-tarqatuvchisiga aylanishi mumkin — BMT

Myanmadagi vaziyat COVID-19'ning butun mintaqada tarqalishiga olib kelishi mumkin, dedi BMTning Myanmadagi inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Tom Endryus. Mamlakatda kasallikka chalingan va vafot etganlar aniq soni noma’lum, dedi u. Shu bilan birga, Endryus Myanma dunyo aholisining uchdan bir qismi yashaydigan mamlakatlar bilan chegaradoshligini esladi. Shu munosabat bilan tashkilot vakili BMT Xavfsizlik Kengashining fevral oyida qabul qilingan rezolyutsiyasini tasdiqlashga va Myanmada o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, xalqaro hamjamiyat, shu jumladan Myanma bilan chegaradosh davlatlar o‘z chegaralarida COVID-19'ning nazoratsiz tarqalishi oqibatlarining oldini olish uchun tezda harakat qilishlari kerak. — The Guardian.


Shuningdek:

  • AQSh prezidenti Jo Bayden Oq uyda Belarus muholifati yetakchisi Svetlana Tixanovskayani qabul qildi. Bayden AQSh «Belarus xalqini demokratiya yo‘lida qo‘llab-quvvatlashini» ta’kidladi.
  • Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy «Milliy qarshilikning asoslari to‘g‘risida» va Ukraina Qurolli kuchlari sonini ko‘paytirish to‘g‘risida qonunlarni imzoladi. «Bu har kimga kuchli signal bo‘lsin-ki, bizning mamlakatimiz o‘zini himoya qiladi, 2014 yilgi voqealarga yo‘l qo‘ymaydi», — dedi Zelenskiy.
  • Pedro Kastilo rasman Peru prezidenti lavozimiga kirishdi.
  • Pfizer-BioNTech koronavirusga qarshi vaksinasining samaradorligi, preparatning ikkinchi dozasi bemorlarga yuborilgandan olti oy o‘tgach, 96% dan 84% gacha kamaydi.