Ijtimoiy tarmoqlarda italiyalik dizayner Stefano Richchi O‘zbekiston uchun kolleksiya yaratgani haqida xabarlar tarqaldi. Richchi tomonidan yaratilgan oyoq kiyimlarida O‘zbekiston gerbi va bayrog‘i tasvirlangan.

Bu assortimentga quyidagilar kiradi: futbolkalar, jinsi shimlar, kepkalar, sport kostyumlari. Toshkentdagi Glamour do‘konining saytida ko‘rsatilgan narxlarga ko‘ra, emblemali oq krossovkalar 18 mln so‘mга narxlangan. Boshqa bir turdagi oyoq kiyim esa 24 mln so‘m etib ko‘rsatilgan.

Foto: glamourboutique.uz

Mazkur holat yuzasidan Adliya vazirligi axborot xizmati munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, ushbu holat «O‘zbekistonning davlat ramzlari — bayroq va gerbga nisbatan hurmatsizlik» hisoblanadi.

Ma’lumotga ko‘ra, Toshkent shahar adliya boshqarmasi tomonidan Toshkent shahridagi davlat organlari va tashkilotlari hamda davlat muassasalarida davlat ramzlaridan foydalanishda huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganilgan.

O‘rganish davomida 363 ta holatda «Davlat gerbi to‘g‘risida"gi qonunи talablari buzilganligi aniqlangan.

Shunga ko‘ra, Toshkent shahrida joylashgan shahar hamda tuman miqyosidagi davlat organlari, tashkilotlari va muassasalariga qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida 103 ta taqdimnoma hamda 70 ta qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohnoma, shuningdek Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga 49 ta ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risida takliflar yuborilgan.

Natijada 55 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan, 18 ta huquqbuzar ma’muriy ravishda ogohlantirilgan, 9 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jarima jazosi qo‘llanilgan.

Ma’lumot uchun, turli onlayn do‘konlarda boshqa davlat bayroqlari aks etgan poyabzal suratlarini ko‘rish mumkin (AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya).

Foto: amazon.com

Foto: amazon.com

Foto: etsy.com