Prezident 24 iyuldagi «Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi [PF-6269-son] farmonni imzoladi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan O‘zbekiston fuqarosi, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasi hamda O‘zbekiston fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish Davlat xizmatlari markazlari orqali ham amalga oshiriladi.

Avvalroq, yangi yil boshidan xorijga chiqish uchun pasportini olish xizmati narxi BHMning 1 baravari — 245 ming so‘m [amalda BHMning 1,2 baravari — 294 ming so‘m] etib belgilanishi haqida yozgan edik.

Bundan tashqari, DXMlar va YAIDXP orqali bosqichma-bosqich joriy etiladigan davlat xizmatlari ro‘yxati — 87 ta, qolaversa, 1 yanvardan ko‘rsatish muddatlari qisqartiriladigan davlat xizmatlarining ayrim turlari ro‘yxati — ular 59 ta tasdiqlandi.

Shuningdek, 1 yanvardan jismoniy shaxslarga ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi malaka sertifikatlarini berish hamda ularni ushbu maqsadda attestatsiyadan o‘tkazish uchun murojaatlar elektron shaklda qabul qilinadi.

Bunda imtihon jarayonlari uzluksiz videotasvirga (ovozli) tushiriladi va videotasvir kamida bir yil saqlanadi.

2021 yil 1 noyabrgacha «Elektron hukumat» tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash yagona axborot tizimining (OneID) yangi talqini hamda uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi.

Bunda, masofaviy identifikatsiya qilishni yo‘lga qo‘yish, davlat xizmatidan foydalanishda shaxsni mobil aloqa telefoni orqali tasdiqlash, davlat xizmatlarini ko‘rsatish holati to‘g‘risida abonentlarga SMS-xabar yuborish imkoniyati yaratiladi.