Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekov AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida vaksinatsiya jarayonlari haqida ma’lumot berdi.

«Biz shu kunga qadar 1 mln 34 ming kishini koronavirusga qarshi to‘liq emlab bo‘ldik. Shu paytgacha vaksina olgan aholining soni 6 mln dan oshdi (SSV ma’lumotlariga ko‘ra, 22 iyul holatiga ko‘ra vaksinaning birinchi dozasi bilan emlanganlar soni bundan ancha kamroq, ya’ni 3 mln 779 ming 709 kishini tashkil etadi — tahr.). Albatta, 6 mln dan ortiq emlanganlar orasida bir marta, ikki marta, uch marta emlanganlar mavjud», — deydi u.

Ta’kidlanishicha, mutaxassislar, Respublika maxsus komissiyasi hamda SSVning bevosita rahbarligida amalga oshirilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, 21 mln aholini emlash rejalashtirilmoqda. «Hozirgi kunda kelib 21 mln aholining 4,9 foizini emlash bilan qamrab oldik», — deya qo‘shimcha qiladi Nurmat Otabekov.

Aytilishicha, O‘zbekistonda bugungi kunda 4,1 mingta emlash punktlari faoliyat ko‘rsatyapti. Mazkur punktlarda bir kunda bitta punktda 19 kishi emlanmoqda. «Aslida esa, imkoniyatimiz kuniga 70 odamni emlashga yetadi», — deya ta’kidladi Otabekov.

Ma’lumot uchun, 22 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 5 mln 945 ming 130 doza vaksinadan foydalanilgan. Ulardan:

  • 1-bosqich emlanganlar 3 779 709 nafarni,
  • 2-bosqichda emlanganlar 1 572 483 nafarni,
  • 3-bosqich emlanganlar 592 938 nafarni tashkil qildi.

Shunga ko‘ra, mamlakatda jami emlanganlar soni 3 779 709 kishiни tashkil etmoqda.

14 iyul kuni Nurmat Otabekov O‘zbekiston bo‘ylab emlash tadbirlari uchun yaratilgan imkoniyatlarning teng yarmidan foydalanilayotgani haqida aytgan edi. U har bir bir emlash punktida kuniga 36 nafar fuqaro vaksina olayotganligi, rejada esa 70 kishi emlanishi kerak bo‘lganligini ta’kidlagandi.

Shuningdek, avvalroq Nurmat Otabekov aholini COVID-19ga qarshi majburiy emlash g‘oyasini to‘g‘ri deb hisoblashini ma’lum qilgan edi.