Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdorlari o‘zgardi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Bu yilgi Olimpiada o‘yinlarining o‘ziga xos jihatlaridan biri gender tenglikni saqlash maqsadida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan tavsiya etilgan bir ayol va bir erkak nomdor sportchilar har bir davlat bayrog‘ini olib chiqadi», — deydi u.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston bayroqdorini tayinlashda har bir musobaqalar jadvali, shuningdek, barcha sportchi va delegatsiya a’zolarining fikri inobatga olingan. Shu tariqa O‘zbekiston bayroqdori bo‘lish bokschi Bahodir Jalolov va taekvondochi Nigora Tursunqulovaga ishonib topshirilgan.

Avvalroq, Milliy olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdorlari gimnastikachi Oksana Chusovitina va bokschi Bobo-Usmon Baturov bo‘lishi haqida xabar bergan edi.

Oksana Chusovitina mazkur o‘zgarish haqida fikr bildirdi.

«Menga nega o‘zgarish bo‘lganini izohlashmadi, shunchaki men bormasligimni aytishdi xolos. Ishtiyoqimni so‘ndirishdi. Bunday qilish noto‘g‘ri. Shunchaki tushuntirish mumkin-ku, hammamiz insonmiz-ku, tushunamiz», — dedi sportchi «Sputnik O‘zbekiston»ga.

Avvalroq, Chusovitina olimpiadadan keyin faoliyatini yakunlashini ma’lum qilgan edi.

Ma’lumot uchun, Olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimi bugun Toshkent vaqti bilan 16:00 da (Tokio vaqti bilan 20:20 da) boshlanadi.