Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov «Ular» loyihasida Gruziyadagi elektr energiyasi tizimi haqida fikr bildirib, uni O‘zbekistondagi holatlar bilan solishtirgan edi.

Bakirov Saakashvili islohotlaridan avval Gruziyada elektr energiyasi bepul bo‘lganligi, lekin uning o‘zi bo‘lmaganligini eslagan. «Bizda reformalar nega bo‘lmayapti desangiz bizda avval „tekin“ edi, lekin bo‘lmagan. Hozir svet qimmat, lekin baribir yo‘q. Gruziya reformasidan farqimiz shu», — deya ta’kidlagan edi u.

«Hududiy elektr tarmoqlari» matbuot xizmati mazkur fikrlar yuzasidan munosabat bildirdi.

«O‘zbekistonda elektr energiyasi ta’minotida favqulodda holatlarni inobatga olmasa, taqchillik kuzatilmaydi. To‘g‘ri, qishning sovuq kunlari gaz tanqisligi sabab isitish moslamalari, yohud yozning jaziramasi, anomal issiq kunlarida elektr energiyasi sarfi yuqori bo‘lgan sovitish uskunalaridan foydalanish tizimda ishlab chiqarishga nisbatan iste’mol yuklamasini keltirib chiqaradi, va natijada ma’lum muddat uzilishlar kuzatiladi. Biroq bu, muallif ta’kidlaganidek, O‘zbekistonda elektr energiyasi yo‘q, degani emas…», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, iqtisodchi tomonidan Gruziya hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi elektr energiyasi ishlab chiqarishdan to uni yetkazib berishgacha bo‘lgan bosqichlar atroflicha tahlil qilinmagan. «Gruziyada elektr energiyasining 75 foizi asosan tabiiy resurslardan, bir necha foiz arzon va ekologik toza gidrostansiyalarda ishlab chiqarilishi, O‘zbekistonda esa bu boradagi imkoniyat umumiy elektr energiyasi ishlab chiqarishining 10 foizini tashkil etishi hisobga olinmagani taassuf uyg‘otadi», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

«Hududiy elektr tarmoqlari»ning ma’lum qilishicha, Gruziya Energetik platformasining hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatda iste’mol qilinadigan 1741 MVt elektr energiyasidan 1129 MVt, ya’ni 65 foizi Rossiya, Ozarbayjon hamda Turkiya davlatlaridan import qilinadi. O‘zbekistonda elektr energiyasi importi asosan, yozning issiq kunlari va qishning sovuq kunlarida elektr tarmoqlarida yuklamaning keskin ortishi bilan bog‘liq bo‘lib, umumiy iste’molning 7−8 foizini tashkil etadi.

«Bundan tashqari O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarishning bir muncha qimmat usuli, ya’ni issiqlik elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri kelishi (87%) hisobga olinsa, ikki mamlakat o‘rtasidagi tahlillar 2019−2020 yilda aholi uchun 1 kVt⋅s elektr energiyasi tarifi Gruziyada — 0,62 sentdan 0, 66 sentga oshganligi, yurtimizda esa bu ko‘rsatkich 2019 yildan beri — 0,27 sentdan o‘zgarishsiz qolganligini ham ko‘rishimiz mumkin», — deyiladi kompaniya munosabatida.

Qo‘shimcha qilinishicha, fikr bildirishda iste’molchilar umumiy soni ham inobatga olinishi kerak edi. Qayd etilishicha, ayni paytda respublikada iste’molchilar soni 7,4 mlndan ortiqni tashkil etadi, Gruziyada esa bu ko‘rsatkich — 1,7 mln.