AQSh Davlat departamenti mamlakat harbiylari bilan hamkorlik qilgan afg‘onlarga 2,5 mingta maxsus immigratsion viza ajratdi

Shuningdek, Afg‘onistondan AQShga immigratsiya dasturi bo‘yicha 20 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilinishi kutilmoqda. Bu haqda Davlat departamentining yuqori martabali vakili Brayan Makkeon ma’lum qildi. Evakuatsiya qilinganlar vaqtincha Virjiniya shtatidagi Fort-Li shahriga joylashtiriladi.

G‘arb OAV хабарларига ko‘ra, Amerika harbiylariga, shu jumladan tarjimon sifatida yordam bergan 18 mingga yaqin afg‘onistonlik va yana 53 ming oila a’zolari AQSh immigratsion vizalarini olishga umid qilmoqda. Biroq bu juda uzoq jarayon bo‘lgani sababli, ularni evakuatsiya qilishga qaror qilindi. Amerikalik inson huquqlari faollari va qonunchilar Vashington ma’muriyatini ushbu afg‘onlarni AQShga qarashli Tinch okeanidagi Guam oroliga jo‘natishga chaqirmoqdalar.

Avvalroq Tojikistonning Xatlon viloyatida afg‘on qochqinlari uchun vaqtinchalik saqlash bazasi qurilishi rejalashtirilayotgani haqida yozgan edik.

Shu bilan birga, AQSh Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, mamlakat qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishi 95 foizga bajarilgan.


Maldiv orollaridan chiqib ketayotganlar uchun qo‘shimcha to‘lov joriy qilinadi

Maldiv hukumati iyul oyi boshida soliq kodeksiga o‘zgartirish kiritdi, unga ko‘ra respublikadan chiqib ketayotgan barcha fuqarolardan, shu qatorda sayyohlardan soliq undiriladi va u aviachiptalar narxiga kiritiladi (ikki yoshga to‘lmagan bolalar va diplomatik immunitetga ega bo‘lgan shaxslar bundan mustasno). Yangi soliq aeroport yig‘imi o‘rniga 2022 yil 1 yanvardan boshlab joriy etiladi. Yangi tartibga ko‘ra, ekonom-klass yo‘lovchilari oroldan uchib ketayotgan paytda 30 dollar, mamlakat fuqarolari esa 12 dollar to‘laydi. Fuqaroligidan qat’i nazar, barcha biznes-klass yo‘lovchilari 60 dollar, birinchi klass yo‘lovchilari esa 90 dollar to‘laydi. Xususiy samolyot yo‘lovchilaridan 120 dollar olinadi. Bundan tashqari, Velana xalqaro aeroportidan jo‘nab ketayotgan barcha yo‘lovchilarga aeroportni rivojlantirish uchun 25 dollar miqdorida soliq solinadi. Soliq faqat dollarda to‘lanadi. Agar bunday imkoniyat bo‘lmasa, ushbu to‘lovni aviakompaniya orqali to‘lash mumkin bo‘ladi, deya yozmoqda nashr.

Hozirda sayyohlar 15 dollarlik aeroport yig‘imini to‘laydilar. — Interfaks.


Isroilda COVID-19 koronavirusiga qarshi oral (og‘iz orqali) vaksinasining klinik sinovlari o‘tkaziladi

Mamlakat dunyoda birinchi bo‘lib koronavirusga qarshi bunday turdagi vaksinani sinovdan o‘tkazadi. Vaksina Oramed Pharmaceuticals — Oravax Medical ko‘shma kompaniyasi, shuningdek Hindiston Premas Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. The Jerusalem Post’ning yozishicha Sog‘liqni saqlash vazirligi yaqin bir necha hafta ichida sinovlarni boshlashga ruxsat berishi kutilmoqda. Ta’kidlanishicha, bir necha ming vaksina kapsulalari allaqachon ishlab chiqarilgan.

Oramed Pharmaceuticals bosh direktori Nadav Kidronning tushuntirishicha, yangi preparat koronavirus tarkibidagi uchta oqsilga hujum qiladi, aksincha, vaksinalar esa faqat boshoqli S-oqsilga hujum qila oladi. «Virus bir himoya chizig‘ini yorib o‘tgan taqdirda ham, ikkinchi chiziq paydo bo‘ladi, ikkinchisini buzsa, uchinchisi paydo bo‘ladi», — deydi Kidron. — The Jerusalem Post.


Xitoyning Xenan provinsiyasidagi toshqinlarda halok bo‘lganlar soni 33 nafarga yetdi

Foto: Feature China/Getty Images

Provinsiyada xavfli hududlardan 376 ming kishi evakuatsiya qilingan. Tabiiy ofatlar maydoni 215 ming gektardan oshgani aytilmoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy zarar 1,22 mlrd yuan (143,5 mln dollar) miqdorida baholanmoqda. Meteorologlarning ma’lumotlariga ko‘ra, yog‘ingarchilikning umumiy miqdori 500 mm dan, ba’zi hududlarda esa 900 mm dan oshgan. Kuchli yomg‘irlar natijasida provinsiyada temir yo‘l, havo va avtomobil qatnovi to‘xtatildi, Chjenchjou metrosi suv ostida qoldi, yo‘llar va uylarni suv bosgan, shahar ko‘chalarining bir qismi harakat uchun xavfli deb e’lon qilindi. — Interfaks.


Tojikiston va Rossiya mehnat muhojirlari uchun pensiya ta’minoti loyihasi bo‘yicha kelishib oldilar

Tojikistondan Rossiyaga kelgan mehnat muhojirlarini pensiya bilan ta’minlashni tartibga solish to‘g‘risidagi bitim loyihasining barcha jihatlari kelishib olindi, deya ta’kidladi Tojikiston ijtimoiy sug‘urta va pensiya agentligi direktori Dilmurod Davlatzoda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda agentlik pensiya va ijtimoiy sug‘urta sohasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan muzokaralar olib bormoqda. Dushanbe bilan tegishli kelishuvga ega bo‘lmagan mamlakatlarda ishlayotgan Tojikiston fuqarolari pensiya yoshiga yetganda ijtimoiy nafaqa oladilar, dedi Davlatzoda. — Interfaks.


Saudiya Arabistoni chet elga faqat to‘liq emlanganlarni chiqaradi

Saudiya Arabistoni hukumati kelasi oydan boshlab faqat COVID-19 koronavirusiga qarshi to‘liq emlangan fuqarolar chet elga sayohat qilishlari mumkinligini e’lon qildi. «Vaksinaning ikkinchi dozasi 2021 yil 9 avgustdan boshlab barcha xorijiy sayohatlar uchun zaruriy shartga aylanadi», deyiladi mamlakat IIV bayonotida. Istisno holatlar: 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar; so‘nggi olti oy ichida koronavirusga chalinib undan tuzalganlar; vaksinaning bir dozasi bilan emlangan, kasallikdan tiklanganlar. Bundan tashqari, faqat emlangan Saudiya fuqarolari masofadan turib ishlamasdan o‘z ishlariga qaytishlari mumkin. — Interfaks.


Shuningdek:

  • Janubiy Afrika Respublikasidagi tartibsizliklarda vafot etganlar soni 276 nafarga yetdi. Mamlakatda 10 iyuldan buyon sobiq prezident Jeykob Zuma qamoqqa olingani sababli norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda.
  • Ozarbayjondagi maxsus karantin rejimi 1 sentyabrgacha uzaytirildi. Hukumat qarori bilan jamoat transporti, shu jumladan Boku metrosi 30 avgustgacha shanba va yakshanba kunlari ishlamaydi.