O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqini tabrikladi.

«Qalblarimiz fayzu ilohiy shukuhga to‘lib turgan ushbu ulug‘ kunda yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni tinchlik, shukronalik, mehr-oqibat va saxovat ramzi bo‘lgan muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan tabriklab, o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan g‘oyat mamnunman», — deyiladi tabrikda.

Davlat rahbari tabrikda bu yilgi Qurbon hayitining O‘zbekiston mustaqilligining 30 yillik tarixiy sanasi arafasida o‘tayotgani uning betakror ruhi va ko‘rku tarovatini yanada ziyoda etayotganini ta’kidladi.

«Mustaqil yurtda buyuk maqsadlar bilan tinch va osoyishta yashash, halol mehnat qilish muqaddas dinimizning ezgu g‘oyalariga har tomonlama uyg‘un va hamohangdir», — dedi prezident.

«Ma’lumki, xalqimiz asrlar davomida diniy va dunyoviy ilmlarni o‘zaro uyg‘un rivojlantirish borasida noyob tajriba maktabini yaratgan. Bu fikrning amaliy tasdig‘ini o‘zining beqiyos ilmiy kashfiyotlari, ma’naviy-ma’rifiy tafakkuri bilan jahon ahlini hayratda qoldirgan ulug‘ olimlar va ulamolarimizning bebaho merosi misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Bugungi kunda ana shunday nodir ma’naviy xazinani chuqur o‘rganish borasida yanada katta imkoniyatlar ochilmoqda», — deyiladi tabrikda.

Davlat rahbarining ishonch bildirishicha, «ikki dunyo saodatiga erishishdek ulug‘ orzu-niyatlar bilan yashayotgan olijanob xalqimiz unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy barkamol etib tarbiyalashda ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, ulkan yutuqlarga albatta musharraf bo‘ladi».

Shavkat Mirziyoyev hozirgi murakkab pandemiya davrida diniy ibodatlarni uy sharoitida ado etish taklifi xalq hayoti va salomatligini asrashga qaratilgan eng to‘g‘ri qaror ekanini ta’kidladi.

«Ushbu ulug‘ ayyom kunlarida barchamiz Qodir Allohdan butun insoniyat boshidan kechirayotgan bunday og‘ir sinovlarni yengib o‘tishda O‘zi madadkor bo‘lishini so‘raymiz», — deyiladi prezident tabrigida.