Afg‘oniston qurolli kuchlari mamlakat shimolida va markazida bir necha hududlarni toliblardan qaytarib oldi

Ta’kidlanishicha, gap Darai-Suf Bala (Samangan provinsiyasi), Surxi Parsa va Shayx Ali (Parvon provinsiyasi), shuningdek, Malistan (G‘azni provinsiyasi) hududlari haqida ketmoqda. Avvalroq mudofaa vakili general Ajmal Shinvari so‘nggi to‘rt kun ichida Afg‘oniston qurolli kuchlari 967 nafar tolib jangarisini yo‘q qilgani va yana 500 ga yaqinini yaralaganini aytgan edi. Mamlakatning 34 viloyatidan 20tasida shiddatli janglar davom etmoqda, deya yozmoqda TASS. Xususan, Taxar provinsiyasidagi Talukan shahri «Tolibon» hujumlaridan himoya qilinmoqda. — Afg‘oniston mudofaa vazirligi.

Avvalroq Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» Qatardagi muzokaralarda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erisha olishmagani, lekin iloji boricha tezroq kompromissga erishishga kelishishgani haqida xabar bergan edik.


Isroilda o‘zini yakkalash tartibini buzgan shaxslar javobgarlikka tortiladi

Isroil bosh vaziri Naftali Bennet koronavirusga chalinib, lekin o‘zini yakkalash tartibini buzgan va boshqalarning sog‘lig‘iga xavf tug‘dirgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish va sudga jalb qilishni buyurdi. Bennett, shuningdek, «tantanalar, ommaviy tadbirlar va ayniqsa to‘y marosimlarida qoidalarga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha nazorat qiluvchi organlarning asosiy vazifasini ko‘rib chiqishni» hamda «jarima solish va uni jinoyatchidan undirish o‘rtasidagi vaqt oralig‘ini kamaytirish bilan birga nazorat jarayonini optimallashtirish» bo‘yicha topshiriq berdi, deyiladi bayonotda.

25 iyundan buyon COVID-19 bilan kasallanganlar sonining o‘sishi munosabati bilan Isroil yopiq joylarda niqob taqish rejimiga qaytdi.


Kuchli yomg‘irlar

  • Pekinda kuchli yomg‘ir yog‘ishi tufayli 370 dan ortiq reyslar bekor qilindi. Shoudu xalqaro aeroporti ob-havo sharoiti tufayli 186 ta reysni bekor qildi, yana 130 ta samolyot kechikish bilan havoga ko‘tarildi yoki qabul qilindi. Pekindagi boshqa Daxing aeroporti ham 187 reysni bekor qilishga majbur bo‘ldi, yana 120 ga yaqini kechiktirildi yoki qoldirildi. Shaharning turli qismlarida yuzlab avtomobillar, yer osti garajlari va inshootlari suv ostida qolgan. Kuchli yomg‘irlar suv toshqini, ikkita metro stansiyasining yopilishiga va bir necha o‘nlab poyezd qatnovlarining bekor qilinishiga olib keldi. Hozirda shahar va shoshilinch xizmatlar favqulodda rejimda ishlamoqda.
  • Mumbaydagi kuchli yomg‘irlar va yuzaga kelgan o‘pirilishlar tufayli 31 kishi halok bo‘ldi. Qutqarish operatsiyasi davom etmoqda.

Norozilik namoyishlari

  • Portugaliyadagi aeroport xodimlarining ish tashlashi sababli 200 dan ortiq reyslar bekor qilindi. Ta’kidlanishicha, birgina Lissabonda kamida 166 ta reys bekor qilingan. Shuningdek, kasaba uyushmalari Portu, Faro, Funchal va Portu Santu aeroportlarida ish tashlash uyushtirishga chaqirmoqda. Ish haqi shartlari bo‘yicha norozilik namoyishlari yakshanba kunigacha davom etadi.
  • Fransiyada 114 ming kishi ishtirokida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Miting qatnashuvchilari restoranlar va boshqa jamoat joylariga kirishga ruxsat beruvchi sanitariya guvohnomasining joriy etilishiga qarshi chiqishdi. Namoyishchilar, shuningdek, tibbiyot xodimlarini majburiy emlash bo‘yicha hukumat qarorini qoraladilar.

Qozog‘iston aholisi kovidga qarshi emlanishga majbur qilinmaydi — Qosim-Jomart Tokayev

«Emlanishni istamaydigan odamlar bilan ishlashda tabaqalashtirilgan yondashuvni qo‘llash kerak. Ushbu guruh (emlanishni istamaydiganlar — tahr.) bir xilda emas. Emlashdan bosh tortish sabablari ko‘p. Bunday odamlar orasida ikkilanadiganlar ham ko‘p», — dedi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ularni har qanday usul bilan, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar orqali ishontirish kerak. «Ba’zi rivojlangan G‘arb mamlakatlarida ishontirish usullaridan majburlash choralariga o‘tmoqdalar. Biz bunga rozi bo‘lmaymiz, faqat yirik mehnat jamoalari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan alohida holatlar bundan mustasno», — dedi Tokayev. Shuningdek, prezident ushbu sohadagi yetakchi ishlab chiqaruvchilar tomonidan vaksinalar turini kengaytirish muhimligini ta’kidladi. — TASS.


Shanxayda dunyodagi eng katta planetariy ochildi

Foto: Ivan Kargapolsev/TASS

Foto: Ivan Kargapolsev/TASS

Qurilishi 2016 yil noyabr oyida boshlangan majmua Shanxaydagi Pudun tumanining Lingan erkin savdo zonasida joylashgan. Asosiy binoning maydoni 38 ming kv. m., kompleksning umumiy maydoni esa 58,6 ming kv. m.ni tashkil etadi. Planetariy asosiy bino va bir qator yordamchi inshootlardan, shu jumladan yoshlar ilmiy markazi va ikkita jamoat rasadxonasidan iborat. Ko‘rgazma qismida mehmonlar 70 ga yaqin turli xil meteoritlarning parchalarini, shu jumladan Vesta asteroidi, Oy va Marsdan kelgan artefaktlarni ko‘rishlari mumkin. Kolleksiyaga, shuningdek, Isaak Nyuton, Galileo Galiley, Nikolay Kopernik va boshqa bir qator olimlarning asl asarlari kiritilgan. Planetariyning ta’lim dasturlarida ma’lumotlarni vizualizatsiya qilish, VR, biometriya va sun’iy intellekt kabi texnologiyalar keng qo‘llaniladi. — TASS.


Shuningdek:

  • The Guardian va boshqa 16 ta nashr jurnalistlarining birgalikdagi surishtiruvda Isroilning NSO Group kompaniyasiga tegishli Pegasus josuslik dasturi hukumatlar va maxsus xizmatlar tomonidan butun dunyo bo‘ylab, shu jumladan Qozog‘iston, Ozarbayjon va Belarus jurnalistlari, faollari va kompaniya rahbarlari telefonlariga xakerlik hujumi uchun ishlatilganini aniqlashdi.
  • Fransiyada koronavirus bilan kasallanish holatlarining ko‘payishi sababli ba’zi hududlarda cheklovlar va komendantlik soati joriy qilinishi mumkin.
  • Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kazimiy 26 iyul kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda AQSh prezidenti Jo Bayden bilan mamlakat hududidan Amerika qurolli kuchlarini olib chiqish masalasini muhokama qilishni rejalashtirmoqda.
  • Angliyada 19 iyuldan boshlab, kasallikning ko‘payishiga qaramay, koronavirus bilan bog‘liq barcha ichki cheklovlar olib tashlanadi. Shotlandiyada cheklovlar sezilarli darajada yumshatildi. Uelsda o‘zgarishlar 17 iyulda kuchga kirgan, Shimoliy Irlandiyada cheklov choralari 26 iyuldan boshlab o‘zgartirilishi mumkin.
  • Germaniyadagi toshqinlarda vafot etganlar soni 157 nafarga yetdi, 670 ga yaqin kishi jarohatlandi. Belgiyada qurbonlar soni 27 kishi tashkil etdi.