Kecha, 16 iyul kuni Qonunchilik palatasining yalpi majlisida aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash doirasida amalga oshirilayotgan ishlar keng muhokama qilindi, deb xabar bermoqda palata Spikeri Nurdinjon Ismoilov.

U muhokamalar markazida fuqarolarni «majburiy emlash» masalasi bo‘lganini, deputatlarda qarama-qarshilik yuzaga kelganini yozmoqda.

«Majlisda deputatlar oxirgi vaqtlarda koronavirus bilan kasallanish holatlari butun dunyoda, shu jumladan, mamlakatimizda ham yana ko‘paya boshlagani xavotirga sabab bo‘layotganini ta’kidladilar. Ayniqsa, aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash masalasi qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ayrim deputatlar emlash tadbirlarini „majburiy tartibda“ amalga oshirish zarurligini ta’kidlashdi. Ba’zilari esa, buni aksini aytishdi», — deb yozadi Ismoilov.

Uning ma’lum qilishicha, aholini COVID-19`ga qarshi «majburiy emlash»ni joriy qilish yalpi majlis kun tartibidan joy olmagan. Avvalroq, Spiker o‘rinbosari Alisher Qodirov «hukumat emlanmaganlarning erkini cheklashi kerak», degan edi. Uning bu fikrini hamkasbi Rasul Kusherbayev ham qo‘llab-quvvatlagan. «Kasallikka qarshi ommaviy emlashni ham ixtiyoriylikdan majburiylikka o‘tkazish kerak vassalom. Shunda kutilgan natijaga tezroq erishiladi», — degan u.

Palata Spikeri esa buning uchun qonun hujjatlariga o‘zgartish yoki qo‘shimchalar kiritish kerakligini aytmoqda.

Uning qayd etishicha, «ayni paytda O‘zbekistonda amalda bo‘lgan «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida"gi qonunda fuqaroning o‘z ixtiyori bilan rozilik berishi tibbiy aralashuvning dastlabki zarur sharti ekanligi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, fuqaro va uning qonuniy vakili tibbiy aralashuvni rad etish yoki uning to‘xtatilishini talab qilish huquqiga ega degan talab qat’iy mustahkamlab qo‘yilgan».

«Xuddi shu kabi normalar boshqa bir qator qonunlarda ham mavjudligi emlash tadbirlarini majburiy tarzda amalga oshirish mumkin эмаслиgini ko‘rsatadi. Ya’ni, emlash tadbirlarini majburiy amalga oshirish uchun avvalo, bir qator huquqiy hujjatlarga belgilangan tartibda o‘zgartish yoki qo‘shimchalar kiritish talab etiladi», — deya ta’kidladi Ismoilov.


Bundan tashqari, quyi palata deputatlari orasida koronavirusga qarshi vaksina olganlar soni ham ochiqlandi.

«Ayni paytda ushbu infeksiyaga qarshi kurashda eng samarali tadbirlardan biri „emlash“ ekanligini, bundan boshqa chora yo‘qligini soha olimlari e’tirof etmoqda. Shunga qaramasdan hozirgi kunga qadar quyi palata deputatlarining 70 nafari ixtiyoriy ravishda emlangan xolos. Qolgan 75 nafar deputat koronavirusga qarshi vaksina olmagani, shuningdek, quyi palata devoni xodimlari o‘rtasida emlanganlar soni kamligi ham salbiy holat albatta», — dedi spiker.

Nurdinjon Ismoilov emlanishning ahamiyati haqida ham o‘z shaxsiy fikrini bildirib o‘tdi.

«Aslida biz, tibbiyot xodimlari ishini ko‘paytirmasdan, oilamiz, yaqinlarimiz, hamkasblarimiz va do‘stlarimiz hayotini xavfga qo‘ymasdan avvalo, o‘zimiz namuna bo‘lishimiz lozim. Qolaversa, koronavirusga qarshi emlash bo‘yicha targ‘ibot tashviqot olib borishimiz, uning ijobiy samarasini aholining barcha qatlamlariga keng tushuntirishimiz zarur», — dedi u.

Xabarga ko‘ra, yalpi majlisda deputatlar bildirgan takliflar asosida Respublika maxsus komissiyasiga koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish va uning tarqalishi xavfi yuqori bo‘lgan hamda mehnat faoliyati davomida keng jamoatchilik bilan bevosita muloqotga kirishidagan aholi qatlamini emlash ishlarini mumkin qadar tezlashtirish va jadallashtirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan:

  • karantin choralarini, shu jumladan o‘z xodimlarining emlanishini yetarlicha ta’minlagan (jamoaviy immunitetga erishgan), tashrif buyuruvchi mijozlarga nisbatan yetarli talablar o‘rnatilgan holda xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish korxonalariga taalluqli karantin cheklovlarini yengillashtirish, ya’ni cheklangan muddatdan tashqari vaqtlarda ishlashga ruxsat berish amaliyotini joriy qilish;
  • o‘z vaqtida va ixtiyoriy ravishda emlangan xodimlarni ish beruvchilar tomonidan rag‘batlantirish, emlanishni asossiz ravishda rad etgan xodimlarga nisbatan esa, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan choralarni qo‘llash amaliyotini keng joriy etishni targ‘ib qilish;
  • emlanganlarga nisbatan imtiyoz olish imkoniyatlarini berish (ish beruvchi tomonidan mehnat faoliyatiga otgul berish, ularni moddiy rag‘batlantirish va boshqalar), asossiz ravishda emlanmagan 18 yoshdan yuqori fuqarolarga ayrim cheklovlar o‘rnatishni (sport o‘yingohlari, konsert, kino va boshqa ommaviy tadbirlarga qo‘ymaslik) joriy etish masalasini ko‘rib chiqish tavsiya etildi.

«Albatta, aholini koronavirusga qarshi emlash jarayonini tezlashtirishda rag‘batlantirish hamda qo‘shimcha imtiyozlar berish yoki harakatlarni cheklash vositalarini keng qo‘llashning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish zarur», — degan fikrda Ismoilov.

Avvalroq, «Gazeta.uz» emlashdan oldin PZR test topshirish va antitanachalarga tahlil topshirish kerakmi, emlanganlarda antitanachalar darajasi qanday bo‘lishi kerak, o‘zbek-xitoy vaksinasi koronavirusning «delta» shtammiga qarshi samara beradimi — shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida Virusologiya ITI direktori Erkin Musaboyev bilan intervyu uyushtirgan edi.