Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi tomonidan 6,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan bloger Otabek Sattoriyning ishi to‘g‘risida hukm chiqarildi (sud jarayoni videosi Elmurod Muqimov tomonidan joylashtirilgan).

Sattoriy ishi bo‘yicha apellyatsiya sudi 29 iyun kuni boshlangandi. Sudlanuvchining advokati Umidbek Davlatovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Bahodir Aliqulov raisligidagi sudyalar hay’ati o‘z qarori bilan bloger bo‘yicha hukmini o‘zgartirmagan. Ammo sudya blogerga Termizda sotib olgan ikki xonadonini qaytarib berish bo‘yicha hukm chiqargan.

Advokat Oliy sudga kassatsiya shikoyatini yuborishini qo‘shimcha qildi.

May oyida surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyga nisbatan sud hukmi o‘qib eshittirildi. U JKning ikkita moddasi bo‘yicha oqlandi, biroq tuhmat va tovlamachilik moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Sud unga 6 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Uning advokati esa apellyatsiya shikoyatini berishini ma’lum qildi.

Yanvar oyida ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bir kishini majburan mashinaga o‘tirg‘izib, olib ketgani aks etgan videoyozuv tarqaldi. Keyinchalik, 29 yanvar kuni Surxondaryo viloyati Termiz IIB xodimlari bloger Otabek Sattoriyni hibsga olishgani ma’lum bo‘ldi. Unga dastlab Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan ayblovlar qo‘yildi, ammo ertasi kuni ertalab ish to‘satdan 165-moddaning 2-qismiga o‘zgartirildi.

Sattoriyning advokati bu ish uydirma ekanligini ta’kidlagan. Deputat Rasul Kusherbayev, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (AQSh) va boshqalar vaziyatga munosabat bildirishgan.

IIV surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyning jinoiy ishi bo‘yicha tergovga aralashganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida «ijtimoiy tarmoq faollarini» ogohlantirgan edi.