Surxondaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi maxsus va tez tibbiy yordam avtoxo‘jaligi tomonidan iyul oyida kamida beshta Damas-2 D13 (1; 2; 3; 4; 5;) rusumidagi maxsus avtomashinalarini xarid qilish bo‘yicha shartnomalar imzolangan. Bunga Davletov.uz Telegram kanali e’tibor qaratdi.

Har bir Damas byudjetga 76 mln 242 ming so‘mdan tushgan. Viloyat hokimi qarori bilan mahalliy byudjetdan Termiz shahar hokimligiga xizmat mashinasini sotib olish uchun 245 mln so‘m mablag‘ ajratilgan.

Eslatib o‘tamiz, sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov 2020 yilning oxirida Damas rusumidagi avtomobillarni tibbiyot sohasi uchun xarid qilish to‘xtatilganini ma’lum qilgan edi.

Respublika shoshilinch tez tibbiy yordami ilmiy markazi bosh direktori Davron To‘laganov esa «shoshilinch tibbiy yordamni rivojlantirishning dolzarb vazifasi — Damas rusumli avtomashinalardan bosqichma-bosqich voz kechish hamda ularni B va S klassidagi tibbiy transport vositalariga almashtirish» ekanligini ta’kidlagan.

«Agar 2016 yilda tez yordam xizmati avtoulov parkining asosi Damas avtomobillaridan tashkil topgan bo‘lsa, hozirgi kunda tibbiy asbob-uskunalar bilan to‘liq jihozlangan B va S klassiga mansub reanimobillar soni 549 taga yetdi. Yaqin kunlarda barcha „Damas“ avtomashinalari 1000 dona B klassiga mansub zamonaviy mashinalar sotib olinishi hisobiga almashtiriladi», — degan edi To‘laganov.