Samarqand viloyati Toyloq tumanida Spark rusumli avtomobil yo‘l o‘rtasidagi beton to‘siqqa urilishi oqibatida haydovchi vafot etdi, deya xabar bermoqda YHXBB axborot xizmati.

Qayd etilishicha, 5 iyul kuni soat 04:38 larda Tayloq tumanidan o‘tuvchi M-39 Bishkek-Olmaota-Toshkent-Termiz avtomobil yo‘lida Samarqand tumanida yashovchi 1980 y. t. haydovchi Spark avtomashinasini Termiz-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib kelayotib, belgilangan tezlikni oshirishi tufayli boshqaruvni yo‘qotgan.

Oqibatda yo‘l o‘rtasidagi beton to‘siqqa urilgan. Haydovchi voqea joyida halok bo‘lgan.

Haydovchi yonida bo‘lgan, 1969 y. t. yo‘lovchi Toyloq tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Toyloq tumani Tergov bo‘limi tomonidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida Lada Largus va yuk mashinasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, xorazmlik haydovchi boshqaruvida bo‘lgan Lada Largus 6 iyul kuni soat 05:00 larda Oqdaryo tumanidan o‘tuvchi M-37 avtomobil yo‘lida haydovchisi buxorolik bo‘lgan Mercyedes rusumli yuk mashinasining orqa qismiga urilib, to‘qnashuv sodir qilgan.


Oqibatda Lada Largus avtomobilining ikki yo‘lovchisi — 52 va 25 yoshli fuqaro voqea joyida halok bo‘lgan.

Avtomashinada bo‘lgan ikki kishi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

2 iyul kuni Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tuvchi M-41 yo‘lida o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.


Ma’lum bo‘lishicha, soat 03:30 larda Jarqo‘rg‘on-Termiz yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan Cobalt avtomobili qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan “KamAZ” yuk mashinasi bilan to‘qnashuv sodir etgan. Oqibatda yengil mashina haydovchisi voqea joyida vafot etgan.

Avariya yuk mashinasining Cobalt yo‘liga chiqib ketishi, tong sahardagi charchoq va haydovchining tajribasi kamligi natijada yuzaga kelgan.