Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 iyul kuni qishloq xo‘jaligi mashinasozligi hamda kimyo sanoatidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Bir yil oldin, 8 iyulda Vazirlar Mahkamasining qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirishga oid qarori qabul qilingan edi. Unga muvofiq, Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi, Agregat zavodi, Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi va «Texnolog» aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitalidagi davlat ulushlari uch yil muddatga «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyatiga ishonchli boshqaruvga berilgan edi. Tarmoq korxonalarining rentabelligini oshirish, mahsulotlari sifatini yaxshilash va tannarxini pasaytirish vazifalari belgilangan edi.

O‘tgan davrda Toshkent qishloq xo‘jaligi texnika zavodidagi ishlab chiqarish maydonlari 68 foizga maqbullashtirilib, uskunalardan foydalanish samaradorligi oshirildi. Natijada mahsulot tannarxi 4 foizga pasaydi va qariyb 45 milliard so‘m iqtisod qilindi. Xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar o‘tkazilib, 80−100 ot kuchiga ega bo‘lgan traktorlar narxlari 15−20 foizga arzonlashtirildi.

Minsk traktor zavodi bilan xamkorlik o‘rnatildi. Bu sheriklik doirasida O‘zbekistonda har yili 3 mingta traktor ishlab chiqarish ko‘zda tutilmoqda.

Shu bilan birga, korxonalarning texnologik va ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash bo‘yicha hali vazifalar ko‘p. Tarmoqda mavjud quvvatlardan foydalanish darajasi 19 foiz, mahalliylashtirish o‘rtacha 20 foiz ekani mutlaqo qoniqarli emas. Mahalliy texnikalar narxi import texnikalarga nisbatan 10−15 foiz qimmat.

Shu munosabat bilan taqdimotda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasterini tashkil etish, quvvatlardan foydalanish va mahalliylashtirish darajasini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Toshkent shahrida joylashgan tarmoq korxonalarini Chirchiq shahriga ko‘chirish va ularning negizida qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasterini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Rejaga ko‘ra, Toshkent va Chirchiqdagi qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodlari, Agregat zavodi (uning o‘rniga 12, 14, 16 qavatli arzon uylar qurish rejalashtirilgan edi), «Texnolog» va «O‘zKlaas Agro» korxonalari sanoat klasteri usulida yagona maydonda joylashtiriladi. 1 ming 200 ta uskuna va jihoz, 28 turdagi texnika optimallashtirilib, ishlab chiqarish quvvatidan foydalanish 85 foizga, mahalliylashtirish 50 foizga yetkaziladi. Natijada ishlab chiqarish tannarxi 20 foizga pasayib, korxonalarning rentabellik darajasi 10 foizga oshishi kutilmoqda.

Moliya vazirligiga klasterni tashkil etish bilan bog‘liq dastlabki xarajatlar uchun 500 milliard so‘m ajratish vazifasi qo‘yildi. Bu mablag‘ tarmoq korxonalarining bino-inshootlari va maydonlari auksion savdolarida sotilishi hisobidan qaytariladi.

Prezident mahalliylashtirish borasidagi ishlarni davom ettirib, texnikalar narxini arzonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Xususan, Minsk traktor zavodi bilan hamkorlikda ishlab chiqariladigan traktorlarni mahalliylashtirish darajasini kelgusi yil 40 va 2023 yilda 50 foizga, «O‘zKlaas Agro» bo‘yicha bu ko‘rsatkichni 25 foizgacha yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Shu bilan birga, mahalliy texnikalarni sotib olishi uchun fermer xo‘jaliklari va klasterlarga yengillik yaratish zarurligi ta’kidlandi. Shu maqsadda lizingning boshlang‘ich to‘lovini 25 foizdan 15 foizga va foiz stavkasini 16 foizdan 7 foizga tushirish hamda lizing muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish taklifi bildirildi.

Xalqaro tajribani o‘rganib, qishloq xo‘jaligi texnikasiga servis xizmatini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.