Iyun oyida iste’mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar o‘rtacha 0,2% ga arzonlashdi. Ushbu holat asosan mavsumiy omil bilan tavsiflanadi, deyiladi Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida.

Joriy yil boshidan ular narxlarining o‘sish darajasi 4,4% ni, o‘rtacha oylik o‘sish darajasi esa 0,7% ni tashkil etdi. Yillik nisbatda iste’mol narxlarining o‘sish darajasi 10,9% ga yetdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari

Bir oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari 0,9% ga arzonlashdi (o‘tgan yilning iyunida — 1,2%), biroq yil boshidagiga qaraganda narxlar 5,7% ga oshdi.

Joriy yilning besh oyi davomida oziq-ovqat mahsulotlari va spirtsiz ichimliklar narxlarining har oylik o‘sishlaridan so‘ng, iyun oyida ilk bora ularning pasayganligi qayd etildi (oy davomida 1,0%).

Narxlar pasayishi yetakchilik mevalar va yong‘oqlar (-3,8%), yog‘-moy mahsulotlari (-2,8%), sabzavotlar, ildizmevalilar, plantaynlar va dukkaklilar (-2,6%), hamda sut mahsulotlari va tuxumga (-1,6%) tegishli bo‘ldi.

Boshqalarga nisbatan go‘sht mahsulotlari, shakar, qandolat mahsulotlari va desertlar sezilarli darajada oshdi (0,4%).

Yog‘-moy mahsulotlari o‘tgan yilning dekabriga nisbatan narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilikni ushlashda davom etmoqda (22,5%). Bundan tashqari, 2021 yilning II yarim yilligida narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi uchlikdan mevalar va yong‘oqlar (16,1%) hamda shakar, qandolat mahsulotlari va desertlar (7,1%) o‘rin oldi. Yillik nisbatda yog‘-moy mahsulotlari (1,5 barobarga), sabzavotlar, ildizmevalilar, plantaynlar va dukkaklilar (28,4%), shakar, qandolat mahsulotlari va desertlar (15,7%), go‘sht mahsulotlari (14,5%), sut, boshqa sut mahsulotlari va tuxum (11,6%) sezilarli darajada qimmatlashgan

2021 yilning iyun oyida asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan (mevasabzavotlardan tashqari) oy davomida tuxum narxlari sezilarli darajada arzonlashdi (-7,6%). O‘simlik yog‘i narxlarini barqarorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida, ularning narxlari 2021- yilning iyunida respublika bo‘yicha o‘rtacha 3,6% ga arzonlashdi.

Bundan tashqari, iyunda tovuq go‘shti (-0,1% dan -0,5% gacha), yangi sog‘ilgan sut (-0,3%), muzlatilgan baliq, grechka (-0,2%), tvorog, guruch va guruch oqshog‘i (-0,1%) narxlarida pasayish qayd etildi. Shu bilan bir qatorda, salqin ichimliklar (0,9%), shakar (0,8%), mol go‘shti (0,6% — 0,7%) va qo‘y go‘shti (0,4%) qimmatlashdi.

2020 yilning dekabriga nisbatan o‘simlik yog‘i (1,3 barobar) hamda shakar (14,7%) narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallashda davom etmoqda.

Yillik nisbatda inflyatsion jarayonlar paxta va kungaboqar yog‘lari narxlarining oshishida yaqqol namoyon bo‘lib, ularning narxlari o‘rtacha 1,6 barobarga qimmatlashdi. Shuningdek, shakar 1,3 barobarga qimmatlashdi.


Oy davomida meva-sabzavot mahsulotlaridan bulg‘or qalampiri (-62,9%), baqlajon (-53,2%), bodring (-48,6%) va pomidor (-47,5%) narxlari boshqalarga nisbatan sezilarli darajada arzonlashdi. Narxlarning eng yuqori darajada o‘sishi sabzi narxlarida qayd etildi (1,8 barobar). Narxlar oshishi bo‘yicha yil boshidan ham, yillik nisbatda ham sezilarli ustunlik bilan sabzi narxlari yetakchilik qildi (mos ravishda 2,9 va 3,2 barobar).

2021 yilning iyun oyida spirtli ichimliklar oy davomida 0,3% ga, jumladan pivo 0,6% ga, spirtli ichimliklar va likyorlar 0,2% ga qimmatlashdi. Tamaki mahsulotlari 2,0% ga qimmatlashdi.

2020 yilning dekabriga nisbatan spirtli ichimliklar 4,5% ga, jumladan spirtli ichimliklar va likyorlar 5,0% ga, pivo 3,5% ga, vino 2,8% ga qimmatlashdi. Tamaki mahsulotlari yil boshidan 9,1% ga qimmatlashdi.

Yillik nisbatda spirtli ichimliklar 8,9% ga, tamaki mahsulotlari narxlari 14,4% ga, oshdi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar

Iyun oyida nooziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 0,5% ga qimmatlashdi. 2020 yil dekabrga nisbatan ushbu guruh tovarlari narxlarining o‘sishi 3% ni, 2020 yil iyunida 8,2% ni tashkil etdi. Bir oy ichida xizmatlar 0,2% ga, joriy yilning birinchi olti oyida — 4,1% ga, yillik nisbatda — 8,1% ga qimmatlashdi.

2021 yilning iyun oyida turar joy xizmatlari, suv, elektr, gaz va boshqa maishiy yonilg‘i turlari narxlari oy davomida 0,2% ga qimmatlashdi.

Chilangarlar, santexniklar, elektriklar va bo‘yoqchilar xizmatlari oy davomida 1,1% ga, turar joylarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash uchun materiallar 0,6% ga, turar joylar uchun ijara haqi 0,5% ga qimmatlashdi.

Yil boshidan turar joylarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash hamda bunda ishlatiladigan materiallar mos ravishda 3,9% va 3,5% ga, (2020- yil iyuniga nisbatan 13,1% va 9,0%), turar joy ijarasi uchun to‘lov 1,5% ga, sovuq suv va kanalizatsiya uchun to‘lovlar 1,6 barobarga (1,9 barobarga), ko‘p xonadonli uylarga xizmat ko‘rsatish 1,7% ga (1,8%), chiqindilarni yig‘ish va olib ketish uchun to‘lov 1,1% ga (2,4%) qimmatlashgan.

Iyunda ushbu yirik (2,7%) va kichik (1,3%) maishiy asboblar hamda mebellarni o‘rnatish va uy-ro‘zg‘or buyumlarini va tukli gilamlarni ta’mirlash (1,1%) xizmatlari boshqalarga qaraganda sezilarli darajada qimmatlashdi.

Umuman olganda, 2021 yilning dastlabki olti oyida uy xo‘jaligini yuritish va maishiy xizmatlar (8,0%), jumladan, zarakunandalarni dezinfeksiyalash va yo‘qotish xizmatlari (13,2%) narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilikni ushlashda davom etdi.

Yillik nisbatda narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi o‘rinlar ham uy xo‘jaligini yuritish va maishiy xizmatlarga (15,7%) tegishli bo‘ldi.


Sog‘liqni saqlash sohasida kuzatiladigan asosiy tovarlar va xizmatlardan 2021 yilning iyun oyida tibbiy laboratoriya xizmatlari (1,3%), stomatologiya profilaktika (0,9%) va davolovchi massaj (0,7%) xizmatlari narxlari oy davomida boshqalarga nisbatan sezilarliroq oshdi.

«Transport» bo‘limida oy davomida respublika bo‘yicha o‘rtacha 2,5% ga qimmatlashgan benzin va oy davomida 8,7% ga qimmatlashgan propan narxlarining oshishi hal qiluvchi inflyatsion omil bo‘ldi.

Ushlab turuvchi omil sifatida esa kuzatiladigan yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro aviaparvozlar narxlarining pasayishi (-3,5%) xizmat qildi. Ushbu holat ToshkentOlmaota-Toshkent yo‘nalishida chiptalarning arzonlashtirilganligi bilan izohlanadi.

2021- yil boshidan narxlarning sezilarli oshishi benzin (17,0%) hamda shaxsiy transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash xizmatlari (8,2%) narxlarida qayd etildi.

Yillik nisbatda esa inflyatsion jarayonlar benzin (38.9%), shaxsiy transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash xizmatlari hamda havo transportida yo‘lovchi tashish xizmatlari (18,8%) narxlarida yaqqol namoyon bo‘ldi.

«Axborot va aloqa» bo‘limida oy davomida ovoz va tasvirlarni qabul qilish, yozib olish va aks ettirish uchun uskunalari 1,7% ga, periferik uskunalar va ularning sarflash komponentlari 0,9% ga, kompyuter, noutbuk va planshetlar hamda axborot va kommunikatsiya uskunalarini ta’mirlash 0,7% ga, telefon uskunalari 0,2% ga qimmatlashdi.

«Dam olish, sport va madaniyat» bo‘limida asosiy narxlar oshishi parklar (4,7%), muzeylar va kinoteatrlar (1,0%) xizmatlari narxlarida qayd etildi. Shu bilan bir qatorda, tirik gullar narxlarida pasayish (-0,5%) qayd etildi.

2020- yilning dekabriga nisbatan eng yuqori narxlar oshishi gazetalar va davriy nashrlarda (14,8%), jumladan haftalik gazetalarda 13,7% ga, oylik gazetalarda 15,9% ga narxlar oshishi qayd etildi.

Yillik nisbatda narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilik darsliklar va o‘quv vositalariga tegishli bo‘lib, o‘tgan yilning iyuniga nisbatan 36,0% ga qimmatlashgan.

Bir oy davomida kafe va oshxonalarda tayyor ovqat 0,4% ga, tez ovqatlanish korxonalarida 0,5% ga qimmatlashdi.

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida narxlar o‘sishi bo‘yicha dam olish markazlari xizmatlari 17,3% lik ko‘rsatkich bilan yetakchi bo‘ldi.

Uy-ro‘zg‘or buyumlari va xizmatlaridan sartaroshxona xizmatlari bir oyda 1,1% ga, shaxsiy xizmat ko‘rsatish korxonalari xizmatlari 0,8% ga qimmatlashdi.