Zangiotadagi 2 ming kishiga mo‘ljallangan kasalxonada 2,5 mingdan ortiq bemor koronavirusdan davolanmoqda. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali orqali ma’lum qilindi.

«Kasalxonamiz 2 ming koykaga mo‘ljallangan. Ammo ayni vaqtida 2550 nafar bemor davolanmoqda. Koronavirusga chalinganlar soni, ayniqsa, homilador ayollar va bolalar orasida keskin oshib ketdi. Bloklarda bemorlar soni ortib ketgani sabab bolalarni kattalar uchun mo‘ljallangan palatalarga joylashtirishga majbur bo‘lyapmiz. Vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, vaksinatsiyasiz muammoni bartaraf etib bo‘lmaydi», — deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori o‘rinbosari Olimjon Isoqov.

Ta’kidlanishicha, oxirgi vaqtlarda har kuni 350 ga yaqin inson kasalxonaga yotqizilmoqda. Bo‘sh koyka-o‘rinlar qolmagani sabab kasalxonaga bemorlarni qabul qilish to‘xtatilgan.

Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi qabul bo‘limi mudiri O‘lug‘bek Islomovning ta’kidlashicha, kasallik yoshargan. Reanimatsiyada yotgan bemorlarning barchasi vaksinatsiyadan o‘tmagan.

2 iyul kuni O‘zbekistonda 482 ta yangi kasallanish holati qayd etilgan bo‘lib, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 112 ming 130 nafarni tashkil etmoqda.

Shuningdek, 3 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etib, kasallikdan vafot etganlar soni 745 nafarni tashkil qildi.

SSV 2 iyuldan boshlab ayni vaqtda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlar soni haqida ma’lumot bermayapti.