15 iyundan O‘zbekistonda suv va salqin ichimliklarni raqamli markirovka qilish ishlari boshlanishi kerak edi. Mazkur loyihada beshta kompaniya — Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan, International Beverages Tashkent, Fruit Juice, Hydrolife Bottlers, Family Group ishtirok etadi.

Spot ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oy boshidan Hydrolife Bottlers, Coca-Cola, Family Group va boshqalar vazirlik va idoralarga jamoaviy maktub yozib, unda markirovka bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirish imkonsiz ekanligini qayd etishgan. Shu kunlarda murojaat ijtimoiy tarmoqlar va OAVda tarqaldi.

Nashr kompaniyalarning quyidagi asosiy dalillarini sanab o‘tdi:

  • soha hattoki mavsumlar oralig‘ida ham iste’molchilar talabini qondira olgani yo‘q, loyihani esa yozgi masumda ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu korxonalarda raqamli markirovka tizimini o‘rnatish va ishga tushirish jarayonida sezilarli zarar keltiradi. Liniyalar yozgi mavsumda 100 foiz quvvat bilan ishlaydi va uni qisqa muddatga to‘xtatish ham imkonsiz;
  • hozirda savdo nuqtalarida markirovkani o‘qish tizimlari mavjud emas. Rossiya tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, savdo va ishlab chiqarishdagi tizimlarni bir xillashtirish (unifikatsiya) jarayonida qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin, chunki savdo nuqtalariga o‘rnatilgan skanerlar tasnifi ishlab chiqarishga o‘rnatilgan raqamli markirovka turiga mos kelishi kerak;
  • tajriba loyihasi uchun uskunalar ishlab chiqaruvchilar hisobidan sotib olinishi kerak, biroq barcha ishlab chiqaruvchilarga uskunalar uchun bir martalik xarajat asossiz darajada qimmat. Aniqrog‘i, mazkur xarajatlar 2021 yilgi byudjetga kiritilmagan. Katta ehtimolga ko‘ra, sinov loyihasi ichimliklar sanoati uchun omadsizlik keltiradi va sanoat uskunalar qiymati to‘lab berilgan taqdirda ham asossiz yo‘qotishlarni keltirib chiqaradi;
  • dunyoda alkogolsiz ichimliklar sanoati uchun raqamli markirovka muvaffaqiyatli joriy etilgan birorta ham misol yo‘q.

Spotning maktubga tayanib yozishicha, suv va ichimliklar toifasiga nisbatan markirovka iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas, chunki mahsulotning chakana narxi past (alkogol va tamaki mahsulotlariga qaraganda), kontrafakt (soxtalashtirish) holatlari esa statistik xatolik darajasida.

Ishlab chiqaruvchilar tizim mavjud kontrafakt muammosini hal qilishga yordam bermasligi, chunki bunday mahsulotlar rasmiy savdo nuqtalari orqali sotilmasligini ta’kidlamoqda. Markirovkani joriy etish mahsulotning sezilarli darajada qimmatlashishiga, bu esa yakunda talabning pasayishiga va biz byudjetga to‘layotgan soliqlar miqdorining kamayishiga olib kelishi mumkin, deyiladi maktubda.

Kompaniyalar Saudiya Arabistoni va Rossiyada alkogolsiz ichimliklarni markirovkalashga urinish muvaffaqiyatsiz yakunlanganiga e’tibor qaratib, shu munosabat bilan sinov loyihasini to‘xtatishni taklif qilishdi.

DSQ munosabati

Davlat soliq qo‘mitasi suv va alkogolsiz salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchilarning xavotirlarini to‘g‘ri qabul qilishini qayd etdi. Shu bilan birga, DSQ tajriba loyihasi tugagandan keyingina, uning samaradorligi to‘g‘risida asosli dalillar va xulosalar shakllanishi mumkin deb hisoblamoqda.

Qo‘mita ishlab chiqaruvchilar uchun tajriba loyihasida ixtiyoriy ishtirok etish yagona to‘g‘ri yechim deb hisoblashini ma’lum qildi. Uning doirasida ular markirovkalash uskunalari bilan bepul jihozlanadi va xodimlarini o‘qitish tashkil etiladi.

«Bu, o‘z navbatida, 2022 yilning bahorida rejalashtirilgan majburiy raqamli markalash sanasiga o‘z vaqtida va ortiqcha qiyinchiliklarsiz tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi. Quvvatlarni qayta jihozlash joriy yilning kuz oyi o‘rtalariga — suv va alkogolsiz salqin ichimliklarga bo‘lgan talabning pasayish mavsumiga rejalashtirilgan», — deyiladi xabarda.

DSQ 10 yildan ko‘proq vaqt oldin alkogolsiz ichimliklar markirovkasini boshlagan mamlakatlarga misollar keltirdi. Masalan, Belorusiya (2005 yildan AS BDB tizimi) Argentina (2011 yildan beri TRAFIP tizimi), Braziliya (2008 yildan beri SICOBE tizimi), Armaniston (Vero code tizimi 2013 yildan) va boshqa mamlakatlar tajribasi.

Bundan tashqari, Rossiyada qadoqlangan suvni markirovkalash bo‘yicha tajriba muvaffaqiyatli yakunlangandi, shu munosabat bilan mineral suvni 2021 yil 1 dekabrdan boshlab va boshqa barcha shisha (qadoqlangan) suvlarni 2022 yil 1 martdan boshlab majburiy markirovkalash to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deya qayd etdi qo‘mita.

«MDH davlatlari orasida O‘zbekistonda birinchi bo‘lib pivo markirovkasi muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yganligi respublikamizda loyihaning samaradorligiga alohida ishonch beradi. Pivo va alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqarishda ishlatiladigan idishlar bir xil ekanligini hisobga olsak (PET idishlar, shisha butilkalar va idishlar), pivo misolida alkogolsiz ichimliklarni markirovkalash bo‘yicha texnologik yechimlar amaliyotga tatbiq etishga to‘liq tayyorligini ko‘rsatadi», — deyiladi xabarda.

DSQ, shuningdek, ishlab chiqaruvchilar 4 iyun kuni murojaat etgani va bugungi kunda o‘tkazilgan muzokaralar hamda loyihada ishtirok etishning afzalliklari haqida tushuntirishlar berilganidan keyin yirik ishlab chiqaruvchilar (shu jumladan murojaatnomada ko‘rsatilgan korxonalar) bilan tajriba sinov loyihasida ishtirok etish bo‘yicha shartnomalar imzolanganini ma’lum qildi.

Davlat soliq qo‘mitasi barcha suv va alkogolsiz salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchilarini soliq ma’muriyatchiligidagi islohotlar samaradorligini «qoralash» uchun vaqt va kuch sarflamaslikka, balki davlat soliq idoralari bilan birgalikda markirovkalash jarayoniga bosqichma-bosqich va erta tayyorgarlikni boshlashga chaqirdi.