Estoniya prezidenti BMTda ayollar va bolalar huquqlari jahon himoyachisi bo‘ldi

Estoniya prezidenti Kersti Kalyulayd 28 iyun kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan AQShda uchrashdi. Uchrashuvdan so‘ng BMT bosh kotibi Kalyulayd yaqin ikki yil davomida «ayollar va bolalar huquqlarining jahon himoyachisi» bo‘lishini e’lon qildi. «BMT bosh kotibi Estoniya prezidenti Kersti Kalyulaydni har bir ayolning, har bir bolaning jahon himoyachisi etib tayinladi. Ushbu ilk tayinlash butun dunyo bo‘ylab ayollar, bolalar va o‘smirlar salomatligi bo‘yicha global strategiya to‘g‘risida xabardorlikni oshirishga qaratilgan», deyiladi bayonotda.

Shuningdek:

  • Estoniyada 1 iyul kunidan boshlab koronavirus bilan kasallanganlar sonining kamayishi tufayli sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyat bekor qilinadi. Kasalxonalar normal faoliyatga qaytishlari mumkin bo‘ladi.
  • Estoniyada issiqlik tufayli 100 mingga yaqin koronavirus vaksinalari va turli tibbiy preparatlar, jumladan, boshqa mamlakatlarga mo‘ljallangan bo‘lgan AstraZeneca vaksinasining 68 ming dozasi yaroqsiz holga kelgan.

Belarus Yevropa Ittifoqining «Sharqiy sheriklik» tashabbusidagi ishtirokini to‘xtatmoqda

Shuningdek, mamlakat Yevropa Ittifoqining readmissiya (qayta qabul qilish) to‘g‘risidagi bitimini to‘xtatib turish tartibini amalga oshirishni boshlaydi. Belarus TIVning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi tomonidan mamlakatga nisbatan «misli ko‘rilmagan cheklov choralari qo‘llanilishi» munosabati bilan, Yevropa Ittifoqining respublikadagi delegatsiyasi rahbari Dirk Shubel TIVga chaqirilgan. «Diplomatga Belarus milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi va uning iqtisodiyotiga va fuqarolariga bevosita zarar yetkazadigan harakatlarga majburiy javob berish doirasidagi aniq qadamlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Belarus Respublikasi Yevropa Ittifoqining „Sharqiy sheriklik“ tashabbusidagi ishtirokini to‘xtatmoqda», deyiladi bayonotda. — Belarus TIV.

Yevropa Ittifoqi ushbu qarordan afsusdaligini ma’lum qildi. «Yevropa Ittifoqi [Belarus prezidenti Aleksandr] Lukashenko rejimining „Sharqiy sheriklik“ tashabbusidagi ishtirokini to‘xtatib qo‘yish to‘g‘risidagi qaroridan afsusda. Ushbu dastur Yevropa Ittifoqi va sherik davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga, xususan, ushbu mamlakatlar fuqarolariga aniq foyda keltirishga qaratilgan», — dedi Yevropa Ittifoqining tashqi xizmati vakili Nabila Massrali.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Belarusga qarshi to‘rtinchi sanksiyalar to‘plamini joriy etgan edi.

Readmissiya — davlatning o‘z hududiga boshqa davlatdan deportatsiya qilinishi kerak bo‘lgan o‘z fuqarolarini (shuningdek, ba’zi hollarda ilgari shu davlatda bo‘lgan yoki yashagan chet elliklarni) qabul qilishga roziligi.


Pokiston TikTok’ni blokladi

Sind Oliy sudi Xitoyning TikTok ilovasini «odobsiz kontent, islomga hurmatsizlik va LGBT targ‘iboti» uchun blokladi. Bu so‘nggi ikki yil ichidagi uchinchi taqiq va u 8 iyulga qadar amal qiladi. Ushbu sanada Sind sudining navbatdagi majlisi rejalashtirilgan bo‘lib, unda Pokiston telekommunikatsiya boshqarmasi va TikTok ayblanuvchi sifatida qatnashadilar. Shu munosabat bilan, bir guruh pokistonlik advokatlar suddan ilova ishlatilganligi sababli jinoyatchilik va giyohvand moddalar ko‘payganligini ta’kidlab, TikTok’ga taqiq qo‘yishni talab qilishdi. Ushbu talab Lahor aholisining TikTok ta’lim muassasalarining madaniyatiga zarar yetkazishi va ba’zi foydalanuvchilarning o‘z joniga qasd qilishiga olib kelishi haqidagi bayonotlari bilan qo‘llab-quvvatlandi. — TASS.


Janubiy Afrika sobiq prezidenti sudga hurmatsizlik qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi

Janubiy Afrika Konstitutsiyaviy sudi sobiq prezident Jeykob Zumani sudga hurmatsizlik qilgani uchun 15 oylik qamoq jazosiga hukm qildi. U prezident bo‘lgan paytida korrupsiya ishi bo‘yicha sud tomonidan berilgan chaqiruvni e’tiborsiz qoldirgan. Zumaga o‘z ixtiyori bilan politsiyaga kelishi uchun besh kun muxlat berildi. Agar bu amalga oshmasa, uni hibsga olish to‘g‘risida order beriladi.

Jeykob Zuma Janubiy Afrikani 2009 yildan 2018 yil fevraligacha, korrupsiya mojarolari qatorida iste’foga chiqquniga qadar boshqargan. U poraxo‘rlik, firibgarlik va imtiyozli rejimdagi bir nechta holatlarda ayblangan. — BBC News.


AQShning elektron sigaret ishlab chiqaruvchisi o‘smirlar o‘rtasidagi reklamasi ortidan 40 mln dollar to‘laydi

Elektron sigaret ishlab chiqaruvchi Juul kompaniyasi o‘z mahsulotlarini o‘smirlarga reklama qilishda ayblagan bo‘lib, Shimoliy Karolina shtatiga 40 mln dollar to‘lashga majburlandi. Ushbu mablag‘lar bolalar o‘rtasida elektron sigaretdan foydalanishga qarshi kurashishga yo‘naltiriladi. Juul voyaga yetmaganlarga mo‘ljallangan barcha marketing strategiyalari va materiallaridan voz kechishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, elektron sigaret ishlab chiqaruvchisiga bloggerlar bilan hamkorlik qilish, maktablar yaqinida aksiyalar o‘tkazish, turli madaniy va sport tadbirlariga homiylik qilish taqiqlanadi. — TASS.


Shunigdek:

  • Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Davlat apparati hajmini qisqartirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu ijro etuvchi hokimiyat va boshqaruvning davlat organlari tuzilmasining optimallashtirilishi, takrorlanadigan va keraksiz funksiyalarning yo‘q qilinishi, shuningdek, davlat apparatini saqlash uchun byudjet mablag‘larining tejalishiga olib keladi.