Moskvadagi kafe va restoranlarga faqat maxsus QR-kod taqdim etilgandan keyingina tashrif buyurish mumkin, tegishli qaror 22 iyun kuni Moskva meri Sergey Sobyanin tomonidan imzolandi, deya xabar bermoqda RBK.

Mazkur kod koronavirusga qarshi to‘liq emlanganlar, kafega kelishdan avval, yarim yil ichida COVID-19 bilan kasallanganlar (kasallik fakti shifokorlar tomonidan qayd etilgan bo‘lishi kerak) yoki uch kundan kechiktirmay PSR testining manfiy natijasini olgan fuqarolarga beriladi.

Tekshiruvdan o‘tgan mehmonlar kafe va restoranlarda niqobsiz va qo‘lqopsiz bo‘lishlari mumkin, ammo ovqatlanish joyi xodimlari ushbu shaxsiy himoya vositalarida bo‘lishlari shart. Qabul qilish yoki yetkazib berish xizmati uchun QR kod talab qilinmaydi. 12 iyulga qadar QR kodisiz poytaxt restoranlarining yozgi verandalarida o‘tirish mumkin bo‘ladi.

Bolalar va sayyohlar kafega tashrif buyurish uchun PSR testini topshirishlari kerak. Xuddi shu talab vaksinaning faqat birinchi dozasini olganlarga nisbatan ham qo‘llaniladi.

16 iyun kuni Rossiyaning Rospotrebnadzori ishlaydigan moskvaliklarning 60 foizini emlashni buyurgan edi. Majburiy emlash savdo, xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish, uy-joy kommunal xo‘jaligi, transport, ta’lim, sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohalarida, shuningdek go‘zallik salonlari, fitness-klublar, teatrlar, kinoteatrlar xodimlariga taalluqli. Xodimlarning 60 foizini emlamagan yuridik shaxslar 1 mln rublgacha jarimaga tortiladi. «Moskva shahrida epidemiologik vaziyat yomon deb baholanmoqda. Aholining jamoat joylariga faol tashrif buyurishi natijasida bemorlarning soni ko‘paymoqda», — deyiladi hujjatda.

Moskvada epidemiologik vaziyatning yomonlashgani sababli 15−19 iyun dam olish kunlari deb e’lon qilindi, 20 iyunga qadar hayvonot bog‘lari va savdo markazlaridagi fudkortlar yopildi, restoran va kafelar kechki payt ishlamaydi. Talabalar imtihonlarni onlayn topshirishadi. Shunga o‘xshash cheklovlar, faqat dam olish kunlarisiz, Sankt-Peterburgda ham joriy qilingan.