Shvetsiya bosh vaziri iste’foga chiqdi

Shvetsiya bosh vaziri Stefan Lyoven parlament tomonidan uning boshchiligidagi hukumatga ishonchsizlik votumini bildirilganidan so‘ng iste’foga chiqishini e’lon qildi. «Bu men qabul qilgan eng qiyin siyosiy qaror bo‘ldi», — dedi Lyoven matbuot anjumanida. — The Local.

21 iyun kuni Riksdag (mamlakat parlamenti) a’zolarining aksariyati bosh vazir Stefan Lyovenga ishonchsizlik votumini bildirgan edi. Bunga bosh vazirning yangi uylarda ko‘chmas mulk ijarasi uchun bozor narxlarini joriy etish taklifi sabab bo‘lgan. Konstitutsiyaga ko‘ra, parlamentning bunday qaroridan so‘ng hukumat rahbari iste’foga chiqish yoki muddatidan oldin saylovlarni e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak edi.

Ta’kidlash joizki, Stefan Lyoven mamlakat tarixida ishonchsizlik votumini olgan birinchi bosh vazir bo‘ldi.


Hindiston 50 ming nafar harbiyni Xitoy bilan chegara hududiga safarbar qildi

Hindiston so‘nggi oylarda hududdagi pozitsiyani mustahkamlash maqsadida kamida 50 ming qo‘shimcha qo‘shinni Xitoy bilan chegara hududiga joylashtirdi. Bu haqda TASS Mint’ga tayanib xabar bermoqda. Mamlakat mudofaa vazirligi uchta chegara hududiga qo‘shinlar va havo kuchlari qismlarini joylashtirgan. Hozirda u yerda 200 mingga yaqin harbiy bor, bu o‘tgan yilga nisbatan 40 foizga ko‘p.

Ta’kidlanishicha, XXR, shuningdek, Himoloy tog‘ etaklari Hindiston bilan chegaradagi bahsli hududlarni qo‘riqlash uchun qo‘shimcha kuchlarni yuborgan. Manbalarda aytilishicha, Xitoy chegaraoldi hududlarda bunkerlar va aerodromlar barpo etmoqda. — TASS.


Moskvada kuchli yog‘ingarchilik kuzatilmoqda

Foto: Sergey Bobыlev/TASS

Shaharning ko‘plab ko‘chalarini suv bosgan. «Yasenevo» metro stansiyasini suv bosgani sababli Kalujsko-Rijskaya liniyasi qismida poyezdlar harakati to‘xtatildi. Shuningdek, Filevskaya yo‘nalishida poyezdlar harakati Kiyevskayadan Kunsevskaya yer osti qismida to‘xtatilgan. Ostankino telemarkazining birinchi qavatiga ham suv kelgan. Moskvadagi transformatorlarning biriga chaqmoq urgani sababli, shaharning bir qismi elektr ta’minotisiz qoldi. Shaharning ba’zi tumanlarida oylik yog‘ingarchilik me’yorining 70 foizi bir necha soat ichida tushganligi ta’kidlanmoqda. — Meduza.

Avvalroq Qrim sharqida kuchli yomg‘irlar yoqqan edi. Natijada, taxminan 40 ming kishi elektr ta’minotisiz, 20 mingga yaqin odam suvsiz qolgan edi. Shuningdek, 300 dan ortiq uy suv ostida qolgandi.


Afg‘oniston harbiy xizmatchilarining bir guruhi Tojikiston chegarasidan o‘tdi

Afg‘oniston armiyasining 17 kishidan iborat guruhi Balx viloyatidagi «Tolibon» bilan qurolli to‘qnashuvdan so‘ng chekinib, Tojikiston bilan chegaradagi Shahritus postidan o‘tgan. Ta’kidlanishicha, mamlakat chegarachilari «insonparvarlik va yaxshi qo‘shnichilik tuyg‘usidan» afg‘on harbiylarini o‘z hududlariga kiritishgan. Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 27 iyun kuni «Tolibon»ning qurollangan otryadi Balx viloyati Kaldor tumani Chukchuk qishlog‘idagi chegara punktiga hujum qilgan.

TASSning yozishicha, xududda hali ham keskin vaziyat mavjud, toliblar va hukumat kuchlari o‘rtasida janglar davom etmoqda. — TASS.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) Tojikistonga Afg‘oniston bilan chegaradagi vaziyat munosabati bilan o‘z tarafidan so‘raladigan kerakli yordamni taqdim etadi, deya yozmoqda RIA Novosti. «Hozirga qadar Tojikiston bu masalada KXSHTga murojaat qilmagan», dedi tashkilot matbuot kotibi Vladimir Zaynetdinov nashrga.


Shuningdek:

  • Kanadaning g‘arbiy qismida ushbu hudud uchun rekord darajadagi issiqlik qayd etildi. Harorat 46,6 gacha ko‘tarildi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, bu so‘nggi 84 yil ichida eng yuqori ko‘rsatkichdir.
  • Gretsiya hukumati yoshlarga COVID-19'ga qarshi emlanish evaziga 150 yevro taklif qilmoqda. 26 yoshgacha bo‘lgan yunonlar 15 iyulda boshlanayotgan aksiyada qatnashishi mumkin.
  • Rossiya va Xitoy qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani uzaytirdilar.