Toshkent viloyati Qibray tumanida barpo etilayotgan «Yangi O‘zbekiston» bog‘i va «Istiqlol» majmuasi qurilishining pudratchisi, davlat xaridlari portali ma’lumotlariga ko‘ra, Mimar Group hisoblanadi.

«Gazeta.uz» Toshkent hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasining Qurilish sohasida nazorat hududiy inspeksiyasi bilan shartnoma tuzish haqidagi ikkita lotni (1, 2) joylashtirganiga e’tibor qaratdi. Shartnoma qurilish-montaj ishlarining sifati va to‘liqligini nazorat qilish bo‘yicha xizmatlarni taqdim etishni nazarda tutadi.

Har ikki lotda Mimar pudratchi tashkilot sifatida ko‘rsatilgan. Birinchi lotda qurilish-montaj ishlarining qiymati 146,5 mlrd so‘mga baholanib, qurilish ishlarini boshlash to‘g‘risidagi xabarnoma 17 iyunda topshirilgan. Ikkinchi lot esa 47,8 mlrd so‘mga baholangan va xabarnoma 19 iyunda topshirilgan.

Hujjatlarda loyihalash ishlarini parallel ravishda olib borish uchun O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 maydagi qarori asos bo‘lib xizmat qilishi ko‘rsatilgan.

Mimar Group saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur xususiy qurilish kompaniyasi 2020 yilda tashkil etilgan bo‘lib, yirik shaharsozlik loyihalarini — turar joylar qurilishidan tortib, sanoat va ijtimoiy obyektlar qurilishiga qadar — amalga oshirishga ixtisoslashgan.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri (KTYADR) ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy faoliyat turi — turar joy binolarini qurish. Ta’sischilari sifatida Alisher Abdubasitovich Ganiyev (56,75%) va Kozimbek Utkirovich Yaminov (43,25%) ko‘rsatilgan, rahbari — Feruzbek Davronov.

Kompaniya 71 gektar maydonda Tashkent INDEX qurilish savdo-ishlab chiqarish majmuasi loyihasini amalga oshirmoqda, shuningdek, poytaxtdagi «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasi rekonstruksiyasiga jalb qilingan.

O‘z navbatida, reyting.mc.uz qurilish-pudratchi tashkilotlar reytingiga ko‘ra, Mimar Group va Ijod-Ijod reyting bahosi SSS (1-qoniqarli daraja, ishonchlilik darajasi 30 foizdan 35 foizgacha) bo‘lgan quruvchilar guruhiga mansub.

Gazeta.uz" Toshkent hokimligi va Qurilish vazirligi matbuot xizmatlaridan izoh ololmadi. Kompaniya Mimar Group «Yangi O‘zbekiston» bog‘i va «Istiqlol» majmuasi qurilishi loyihasini amalga oshirayotganini tasdiqladi.

«Yangi O‘zbekiston» bog‘i, «O‘zbekiston 24» telekanali lavhasi.

1 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Qibray tumanida yangi bog‘ barpo etilayotgan hududga tashrif buyurib, ilk daraxtlarni o‘tqazishda ishtirok etdi. Prezident yangi bog‘da daraxtlarni ulkan daraxtning beshta novdasi shaklida ekishni taklif qildi, bu O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishini ramziy ma’noda anglatadi.

Davlat rahbari yangi bog‘ hududi, parlament tasdiqlasa, Toshkent tarkibiga o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Xuddi shu yerda mamlakat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan «Istiqlol» majmuasi ham bunyod etiladi. Qurilish vazirligining «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, gap Toshkent markazidagi Moviy gumbazlar xiyobonida joylashtirilishi rejalashtirilgan majmua haqida ketmoqda.