Qrimda kuchli yomg‘irlar natijasida 300 dan ortiq xususiy uy xo‘jaliklari suv ostida qoldi

17 iyun kechasi Qrim sharqida kuchli yomg‘irlar boshlandi, bir necha soat ichida ba’zi hududlarda yog‘ingarchilikning deyarli ikki oylik normasi tushdi, bu esa toshqinga olib keldi. Kerch va unga tutash Leninskiy va Kirovskiy tumanlari eng ko‘p zarar ko‘rgan. Ko‘plab ko‘chalarda faqat qayiqlarda harakat qilish mumkin, deya xabar bermoqda Meduza. Taxminan 40 ming kishi elektr ta’minotisiz, 20 mingga yaqin odam suvsiz qolgan. 300 dan ortiq xususiy uy xo‘jaliklari suv ostida qolgan. Yarimorolda hududiy favqulodda vaziyat rejimi joriy etildi. Hokimiyat uylari buzilgan yarim orol aholisiga yetkazilgan zarar mutaxassislar tomonidan baholangandan so‘ng qoplanadi, deb va’da bergan. Mintaqadagi ob-havo 18 iyun kuni yaxshilanishi kutilmoqda. — Meduza.


Yaponiyada 20 iyundan boshlab favqulodda holat rejimi bekor qilinadi

Yaponiyaning Tokio va boshqa bir qator aholisi zich bo‘lgan hududlarda COVID-19 pandemiyasi sababli joriy etilgan favqulodda holat rejimi 20 iyundan boshlab bekor qilinadi. «May oyining o‘rtalaridan boshlab mamlakatda yuqtirishlar soni kamayib bormoqda, kasalxonalardagi yotoqlar bilan bog‘liq vaziyat yaxshilandi. Boshqa tomondan, ayrim hududlarda infeksiyalar sonining pasayishi sekinlashmoqda», — dedi mamlakat bosh vaziri Yosixide Suga. Shu bilan birga, u favqulodda holat o‘rniga, Tokioda va mamlakatning ba’zi boshqa hududlarida bir qator cheklov choralari kuchga kirishini e’lon qildi. Ushbu cheklovlar spirtli ichimliklar savdosi hamda bar va restoranlarning ishlash vaqtiga taalluqlidir. Ular 11 iyulgacha amal qiladi. Favqulodda holat faqat Okinava prefekturasida qoladi. — Interfaks.

Shuningdek, Yaponiyada emlash pasportlarini iyul oyining o‘rtalaridan berishni boshlash rejalashtirilmoqda. Hujjatda yapon va ingliz tillarida egasining ismi, tug‘ilgan yili, pasport raqami, emlash sanasi va vaksina ishlab chiqaruvchisi ko‘rsatiladi. Emlash pasportlari bepul beriladi.


Kolombo yaqinidagi kema kimyoviy moddalar bilan cho‘kib ketdi

Shri-Lankaning Kolombo shahri yaqinida deyarli ikki hafta davomida yonib turgan konteyner kemasi kimyoviy moddalar bilan cho‘kib ketdi. Mutaxassislar ekologik ofat oqibatlaridan havotirda. Hozirda kema 21 metr chuqurlikda. Shri-Lanka Dengiz atrof-muhitni muhofaza qilish idorasi rahbarining aytishicha, yomg‘irlar mavsumi tufayli cho‘kib ketgan kemani olib chiqish hozirda xavfli, buni faqat sentyabrda amalga oshirsa bo‘ladi. — Associated Press.

20 may kuni X-Press Pearl konteyner kemasi Kolombo shahridan 18 kilometr shimoli-g‘arbda bo‘la turib, portga kirish uchun ruxsat kutib turganida, yong‘in boshlandi. Yong‘in xavfli yuk tufayli sodir bo‘lgan deb aytilmoqda. Kemada 1485 ta konteynerda 25 tonna azotli kislota va boshqa kimyoviy moddalar bo‘lgan.


Berlinda tashlandiq uyni ko‘chirish paytida bir necha o‘nlab politsiyachilar jarohatlandi

Foto: dpa/picture-alliance/TASS

Foto: EPA/Vostock-photo

Berlinda chap qanot radikallari egallab olgan skvotni (tashlandiq uyni) ko‘chirishga urinish paytida kamida 60 nafar politsiyachi jarohatlandi. «Bizning bo‘linmalarimiz va Berlin yong‘inga qarshi xizmatiga (binoning ichiga — tahr.) kirishga ruxsat berilmayapti. Ularga (politsiyaga) hujum qilishmoqda, shu jumladan tomdan turib tosh otishmoqda», — deyiladi Berlin politsiyasi xabarida. Oldinroq shahar kommunal xizmatlari Rigershtrasse 94 joylashgan binoda yong‘in tekshiruvini o‘tkazishga ruxsat olishgan edi. Ammo politsiya binoni o‘rab olishni boshlaganda, ularga toshlar otilishi boshlandi. Keyin esa binoni egallab olganlar ko‘chadagi axlatga o‘t qo‘yishni boshladilar. — Interfaks.


AQSh senatorlari Iroqda urush olib borishga ruxsat beruvchi qonnuni bekor qilishni rejalashtirmoqda

Senatdagi demokratlar rahbari Chak Shumer 16 iyun kuni senatorlarga Iroqda harbiy kuch ishlatishga ruxsat beruvchi hujjatni bekor qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Bunday qarorni qo‘llab-quvvatlovchi senatorlarning fikriga ko‘ra, bu prezidentning harbiy vakolatlarini cheklash uchun zarurdir. Shumerning ta’kidlashicha, 2002 yilda berilgan ruxsat 2021 yilda talab qilinmaydi, chunki Iroqdagi urush deyarli 10 yil oldin tugagan. Misol tariqasida, senator 2020 yilda eronlik general Qosem Soleymaniga qarshi raketa hujumlarini boshlash buyrug‘ini keltirdi. O‘shanda AQSh prezidenti Donald Tramp 2002 yildagi ruxsatnoma asosida qaror qabul qilgan edi. Oq uy ham ushbu qarorning hozirgi AQSh harbiy operatsiyalariga ta’sir qilmasligini ta’kidlab, qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi.

Shuningdek, ayrim qonunchilar 2001 yilda qabul qilingan terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi qarorni qayta ko‘rib chiqish va Iroqda 1991 yildan boshlab kuch ishlatish uchun amalda bo‘lgan ruxsatnomani bekor qilish kerak, deb hisoblaydilar. — Associated Press.

AQSh qo‘shinlarini Iroqdan olib chiqish to‘g‘risida qaror 2011 yilda qabul qilingan va o‘sha yilning dekabr oyida barcha qo‘shinlar olib chiqilgan.


Shvetsiyada bosh vazirga ishonchsizlik votumini bildirish rejalashtirilmoqda

Shvetsiyaning Demokratlar partiyasi (DP) parlamentda bosh vazir Stefan Lyoven va uning hukumatiga ishonchsizlik bildirish bo‘yicha ovoz berishni talab qildi. «Hozirda Riksdagda (parlament) ko‘pchilik bosh vazirni lavozimidan chetlashtirish niyatida», — dedi DP yetakchisi Xenrik Vinge. «Ma’lum bo‘lishi bilan biz harakat qila boshladik. Bizda yomon hukumatni chetlashtirish uchun yetarli imkoniyat bor va biz bu imkoniyatdan foydalanishimiz kerak», deya qo‘shimcha qildi u. DP taklifi xristian-demokratlar va mo‘’tadil koalitsiya partiyasi tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. — TASS.


Ukrainada 30−40 yil ichida cho‘lga aylanish tahdidi mavjud

Iqlim o‘zgarishi tufayli Ukraina o‘ta yuqori havo harorati va iqlim halokatlari zonasiga o‘tmoqda, bu esa mamlakatni cho‘lga aylanishi bilan tahdid qilmoqda. Bu haqda mamlakat Atrof-muhit va tabiiy resurslar vazirligi ma’lum qildi. «Yaqin 30−40 yil ichida mamlakatning yirik hududlari cho‘llanish xavfi tahdid qilmoqda», deyiladi xabarda. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina ekin maydonlari bo‘yicha dunyoda to‘qqizinchi o‘rinni egallaydi, — deyarli 33 mln gektar ekin maydonlari. Bundan tashqari, mamlakatdagi ekin maydonlarining 60 foizidan ortig‘i chernozem bilan qoplangan. Ta’kidlanishicha, 13 mln gektar qishloq xo‘jaligi yerlari suv eroziyasiga, 6 mln gektardan ziyod yer muntazam ravishda shamol eroziyasiga uchramoqda, 20 mln gektargacha yerlar chang bo‘roni bilan qoplanmoqda.

Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbarining maslahatchisi Mixail Apostol avvalroq so‘nggi 30 yil ichida qurg‘oqchilik tufayli mamlakatda 10 ming daryo yo‘qolganini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina yaqin 20−30 yil ichida ichimlik suvini import qilishga majbur bo‘ladi. — TASS.


Shuningdek:

  • AQSh va Rossiya prezidentlari Jenevada yuzma-yuz ko‘rishib, kiberxavfsizlik, inson huquqlari, mintaqaviy mojarolar va boshqa mavzularni muhokama qildi. Jo Bayden suhbat ohangini «yaxshi va ijobiy» deb atagan bo‘lsa, Vladimir Putin «sammitda hech qanday dushmanlik bo‘lmaganini» ta’kidladi.
  • Yangi Zelandiya 2020 yilgi prezidentlik saylovlari natijalarini soxtalashtirish va inson huquqlarini buzishda gumon qilinayotgan bir qator Belarus fuqarolariga o‘z hududiga kirishni taqiqladi.
  • Turkiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjonda turk harbiy bazasi ochilishi mumkin.
  • Xitoy bortida uch fazogir bo‘lgan «Shenchjou-12» kosmik kemasini qurilayotgan Xitoy kosmik stansiyasiga uchirdi.
  • Avstriyada 1 iyuldan boshlab komendantlik soati bekor qilinadi.