Emlash tadbirlarini talab darajasida o‘tkazish maqsadida Sanitariya-epidemiologiya xizmatining hisob-kitoblari asosida zaruriy sarflovchi vositalarni xarid qilish uchun 6 mlrd 782 mln 300 ming so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanishicha, bugungi kunda respublika bo‘yicha 3265 nafar shaxs koronavirus tufayli shifoxonalarda davolanyapti. Ularning 178 nafarini ahvoli o‘ta og‘ir, 375 nafarini ahvoli og‘ir deb baholanyapti.

“Koronavirus dastlabki aniqlangan kundan boshlab bugungi kunga qadar respublika bo‘yicha 9,5 mlndan ko‘proq aholi PZR usulida tekshirilgan. Bu salkam 30% aholini tekshirish degani”, — deya ma’lum qildi SES boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, PZR test topshirgan aholi soni 9 mln 553 ming 247 kishini tashkil etdi.

Qayd etilishicha, 3 iyundan boshlab Istanbul — Farg‘ona — Urganch — Samarqand yo‘nalishidagi avia qatnovlar, 10 iyundan boshlab Toshkent — Istanbul yo‘nalishidagi avia qatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash nazarda tutilgan. Shuningdek, Turkiya va Hindistondan keladigan insonlarda kasallik belgilari bo‘lmasa PZR testlarini o‘tkazmasdan, ularning qo‘lida mavjud ma’lumotlar asosida O‘zbekistonga kiritish rejalashtirilmoqda.

“Bundan tashqari, O‘zbekiston hududiga Turkiyadan kirib kelayotgan shaxslarga qo‘llanadigan karantin choralarini birmuncha yumshatish kabi tadbirlar amalga oshirilyapti”, — deya qo‘shimcha qiladi Otabekov.

Emlash jarayonida qatnashayotgan 4536 nafar shifokor (SSV telegram-kanalida bu raqam 4356 deya berildi) hamda 11539 nafar o‘rta tibbiyot xodimi “Xavfsiz immunizatsiya” dasturi bo‘yicha o‘qitilgan.

COVID-19ga qarshi vaksinalarni qo‘llash bo‘yicha 10 mln nusxa targ‘ibot materiallari o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida chop etilib, ulardan hozirda tibbiyot xodimlari va aholi foydalanmoqda.