Shavkat Mirziyoyev 8 iyun kuni madaniyat va ma’rifat sohalariga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati va “O‘zbekiston 24” telekanali xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, taqdimot davomida prezident Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida quriladigan kutubxona loyihasi bilan tanishgan. Avvalroq, “Gazeta.uz” Milliy bog‘ hududida joylashgan “Navro‘z” qabullar uyi o‘rnida 1,5 mln kitob fondiga ega kutubxona qurilishi kutilayotgani haqida xabar bergan edi.

Foto: Videodan lavha.

Loyihaga ko‘ra, Milliy bog‘ hududida 3 qavatli kutubxona qurilib, atrofida yashil hudud barpo etiladi. Qayd etilishicha, binoning birinchi qavatida san’at va axborot texnologiyalari, ikkinchi qavatda tarix, filologiya va dinga taalluqli, uchinchi qavatda ijtimoiy fanlarga oid adabiyotlar jamlanadi.

Foto: Videodan lavha.

“Ushbu kutubxona adabiyot, ilm-fan va san’atning turli yo‘nalishlariga oid bosma va elektron nashrlar, elektron hujjatlar, jami 1,5 milliondan ortiq kitoblar fondini qamrab oladi”, — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Foto: Videodan lavha

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘tkazgan taqdimotga ko‘ra, ushbu kutubxona prezident kutubxonasi maqomida ega bo‘ladi.

Foto: Videodan lavha

Davlat ahbari kutubxonani qurishda shaharsozlikning ilg‘or tajribalarini qo‘llash, keluvchilarga qulay sharoitlar yaratish zarurligini ta’kidlagan.

Shuningdek, Urganch shahrida Muhammad al-Xorazmiyning yangi haykalini va uning atrofida xiyobon barpo etish rejalashtirilgan.

Foto: Prezident axborot xizmati

Prezidentning 2020 yil 2 dekabrdagi qaroriga muvofiq, 2021 yilda O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligi nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan Toshkent shahrida san’atkor haykalini o‘rnatish belgilangan.

Foto: Videodan lavha

Taqdimotda shu borada Badiiy akademiya tomonidan tanlab olingan haykal eskizlari ko‘zdan kechirildi. “Haykallar o‘rnatiladigan xiyobonlarni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi”, — deyiladi davlat rahbari axborot xizmati bergan xabarda.