Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatriga direktor etib O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Aleksandr Bekjonov tayinlandi. Bu xaqda Madaniyat vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur tayinlov kecha Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi vakillari va teatr jamoasi ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda rasman e’lon qilingan.

“Yig‘ilish so‘nggida kuni kecha tavallud kunini nishonlagan ustoz san’atkorlarimiz O‘zbekiston xalq artisti Naima Po‘latova hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Turg‘un Beknazarovlar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 16 aprel kuni Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri sobiq direktori, O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov 58 yoshida vafot etgan edi.