O‘zbekistonda 348 ming nafardan ortiq inson koronavirusga qarshi to‘liq emlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati rahbari Furqat Sanayev AOKAda bo‘lib o‘tgan COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat, vaksinatsiya jarayonlari haqidagi brifingda ma’lum qildi.

Fuqarolar «Sputnik V» va Astra-Zeneca vaksinalari bilan ikki bosqichda emlanishsa, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan esa uch bosqichda emlanadi.

Qayd etilishicha, ikki oy mobaynida 2 million 69 ming 518 doza vaksina qo‘llanilgan bo‘lsa, shundan 348 ming 302 nafar kishi to‘liq bosqichlarda emlanib bo‘ldi.

Shundan:

  • AstraZeneca bilan 321 ming 906 nafar kishi;
  • ZF-UZ-VAC2001 bilan 494 nafar kishi;
  • «Sputnik V» vaksinasi bilan esa 25 ming 902 nafar kishi barcha bosqichlarda to‘liq emlandi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan 5 oyi davomida Toshkent shahar tez tibbiy yordam xizmatiga aholi tomonidan 433 ming 784 ta chaqiriq kelib tushgan. Shundan 5458 tasini koronavirus infeksiyasiga chalinganlikda gumon qilingan bemorlar tashkil etgan.

«Shu yilning aprel oyida pnevmoniya belgilari kuzatilgan va koronavirusga topshirgan testi musbat natija bergan 1732 nafar bemorga sifatli shoshilinch yordam ko‘rsatilib, ular tez tibbiy yordam xizmati orqali Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan», — deyiladi axborotda.

Aprel-may oylari davomida 2 million dozadan ortiq vaksina qo‘llanilib:

  • birinchi bosqichda — 1 354 785 nafar;
  • ikkinchi bosqichda — 714 239 nafar;
  • uchinchi bosqichda — 494 nafar fuqaro emlandi.

Aprel oyining oxirida 2-bosqich, may oyida esa 3-bosqich emlash jarayonlariga start berildi. Shu yilning 31 may holatiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab ikki oy davomida o‘zbekistonliklar:

  • 646 ming 116 doza AstraZeneca;
  • 1 million 351 ming 807 doza ZF-UZ-VAC2001;
  • 71 ming 595 doza «Sputnik V» vaksinasi bilan emlangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga:

  • AstraZenecaning — 660 ming doza;
  • ZF-UZ-VAC2001ning — 3,5 million doza;
  • «Sputnik V» vaksinasining — 170 ming doza partiyalari keltirilgan.

Shunday qilib, hozircha O‘zbekistonning vaksina zahirasi 4 million 330 ming dozaни tashkil qilmoqda.

«Reja asosida aprel oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari, Toshkent shahri va boshqa katta shaharlarda 65 yosh va undan oshgan fuqarolar va tibbiyot xodimlari ommaviy emlash tadbirlariga jalb qilingan bo‘lsa, keyinchalik tuman markazlari va kichik shaharlarda yashovchi aholi ham emlashga jalb etildi», — deydi Furqat Sanayev.

Keyinchalik yana uchta aholi qatlami — maktab, maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari hamda surunkali kasalligi bor fuqarolar ham emlana boshlandi.

Qayd etilishicha, 31 may holatiga ko‘ra, eng ko‘p emlangan aholi qatlami 65 yosh va undan oshgan fuqarolar bo‘lib, ularga ikki oy mobaynida 747 ming 201 doza vaksina qo‘llanilgan.

Ushbu aholi qatlamiga qo‘llanilgan vaksinalarning

  • 418 ming 797 dozasi 1-bosqichda;
  • 328 ming 286 dozasi 2-bosqichda;
  • 118 dozasi 3-bosqichda foydalanilgan.

Shuningdek, tibbiyot xodimlariga qo‘llanilgan vaksinalar miqdori ham yarim million dozadan oshib, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turibdi.

Ta’kidlanishicha, vaksinatsiyaning birinchi (aprel) oyida Farg‘ona viloyatida 123 ming doza, Namangan va Andijon viloyatlarida emlash ko‘rsatkichlari 90 ming dozadan oshgan edi. May oyi oxiriga kelib, Farg‘ona, Andijon, Namangan va Samarqand viloyatlarining har birida 200 ming dozaдан ortiq vaksina qo‘llanildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Navoiy va Sirdaryo viloyatlaridan tashqari barcha hududlarda 100 ming dozaдан ortiq vaksina qo‘llanilgan.