Xalqaro jurnalist Agneshka Pikulitska o‘z shaxsiy Twitter’ida TIV tomonidan uning akkreditatsiyasini uzaytirmaslik to‘g‘risidagi qaroriga munosabat bildirdi.

«Bugun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi akkreditatsiyani yangilashdan bosh tortganining ajablanarli joyi yo‘q. Ularning ta’kidlashicha, men fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitganman, etnik va diniy adovatni qo‘zg‘atib, mamlakatning ichki ishlariga aralashganman. Ular shuningdek, ushbu harakatlar bir qator qonunlarga, jumladan «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunga zid ekanligini ta’kidlashmoqda», — deb yozmoqda Agneshka Pikulitska.

Uning ta’kidlashicha, «bularning barchasi o‘tgan yili TIVda men duch kelgan zo‘ravonlik va voqealarni ijobiy tarzda yoritishim uchun menga o‘tkazilgan bosimlar» hamda «ikki oy davomida ijtimoiy tarmoqlarda radikallar va hukumat botlari tomonidan uyushtirilgan nafrat kampaniyalari, xavfsizlik xizmatlari tomonidan bosimlar va do‘stlarimga nisbatan repressiyalar fonida yuz bermoqda».

«So‘nggi uch yil davomida men bilan birga ishlagan va menga ergashgan odamlar bu mening ovozimni o‘chirishga urinish ekanligi hamda mamlakatda deyarli o‘zgarishlar bo‘lmaganligini anglatishini bilishadi. Ular shuningdek bu menga O‘zbekistondagi adolatsizlik va inson huquqlarining buzilishi haqida gapirishga xalaqit bermasligini ham bilishadi», — deya ta’kidladi Agneshka Pikulitska.

«Jurnalist sifatida men uchun ushbu rad etilish holati kam ahamiyatga ega. Garchi bu ularning vazifasi bo‘lsa-da, akkreditatsiya olganimdan beri, TIV menga mansabdor shaxslardan intervyu olishda hech qanday yordam bermadi», — dedi u.

Jurnalist so‘nggi bir necha oy ichida uni qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildirdi va «so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlovchi barcha inson huquqlari bo‘yicha guruhlar va tashkilotlarga shu ayonki, ushbu rad etilish holati faqatgina O‘zbekiston o‘zgarishlarga intilmayotganligini anglatadi», — deya qo‘shimcha qildi.

Ma’lumot uchun, 2 iyun kuni Tashqi ishlar vazirligi polshalik jurnalist Agneshka Pikulitska tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining buzilishi holatlari qayd etilganligi» sababli uning akkreditatsiyasini uzaytirmaslikka qaror qilganini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida IIV Agneshka Pikulitskani so‘nggi vaqtlarda sodir bo‘layotgan voqealarni noto‘g‘ri talqin qilishda va huquqni muhofaza qilish idoralarini obro‘sizlantiradigan ma’lumotlarni nashr etishda ayblagan edi.

Fevral oyi boshida mustaqil jurnalist Agneshka Pikulitska-Vilchevska O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi unga akkreditatsiya bermaganligini ma’lum qilgan edi. Keyinchalik, TIV polshalik jurnalistdan uzr so‘ragan edi va uning akkreditatsiyasi rasmiylashtirilgan edi.